Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident qarorining «andijoncha» ijrosi. Yoki mahalliy budjetga «tuynuk» ochishning «innovatsion» usuli haqida

Prezident qarorining «andijoncha» ijrosi. Yoki mahalliy budjetga «tuynuk» ochishning «innovatsion» usuli haqida

Foto: Xabar.uz

Andijon tomonlarga yo‘li tushganlar ko‘rgan bo‘lsa kerak: ikki yildan buyon viloyat markazidagi ko‘chalarga sirti diod yoritkichli simlar bilan qoplangan, ya’ni tunda yonib turuvchi yo‘l belgilari o‘rnatilmoqda. Belgilarning «suhan-sumbati» bir qarashda e’tiborni tortadi, yaltir-yultir mayda chiroqlari bilan ko‘chalar qiyofasiga «zeb» berib turadi, go‘yo...

Andijon shahri bo‘ylab ommaviy, ayrim tumanlarda esa qisman amaliyotga tatbiq etilgan yangilikning afzalliklari, iqtisodiy samaradorligi nimalarda ko‘rinadi?

Ayni savolga javob izlashdan avval sohaga doir tartib-taomillar xususida gaplashsak.

Davlat rahbarining 2017 yil 11 iyuldagi «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida zikr etilayotgan mavzu bilan bog‘liq vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan. Ayni hujjatga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha tashkilotlar uchun yo‘l belgilari, axborot ko‘rsatgichlari, yo‘l harakatini tartibga solishning boshqa texnik vositalarini ishlab chiqarish faqat «Uzavtoyo‘lbelgi» davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur korxonaning ta’sischisi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi hisoblanadi.

Qarorda belgilanganki, Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda o‘rnatilgan yo‘l belgilari xatlovdan o‘tkazilib, bosqichma-bosqich zamonaviy yuqori intensiv (nur qaytaruvchi) qoplamali (!) yo‘l belgilariga almashtirilishi darkor. Aytish joiz, uch yildan buyon mamlakat bo‘yicha katta-kichik yo‘llarda birin-ketin nur qaytargich qoplamali, ya’ni avtomobil chiroqlari yorug‘ida tunda ham uzoqdan yaqqol ko‘zga tashlanuvchi belgilar o‘rnatib borilyapti.

Andijon shahrida esa Prezident qarori negadir teskari ijro etilib, hujjatda nazarda tutilgani kabi emas, aksincha, yuqorida zikr etilgan diod yoritkichli belgilar paydo bo‘la boshladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Andijon viloyati hokimligi huzuridagi Maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasi yo‘l belgilari, harakatni tartibga soluvchi svetofor va boshqa texnik vositalarni o‘rnatish, ta’mirlash kabi vazifalar bilan shug‘ullanadi.

Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yili zamonaviy yo‘l belgilari o‘rnatish bilan bog‘liq yumushlarni bajarish uchun Maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasiga mahalliy budjetdan 800 million so‘m yo‘naltirilgan. Bo‘linma esa mazkur mablag‘ga yo‘l belgilari sotib olish uchun «Uzavtoyo‘lbelgi» davlat unitar korxonasi bilan shartnoma tuzishni «unutib», davlat xaridlari portalida auksion e’lon qilib yuboradi.

Auksionda «Milano gold ekspress» xususiy korxonasi g‘olib bo‘ladi hamda buyurtmachiga yuqorida so‘z borgan diod sim bilan qoplangan yo‘l belgilarini yetkazib beradi. Mazkur korxona shu kunga qadar Maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasi tomonidan berilayotgan davlat buyurtmalarini bajarishda faol ishtirok etib kelyapti.

Ochiq ma’lumotlar asosida o‘tkazgan surishtiruvlarimizga ko‘ra, pudratchi korxona hisoblanmish «Milano gold ekspress»ning ta’sischisi va rahbari Mayramxon Jabborova hisoblanadi. Gap shundaki, Mayramxon Jabborova buyurtmachi tashkilot – Maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasi rahbari Komil Jabborovning onasidir. Shunga qaramay, budjetning millardlab mablag‘larini sarf etishda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelganligiga na mahalliy hokimlik, na prokuratura e’tibor bermayotganiga nima deysiz?!

Savol tug‘iladi: tadbirkor ishlab chiqarayotgan belgilar «Uzavtoyo‘lbelgi» DUKning mahsulotlariga nisbatan sifatli va iqtisodiy jihatdan tejamkordir balki?

«Uzavtoyo‘lbelgi» DUK tomonidan ishlab chiqarilayotgan nur qaytargich xususiyatga ega yo‘l belgilariga hajmi va shakl-shamoyiliga qarab 350 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha oraliqda narx qo‘yilmoqda hamda o‘n yillik kafolati bor.

Andijonda yaratilgan «kashfiyot» esa davlat standarti talablariga javob bermasligi barobarida, har biri davlatga 1 million 300 ming so‘mdan 1 million 500 ming so‘mgacha narxda yetkazib berilayotir. Demak, davlat va tadbirkor mahsulotlarining narxlari o‘rtacha 1 million so‘m atrofida farqlanyapti.

Hozirga qadar Andijon bo‘ylab katta-kichik ko‘chalarga «Milano gold ekspress» xususiy korxonasining mingdan ortiq mahsulotlari o‘rnatildi. Demak, Prezidentning yuqorida zikr etilgan qaroriga ters xatti-harakat hamda manfaatlar to‘qnashuvi oqibatida mahalliy budjet kamida 1 milliard so‘m atrofida ziyon ko‘ryapti. Bir vaqtda ham buyurtmachi, ham pudratchi sanalmish Komil Jabborov esa «Qo‘ynimdan to‘kilsa, qo‘njimga» qabilidagi ish tutumiga qattiq rioya etayotgani bois yo‘llarda belgilar soni kun sayin ko‘payib boryapti.

Yana bir muhim jihat: xususiy korxona ishlab chiqargan ayrim belgilarning ranglari diod simlar ta’sirida chaplashib, noqulayliklar tug‘dirayotgani, qolaversa, yoritkichlari vaqti-vaqti bilan kuyib qolishi mumkinligi kuzatilmoqda. Mazkur mahsulotlar tabiiy ravishda nur qaytarish xususiyatiga ega bo‘lmaganligi bois chiroqlari ishlamay qolgan paytda qorong‘ida ilg‘ash qiyinligi ham tajribadan o‘tdi.

Ayni jumlalar muallifi tomonidan shahar ko‘chalaridagi belgilarni tasvirga tushirish chog‘ida kichik eksperiment o‘tkazildi. Jumladan, tunda ob’yektiv «Uzavtoyo‘lbelgi» DUKning mahsulotlariga to‘g‘rilangan pallada fotoapparat yorug‘ligi ta’sirida nur qaytargich qoplamali belgilar suratlarda aniq-tiniq ko‘zga tashlandi. Xususiy korxona tomonidan o‘rnatib berilgan va bir muddat avval diod yoritkichi kuyib qolgan belgilarda esa aksincha, xira tasvirlar namoyon bo‘ldi. Xulosaki, aslida «innovatsion loyiha» deya ta’riflangan «Andijoncha» yo‘l belgilarining nainki narx-navosi, sifati ham katta so‘roq ostida!

O‘rni kelganda tashkilot faoliyatiga doir yana ikki muammoni aytmasak bo‘lmas.

Andijon shahri markaziy ko‘chalarida tirbandlikning oldini olish maqsadida yo‘l chiziqlari oralig‘i qisqartirilib, uch polosali yo‘llar o‘rnida to‘rtta polosali qatnovga ruxsat berildi. Mayli, hozir gap chiziqlar orasidagi masofaning standart talablariga javob berishida emas, balki ishlatilayotgan bo‘yoqning sifati qay darajada ekanligida! Ya’ni Maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasi tomonidan chizilayotgan yangi chiziqlar o‘chirilayotgan eski chiziqlardan ko‘ra tezroq xiralashib bormoqda.

Ikkinchi muammo shuki, ayrim svetoforlar sozlovdan chiqib, bir vaqtning o‘zida har uchala rang teng yonishi ko‘zga tashlanyapti. Shu bilan birga, markaziy ko‘chalarda piyodalar o‘tishi uchun belgi beruvchi svetoforlar ikki-uch kun, ba’zan haftalab o‘chib turish hollari kuzatilmoqda. Maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘linmasining ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan xodimlaridan biri bu jarayonni tashkilotda belgilar va texnik vositalarning kundalik qarovi va nazorati hamda svetoforlarni vaqti-vaqti bilan yuvib-tozalashga doir rejali ishlar izdan chiqqanligi, aksincha, aksariyat xodimlar rahbariyat tomonidan yoritkichi kuygan belgilarni tuzatishga safarbar etilayotgani bilan izohladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi ortidan budjetga ziyon yetkazayotgan, o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilot xodimlarini ishdan bezdirayotgan davlat idorasi amaldorining xatti-harakatlari yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, prokuratura va ichki ishlar organlari hamda Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasining munosabati suv va havodek zarurga o‘xshayapti.

 Nurillo No‘’monov, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring