Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev Buxoroda yangi institut tashkil etishni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev Buxoroda yangi institut tashkil etishni topshirdi

Foto: «President.uz»

Ayni paytda Buxoroda bo‘lib turgan Shavkat Mirziyoyev qorako‘lchilikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Buxoro qorako‘lchilikning asl vatani ekani, mahalliy aholi ilgaridan bunday mahsulotlarni butun dunyoga sotib, katta daromad topganini qayd etdi. Bu sohada yo‘qolib borayotgan naslchilik va tajribani qayta tiklash, cho‘pon va tikuvchi hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. Qorako‘lchilik bo‘yicha institut va jamg‘arma, Buxoroda zavod tashkil etish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Buxoro tumanida viloyatda amalga oshiriladigan iqtisodiy loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Chorvachilik, parrandachilik, ipakchilik, echkichilik, asalchilik va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish, paxta maydonlarini qisqartirish va meva-sabzavot yetishtirishni ko‘paytirish hisobiga eksport salohiyatini oshirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan rejalar haqida ma’lumot berildi.

Yana bir diqqatga sazovor loyiha — tut bargidan foydali choy ishlab chiqarishga doir. Mutaxassislarning fikricha, tut bargida kofein va tanin moddasi odatdagi choydan 200 barobar kam. Vitamin va minerallar esa aksincha ko‘proq, deyiladi Prezident axborot xizmati xabarida.

Prezident bu loyihani ma’qullab, bunday choy aholi salomatligi uchun foydaliligi, import o‘rnini bosishi bilan alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Buxoroda o‘rmon xo‘jaligi yo‘nalishida ham katta imkoniyatlar mavjud. Yurtimizda o‘sadigan shifobaxsh ne’matlar ko‘plab sohalarda keng qo‘llaniladi. Xususan, sistanxe va isiriq o‘simligiga xorijiy farmatsevtika korxonalarida talab yuqori. Birgina sistanxening dorivor xususiyati jenshen o‘simligiga qaraganda besh barobar yuqoriligiga e’tibor qaratildi.

Shavkat Mirziyoyev bunday tabiiy imkoniyatlarni to‘la ishga solish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring