Markaziy bank kiberhujumlar borasida bayonot berdi
Hozirgi vaqtda tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari hamda to‘lov tizimi operatorlarining axborot tizimlariga nisbatan bunday kiberhujum sodir etilgani qayd etilmagan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 3 fevral kuni xakerlar tomonidan kiberhujum amalga oshirilgani hamda ko‘plab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari tarqalib ketgani haqida turli xabarlar tarqalmoqda.
Shuni ma’lum qilamizki, hozirgi vaqtda tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari hamda to‘lov tizimi operatorlarining axborot tizimlariga nisbatan bunday kiberhujum sodir etilgani qayd etilmagan", deyiladi Markaziy bank bayonotida.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolardan quyidagilarga qat’iy amal qilish so‘ralgan:
- noma’lum va shubhali manbalarda tarqatilayotgan havolalarga kirmaslik;
- shaxsiy ma’lumotlar (bank karta rekvizitlari, SMS-kodlar, parollar)ni hech kimga bermaslik;
- faqat rasmiy manbalar orqali e’lon qilinadigan axborotlarga ishonish;
- shubhali holatlarga duch kelganda tegishli vakolatli organlarga murojaat qilish.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda hukumat tizimlariga qarashli veb-sahifalardan 15 million nafar O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlangani va «Dark Web»ga joylashtirilgani haqida xabarlar tarqalgandi.
Keyinroq Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot tizimlariga taalluqli ayrim ma’lumotlar Internet tarmog‘iga chiqib ketganini izohlagandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter