Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Karantin cheklovlari qonunga zidmi?

Karantin cheklovlari qonunga zidmi?

Foto:«Elgezit»

Fuqarolarimizning aksari koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida kiritilgan cheklovlarni ijobiy qabul qilmoqdalar. Odamlar bu zarur va majburiy choralar ekanini va ularni qabul qilmasak, oqibati ayanchli bo‘lishini yaxshi anglamoqdalar.

Chindan ham pandemiya tufayli ro‘y berayotgan o‘lim holatlari soni butun dunyoda ortib bormoqda. Vaziyat Yevropada kasallikni profilaktika qilish va nazoratga olish markazi tarqatgan grafikda ham yaqqol o‘z aksini topgan.

Koronavirusdan yuzaga kelgan ayon xavfga qaramay, ayrim shaxslar O‘zbekistonda joriy etilgan karantin chora-tadbirlarini tanqid qilmoqdalar. Ularning fikricha, Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanishni vaqtincha cheklash bo‘yicha qarori Konstitiutsiya va qonunlarga zid. Va go‘yoki “hech bir maxsus tuzilgan komissiya, har qanday yaxshi niyat bilan bo‘lsa ham, insonlarning konstitutsion huquqlarini cheklash vakolatiga ega emas”.

Ammo istalgan huquqshunosdan so‘rasangiz, bu xulosaning noto‘g‘ri ekanini osongina isbotlab beradi.

Karantin choralarini joriy etish asoslari va tartibi allaqachon qonunchilikda belgilab qo‘yilgan. Birinchi navbatda, gap “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonun haqida boradi. Ushbu Qonunning 3-moddasiga ko‘ra cheklovchi tadbirlar yoki karantin deganda “yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan, xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan ma’muriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar” nazarda tutiladi.

Qonunning 31-moddasida ko‘zda tutilishicha, yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo bo‘lish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar bosh davlat sanitariya vrachlarining, ular o‘rinbosarlarining taqdimnomasiga ko‘ra tegishli hududlarda yoki ob’yektlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining mamlakatda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashdagi vakolatlari “O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunida ham belgilab qo‘yilgan.

Cheklovchi tadbirlarni joriy etgan Maxsus komissiya O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan boshqariladi va asosan Hukumat a’zolaridan tarkib topgan. Ushbu Komissiya tomondan zarur chora-tadbirlarning joriy etilishi yuqorida ko‘rsatilgan qonun hujjatlari talablariga mos keladi.

***

Kuni kecha ko‘plab xorijiy ommaviy axborot vositalari London Imperiya kolleji tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalarini chop etdi. Olimlarning xulosalariga ko‘ra, 11 ta G‘arbiy va Shimoliy Yevropa mamlakatlarida koronavirusga qarshi kurash doirasida fuqarolarning va transport vositalarining harakatlanishiga qo‘yilgan cheklovlar hamda ushbu mamlakatlar hukumatlari tomonidan qo‘llangan boshqa chora-tadbirlar natijasida mazkur davlatlarda mart oyining oxiriga kelib 21 000 nafardan 120 000 nafargacha insonning hayoti saqlab qolingan.

Jahongir Dadajonov,
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring