Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mol-mulk va yer solig‘ining to‘lov muddati yaqinlashmoqda

Mol-mulk va yer solig‘ining to‘lov muddati yaqinlashmoqda

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga asosan, egaligida soliq solinadigan mol-mulki va yer uchastkalari bo‘lgan jismoniy shaxslar hamda dehqon xo‘jaliklari jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarini teng ulushlarda 15-aprel va 15-oktyabrga qadar to‘lashlari lozim.

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi Farmoniga muvofiq, jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlarining to‘lov muddati joriy yil 15-oktyabrga qadar uzaytirildi.

Toshkent shahar DSB Matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda Toshkent shahrida mol-mulk va yer solig‘i to‘lanishi lozim bo‘lgan 680,9 mingdan ortiq ob’yekt mavjud. Ularning egalariga davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqlarni to‘lash haqidagi ma’lumotnoma yuborilgan.

Joriy yil 23-sentyabriga qadar 523 mingdan ortiq ob’yekt uchun 122,8 mlrd. so‘m miqdorida mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirildi. Tahlillarga ko‘ra, poytaxtimizning Bektemir, Uchtepa hamda Yashnobod tumani fuqarolari mol-mulk va yer soliqlarini to‘lash bo‘yicha peshqadamlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, soliq to‘lovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida mol-mulk va yer soliqlarini «Soliq» mobil ilovasi orqali uydan chiqmagan holda to‘lash imkoniyati yaratildi. Shuningdek, «Click», «PayMe» va boshqa zamonaviy elektron to‘lov vositalari yordamida ham to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

To‘langan mol-mulk va yer soliqlari mahalliy budjet daromadlarini to‘ldirib, poytaxt aholisining ijtimoiy ehtiyojlari uchun sarflanadi. Shunday ekan, mol-mulk va yer soliqlarini bugun to‘lagan fuqaro o‘z majburiyatlarini bajarish bilan birga shahar obodligiga ham hissa qo‘shgan bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring