Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

  2050 yil avlodi: O‘zbekistonning ertangi farovonligi bugungi sarmoyalarga bog‘liq

  2050 yil avlodi: O‘zbekistonning ertangi farovonligi bugungi sarmoyalarga bog‘liq

foto: YuNISEF

Iqtisodchilar orasida «Xekman grafigi» degan tushuncha bor. Uning mazmuni oddiy: inson hayotining eng erta bosqichida kiritilgan 1 dollar sarmoya, keyinchalik oliy ta’lim yoki malaka oshirishga tikilgan 100 dollardan ko‘proq foyda keltiradi. Bolalikka sarmoya kiritish oddiy ijtimoiy xarajat emas, bu dunyodagi eng yuqori dividend beradigan strategik loyihadir.

Bu nazariy qarashlar Toshkentda bo‘lib o‘tgan YuNISEF, Jahon banki va rivojlanish bo‘yicha asosiy hamkorlarning  muloqotida o‘zining amaliy tasdig‘ini topdi. Tadbirda taqdim etilgan «Markaziy Osiyoda 2050-yil avlodi» hisoboti O‘zbekiston uchun naqadar muhim demografik palla kelganini ko‘rsatmoqda.

Hisobotda ta’kidlanishicha, mamlakatimiz aholisi 36 milliondan oshdi, 2050-yilga borib esa bu raqam 50 milliondan o‘tishi kutilmoqda. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilgan bolalar o‘zlarining to‘liq salohiyatining atigi 60 foizini ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga egalar. Qolgan 40 foizlik boy berilgan imkoniyat — bu sog‘liqni saqlash, ovqatlanish va erta ta’lim tizimidagi bo‘shliqlardir.

Hisob-kitoblariga ko‘ra, erta yoshdagi ta’limga tikilgan har bir dollar kelgusida mamlakat iqtisodiyotiga 13 dollar bo‘lib qaytadi. Bu degani, bugun 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qaratilgan e’tibor 2050 yilda O‘zbekiston Yalpi ichki mahsulotining (YaIM) qo‘shimcha 6 foizga o‘sishini ta’minlaydigan asosiy omildir.

Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin bugungi bolalar mamlakatning bo‘lajak mehnat resurslari ekanini alohida ta’kidladi: «Bolalarning yoshligidan qanday sharoitda voyaga yetgani keyingi hayotidagi imkoniyatlarini belgilaydi. O‘zbekiston inson kapitalini rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoitlarga ega: o‘sib borayotgan aholi soni, hukumatning kuchli siyosiy irodasi va zarur resurslar, hamda xalqaro hamkorlarning qo‘llab-quvvatlovi bilan mustahkamlanmoqda. Ushbu sohadagi kelgusidagi yutuqlar sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya va moliya sektorlarida davlatning muvofiqlashtiriligan yondoshuviga bog‘liq bo‘ladi. Jahon banki guruhi boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda hukumatni bolalarning erta rivojlanishi bo‘yicha kelajakdagi Milliy strategiyani amalga oshirishda qo‘llab quvvatlovga tayyor».

Bunday strategik ko‘mak va investitsiyalarning samaradorligi esa, eng avvalo, vaqt omiliga borib taqaladi. Zero, iqtisodiy resurslar va siyosiy irodani aynan inson hayotining qaysi bosqichida safarbar etish kerak degan savol eng muhim nuqta hisoblanadi. YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio bu borada vaziyatning naqadar kechiktirib bo‘lmas ekanini alohida ta’kidlab, asosiy e’tiborni tibbiy va biologik zaruratga qaratadi: «Besh yoshgacha bo‘lgan davrda inson miyasining 90 foizi shakllanib bo‘lishini hisobga olsak, keyingi 10-20 yil ichida qabul qilinadigan qarorlar mamlakat farovonligini yo tezlashtiruvchi, yoki boy berilgan imkoniyat sifatida tarixda qoladigan omil bo‘ladi».

Shu bilan birga, tadbir davomida faqat kelajakdagi maqsadlar emas, balki bugungi kunda to‘siq bo‘lib turgan jiddiy muammolar ham ochiq muhokama qilindi. YuNISEFning O‘zbekistondagi konsultanti  Kristian Morabito o‘z taqdimotida O‘zbekistonda bolalar rivojlanishi yo‘lida zudlik bilan isloh qilinishi lozim bo‘lgan tizimli muammolarga to‘xtaldi:

«Biz kelgusida takomillashtirishimiz lozim bo‘lgan bir nechta strategik sohalar mavjud. Birinchi navbatda, bu — salomatlik va oziqlanish. Bugungi kunda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limining 57 foizi aynan perinatal davrga to‘g‘ri kelayotgani bizni sergak torttirishi kerak. Shuningdek, onalar salomatligidagi kamchiliklar, xususan, tug‘ruqlar orasidagi vaqtning ikki yildan kamligi bolaning ilk rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Ikkinchi muhim yo‘nalish — maktabgacha ta’lim sifati. Biz nafaqat qamrovni kengaytirishimiz, balki ta’lim mazmuniga ham e’tibor qaratishimiz shart. Hozirda malakali pedagoglarning yetishmovchiligi va inklyuziv yondashuvlarning cheklangani eng zaif qatlamdagi bolalarning jamiyatdan uzilib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Eng asosiy vazifamiz — bolalar himoyasi va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash. 2024-yilgi hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, 2,7 milliondan ortiq bola ko‘p o‘lchamli kambag‘allik sharoitida yashamoqda. Bundan tashqari, 3-4 yoshdagi bolalarning 60 foizidan ortig‘i oilada psixologik zo‘ravonlikka duch kelayotgani afsuslanarli holdir. Biz ijtimoiy ish xodimlarining salohiyatini oshirishimiz va 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun xizmatlarni muvofiqlashtirilgan holda kengaytirishimiz lozim».

Tadbir yakunida O‘zbekiston hukumati va xalqaro hamkorlar investitsiyalarni aniq natijalarga aylantirish uchun bir qator strategik vazifalarni belgilab oldilar. Bunda asosiy e’tibor sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoya tizimlarini uch yoshgacha bo‘lgan bolalar manfaati yo‘lida muvofiqlashtirish hamda oilalarga yo‘naltirilgan keng qamrovli xizmatlar paketiga o‘tishga qaratiladi. Shuningdek, ajratilayotgan mablag‘larning inson kapitalida aks etadigan real daromad keltirishini ta’minlash va bu jarayonda hukumat, xalqaro institutlar hamda xususiy sektor o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash choralari ko‘riladi.

B.Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring