Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Farzandlari ta’minotidan «qochgan» ota qonunga «tutildi»

Farzandlari ta’minotidan «qochgan» ota qonunga «tutildi»

foto: istockphoto.com/ru

Keyingi paytlarda otalik burchini unutgan, balki uni qasddan inkor etayotgan shaxslar ko‘paymoqda. Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudida ko‘rib chiqilgan fuqaro U.E.ga tegishli ish ana shunday holatlarning alamli misoli.

Sud hujjatlariga ko‘ra, U.E. 2012-yilda Sh.I. bilan rasmiy nikohdan o‘tgan. Bu uning birinchi nikohi bo‘lib, ular o‘rtasida uch nafar farzand dunyoga kelgan. U.E. birinchi nikohidan rasmiy ajralmay turib, ikkinchi xotinga ham uylangan. Nikohsiz oilasidan otalik belgilangan ikki nafar farzandi borligi sud-tergov davomida oshkor bo‘lgan. Ikki xotin, bir nikoh va besh nafar farzandi boru, mas’uliyati yo‘q U.E. moddiy yetishmovchilik, ishsizlik va ichkilikbozlik kabi bahonalar ortida yashirinib yurgan. Farzandlarining ta’minotidan butunlay yuz o‘girgan. Ijtimoiy tartib-odobni buzib, hatto, yaqinlariga zo‘ravonlik qilib yashagan «ota»ning xatti-harakatlari 2021-yilda G‘ijduvon tumanlararo sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.  Davlat ijrochilari tomonidan qarzdorga bir necha bor tushuntirish ishlarini olib borilgan. Ma’muriy va jinoiy javobgarlik borligi haqida rasman ogohlantirilgan.

Biroq, U.E. bu ogohlantirishlarni ham e’tiborga olmagan. 2024-yil, sentyabrda 49 million so‘mdan ortiq aliment qarzini to‘lamagani uchun 15 sutka ma’muriy qamoq jazosini olgan. Ammo, qamoqdan keyin ham vaziyat o‘zgarmagan. 2024-yil avgustidan 2025-yil iyuligacha yana aliment to‘lamay yurgan. Bu davrdagi qarz miqdori 34 million so‘mdan oshgan. Umumiy aliment qarzi esa 83 million so‘mni tashkil qiladi.

Sud majlisida jabrlanuvchi Sh.I.ning ko‘rsatmasida keltirilishicha, U.E. nafaqat, aliment to‘lamaslik, balki farzandlariga nisbatan ma’naviy va jismoniy bee’tiborlik ham qilgan. U spirtli ichimliklarga berilib, uyda janjal ko‘tarib, uy jihozlarini sotib yuborishgacha borgan. Natijada Sh.I. farzandlarini olib, ota uyiga qaytishga majbur bo‘lgan. Sudda u U.E. birinchi turmush o‘rtog‘iga «Farzandlaringni o‘zing boq!» deya do‘q urgan.

Ota sifatida faqatgina moddiy mas’uliyatsizlik emas, balki insonparvarlikni ham yo‘qotgan U.E.ga nisbatan sud o‘z ayblovini chiqargan. Aliment qarzining to‘liq undirilishi belgilangan – 83 709 602 so‘m. Shu bilan birga, sud ijro hujjati yuzasidan majburiy ijro harakatlarini davom ettirishni ham rasmiy ravishda ko‘rsatib o‘tgan.

«Bu fuqaroning hayot yo‘li, nafaqat, qonun, balki insonlar qalbi uchun ham ogohlantirishdir. Ota-ona bo‘lish – bu faqat biologik jarayon emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash, tarbiyalash va himoya qilish hamdir. Farzandlarni ta’minotisiz qoldirish – jinoyat. Har bir yurtdoshimizni oilaviy mas’uliyatni anglashga, farzandlarga nisbatan insoniy burchini unutmaslikka va qonun talablariga amal qilishga chaqiramiz»,– deydi Buxoro viloyati sudi axborot xizmati rahbari Feruz Sharopov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring