Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident elektr energiyasi o‘chgan vaziyatda qanday yo‘l tutganini so‘zlab berdi

Prezident elektr energiyasi o‘chgan vaziyatda qanday yo‘l tutganini so‘zlab berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun videoselektor o‘tkazdi. Davlat rahbari yig‘ilish davomida kecha yuzaga kelgan elektr energiyasi uzilishi vaqtida qanday yo‘l tutgani va o‘sha vaziyatdagi ichki kechinmalari haqida gapirib o‘tdi.

«Biz bugun global dunyoda yashamoqdamiz. Global olamda hamma narsa bir-biriga bog‘liq. Har bir odamning hayoti butun insoniyat hayoti bilan yanada ko‘proq bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Mana, kuni kecha elektr ta’minoti bo‘yicha sodir bo‘lgan texnik uzilish bir zumda butun mintaqa hayotida kuchli aks-sado berganiga barchamiz guvoh bo‘ldik. Men shuncha yil bu yurtda yashab, rahbar lavozimida ishlab, bunaqasini hali ko‘rmagandim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari uzilish yuzaga kelgani hamono vaziyatni o‘nglash uchun keng miqyosda ish boshlanganini ta’kidlab o‘tdi.

«Bu avariyadan o‘sha zahotiyoq xabar topib, darhol Hukumat komissiyasini tuzishga topshiriq berdim. Komissiya, tarmoq va hudud rahbarlari bilan doimiy muloqotda bo‘lib turdim va avariya hamda uning iqtisodiyot va aholi hayotiga salbiy ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni shaxsan nazoratimga oldim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari tomonidan ta’kidlanishicha, bunday «ekstremal» vaziyatda, energetika, neft-gaz, kommunal soha, transport, hokimliklar, sog‘liqni saqlash, favqulodda vaziyatlar va huquq-tartibot idoralari, ommaviy axborot vositalari o‘zaro bahamjihat ishlagani hisobiga avariya oqibatlari bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda. Prezident yig‘ilish davomida tezkor ish olib borgan ommaviy axborot vositalariga va sarosimaga tushmasdan, vaziyatni to‘g‘ri qabul qilgan xalqimizga minnatdorchilik bildirdi.

«Shu bilan birga, bunday holatda xalqimiz ham vaziyatni to‘g‘ri qabul qilib, sarosimaga tushmadi.

Fursatdan foydalanib, avvalo sabr-toqatli xalqimizga, shuningdek, ushbu vaziyatni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatgan barcha soha va idoralar xodimlariga, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident hodisadan to‘g‘ri xulosa qilib, mavjud tahdid va muammolarni bartaraf etishga doim tayyor turish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

«Tinch-osoyishta hayot osmondan tushmaydi. Bu hayotni qadrlash, asrab-avaylash, bu hayotni himoya qilish kerak. Buning uchun hech qanday mablag‘ni ayamaymiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring