Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

IIBB internetda tarqalgan ayblovga javob qaytardi

IIBB internetda tarqalgan ayblovga javob qaytardi

Internet tarmog‘ida, xususan «Uzxalqharakati.com» saytida Sh.Boyqunusova nomidan murojaat tarqatilgan bo‘lib, unda Sh.Boyqunusovaga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishi yuzasidan tergov noxolis olib borilgani, guyoki protsessual hujjatlar soxtalashtirilgani ta’kidlangan, deyiladi Toshkent shahar IIBB xabarida.

Qayd etilishicha, jabrlanuvchilar tomonidan Toshkent shahrining bir nechta tuman Ichki ishlar idoralariga yozilgan arizalar asosida hech qayerda ishlamaydigan, 1981-yilda tug‘ilgan Sh.Boyqunusovaga nisbatan 5 ta holatda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sh.Boyqunusova va uning jinoiy sheriklari jabrlanuvchilarni aldab, ularning plastik kartalardagi pul mablag‘larini naqdlashtirib berish bahonasi bilan qo‘lga kiritib, plastik kartochkalardan yechilgan pullarni o‘z ehtiyojlariga ishlatishgan. Yetkazilgan zararning umumiy miqdori 397 million 970 ming so‘mni tashkil etgan. Gumonlanuvchi tariqasida jalb etilgan Sh.Boyqunusova tergovga kelishdan va yetkazilgan zararni qoplashdan bo‘yin tovlab kelgan.

Shu sababli 2018-yil 2-aprel kuni u Toshkent shahar IIBBga taklif etilib, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 227-moddasi tartibida (surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorning qarori asosida ushlab turish) ushlangan va vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. 3-aprel kuni unga Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan ayblov e’lon qilingan. 4-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Sud jarayonida aybdor deb topilgan Sh.Boyqunusova yetkazilgan zararni qoplagan va shu sababli 2018-yil 18-oktyabr kungi hukm bilan sud tomonidan unga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turi tayinlangan, ya’ni u ish haqidan 20 foizini ushlab qolish sharti bilan 2 yil 2 oy 13 kunga axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan. Ushbu hukm 2018-yil 28-oktyabr kuni qonuniy kuchga kirgan.

«Shu bilan birga, ichki ishlar vaziri nomiga keltirilgan ayblovlarni asossiz va nomaqbul deb hisoblaymiz, chunki tergov qonun doirasida, har tomonlama, to‘la va xolisona olib borilgan  bo‘lib, bu sud hukmi bilan o‘z tasdig‘ini topgan. Sud hukmidan norozi bo‘lgan taqdirda har kim qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega», deyiladi IIBB xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring