Iqtidorli o‘quvchilar o‘rniga o‘g‘li va jiyanini xorijga yuborgan amaldor ishdan olindi
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov lavozimidan ozod etildi.
Qayd etilishicha, 2026 yil fevral oyi boshida Sankt Peterburg shahrida o‘tkazilgan “Alvon yelkanlar” bitiruvchilar bayramiga Samarqand viloyatidan iqtidorli o‘quvchilar o‘rniga mansabdorlarning farzandlari va yaqinlari yuborilgan. Delegatsiya tarkibiga boshqarma rahbarining o‘g‘li va jiyani ham kiritilgani aniqlangan.
Dastlabki o‘rganishlar natijasida uch nafar o‘quvchining ota-onasidan, jumladan, viloyat rahbaridan jami 28 million so‘m mablag‘ budjetga qaytarilgan.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida Muzaffar Hamdamov va boshqarmaning bir qator mas’ul xodimlari “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Vazirlar Mahkamasining 595-son qarori bilan tasdiqlangan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari talablariga zid harakatlarga yo‘l qo‘ygani qayd etilgan.
Qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida boshqarma boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Shuningdek, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari, bir qator bo‘lim boshliqlari va mutaxassislariga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash yuzasidan vazirlikka taklif kiritilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter