Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tramp BMT minbarida yolg‘on gapirdi

Tramp BMT minbarida yolg‘on gapirdi

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp BMT Bosh assambleyasida joriy yil 23 sentyabr kuni so‘zlagan ma’ruzasida yolg‘on va chalg‘ituvchi fakt hamda fikrlarni ilgari surdi. Trampning bayonotini tahlil qilgan “Euronews” telekanali ana shunday xulosa kelgan.

Tramp nutqi mobaynida Yevropa yetakchilarini migratsiya siyosati uchun tanqid qilar ekan, “muqarrar halokat”dan bahs etgan.

“Chegaralarni ochish bilan bog‘liq muvaffaqiyatsiz eksperimentga chek qo‘yish vaqti keldi. Buni hoziroq to‘xtatishingiz kerak. Sizlarning mamlakatlaringiz do‘zax tomon ketmoqda”, – deya vahima ko‘targan Tramp Yevropa yetakchilariga xitob qilarkan.

Yevropa statistika idorasi tahlillariga qaraganda, 2024 yilda Yevropa Ittifoqi aholisining 9,9 foizini xorijda tug‘ilgan muhojirlar tashkil etgan.

Muqoyasa uchun: 2025 yilning yanvarida AQSh aholisining 15,8 foizi xorijliklar yoki muhojirlardan iborat bo‘lgan. Demak, muhojirlar borasidagi vaziyat YeIga qaraganda AQShning o‘zida qaltisroq.

Tahlilchilar statistikadan qat’i nazar, migratsiya fenomenini butunlay qora bo‘yoqda tasvirlash oqilona ish emas deb hisoblaydi.

Tramp nutqi mobaynida Buyuk Britaniya poytaxti London shahri hokimi Sodiq Xonni keskin tanqid qilar ekan, u Londonda “shariat qonunlari hukmronligini o‘rnatish”ga urinayotganini aytgan.

Sodiq Xon Londonda islom dinini majburan yoyish uchun harakat qilayotgani haqidagi yolg‘on ma’lumot ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pdan buyon tarqatilib keladi. Tramp ham ushbu bahsli fikrni haqiqat o‘laroq taqdim etishga uringan.

Ushbu iddaoni rad etgan London hokimi Sodiq Xon AQSh prezidentini irqchi va islomofob deb atagan.

Tramp Rossiyaning Ukrainaga bosqini haqida gapirar ekan, har hafta har ikki tomondan 5000-7000 askar halok bo‘layotganini ta’kidlagan.

Ekspertlar fikricha, bu raqam ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aslida, Rossiya va Ukraina armiyasi har hafta o‘rtacha 1850 askardan ayrilmoqda.

AQSh rahbari BMT minbaridagi chiqishida Yevropa davlatlari global isishga qarshi olib borayotgan kurashni qoralab, iqlim o‘zgarishi haqidagi fikrlarni “dunyodagi eng katta firibgarlik” deya iddao qilgan.

“Yevropada har yili issiq urushidan 175 mingdan ziyod kishi vafot etmoqda. Chunki odamlar xarajatlar qimmatligidan konditsioner ham yoqa olmaydi. Buni nima deb izohlash mumkin? Bu men bilgan va men sevgan Yevropa emas. Bularning bari global isish deb atalgan afsonani go‘yo to‘xtatishga qaratilgan harakatlardir”, – deya minglab nufuzli ekspertlar ochiq-oshkora tasdiqlagan global isish hodisasini rad etishga uringan u.

“Nature Medicine” tibbiy jurnalida chop etilgan tadqiqotda qayd etilishicha, 2024 yilda Yevropada bevosita jazirama sababli 62700 kishi vafot etgan.

Yevropaning atrof-muhit bo‘yicha agentligi ko‘hna qit’a dunyoning boshqa mintaqalariga qaraganda tezroq isib borayotgani haqida bong urmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Tramp BMTdagi nutqi mobaynida dunyodagi uzoq davom etgan yettita urushni tugatganini ham da’vo qilgandi.

AQSh rahbari ma’ruza va bayonotlarida aldov aralashtirishi yangilik emas. Hatto birinchi prezidentlik davrida ham u yolg‘on-yashiqdan u qadar tortinmagan. Masalan, CNN telekanali 2019 yilda Tramp bir hafta davomida 21 marotaba yolg‘on gapirganini hisoblab chiqqandi.

Siyosatchi o‘tgan yil iyun oyida Jo Bayden bilan saylovoldi teledebatda ham 30 ta yolg‘on bayonot bergani ma’lum.

Darvoqe, 79 yoshli Tramp so‘nggi vaqtlarda davlatlar nomlari, jug‘rofiy atamalar borasida qator xatolarga ham yo‘l qo‘ymoqda. Bu kabi xatolar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda uning aqliy salohiyati borasida savollar yangrayotgani aytilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring