Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jarqo‘rg‘onda hokim va tuman IIB rahbarlari sudyalarni masxaraladi, haydovchisiga kuch ishlatildi

Jarqo‘rg‘onda hokim va tuman IIB rahbarlari  sudyalarni masxaraladi, haydovchisiga kuch ishlatildi

Foto:«O‘zA»

Jarqo‘rg‘onda tuman hokimi Z. Davlatov - bosh, tuman IIB boshlig‘i B. Xidirov va uning o‘rinbosari Sh. Azizberdiyev yonbosh bo‘lib, tuman jinoyat va ma’muriy sudlari raislarini omma oldida obro‘sizlantirildi. Kamida tuman sud haydovchisi R. Rahimnazarovga nisbatan kuch ishlatilib, bir muddat qamab qo‘yildi hatto!

Voqelik 2020-yilning 10-iyul kuni  soat 8.30 atrofida ro‘y bergan. Shu vaqtda ishxonasiga ketayotgan sud raislarining xizmat avtomashinasi tuman markaziga kiraverishdagi blokpostda to‘xtatiladi. Shu yerda bo‘lgan hokim Z. Davlatov Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasi qaroriga zid ravishda, tuman sudi xizmat avtomashinalarini postdan o‘tkazmay, xizmat avtomashinasi daxlsizligini buzib, yo‘ldan o‘tishga to‘sqinlik qiladi. So‘ng xizmat avtomashinasining orqa o‘ng eshigini ochib, qo‘lidagi uyali aloqa telefoni bilan tasvirga tushirib, postdan o‘tish uchun navbat kutib turgan tirband fuqarolar oldida sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirishga uringan (mana, ko‘rib qo‘yinglar, sudyalarning o‘zi karantin qoidalarini buzmoqda, degan ma’noda!).

Bu orada tuman sudining haydovchisi R.Rahimnazarovga kuch ishlatilib, uning qo‘lidagi mashina kalitini tortib olinadi. So‘ng IIB boshlig‘i o‘rinbosari Sh. Azizberdiyev tuman sudiga tegishli mashina boshqaruvini qo‘lga olib, orqa o‘rindiqqa haydovchini «bosgan» (ikki nafar IIB xodimi yordamida) holda IIB binosiga kelishadi. Yo‘l-yo‘lakay haydovchini haqoratlab ketgan Sh. Azizberdiyev tuman IIB binosiga kelgach, uni  vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga qo‘yadi.

Haydovchi R. Rahimnazorovga ko‘ra, IIB binosiga kelgach, Sh. Azizberdiyev unga jismoniy kuch ishlatib, yerga yoqizadi va tirsagi bilan uning bosh qismini bosib, «seni qamoqqa olayin, keyin sayrataman», deya  ochiqdan ochiq tahdid qiladi.

2020-yil 10-yuldagi 442-sonli sud-tibbiy tekshiruvi dalolatnomasiga ko‘ra, R.Rahimnazarovning badanida qontalash va shilinma aniqlanib, yengil tan jarohati olingani aniqlangan.

Ayni paytda Jarqo‘rg‘on tumani hokimi Z.Davlatov, tuman IIB boshlig‘i B.Xidirov, o‘rinbosari Sh.Azizberdiyev va boshqa aloqador xodimlarga nisbatan sud xodimiga qasddan yengil tan jarohati yetkazish, sudya va sud xodimlarini obro‘sizlantirish, sudyaning xizmat avtomashinasi daxlsizligini buzish va boshqa holatlarga qonuniy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar Surxondaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

Voqelik bo‘yicha «Xabar.uz» bilan suhbatlashgan Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov  Jarqo‘rg‘on tumani hokimi va tuman IIB rahbarlarining xatti-harakatlarini hech nima bilan oqlab bo‘lmasligini ta’kidlab, buni sud hokimiyati mustaqilligiga qilingan ochiqdan ochiq tahdid deb baholadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring