Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qo‘yliq» dehqon bozori faoliyati rasman tugatildi

«Qo‘yliq» dehqon bozori faoliyati rasman tugatildi

Foto: «Xabar.uz»

«Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori» AJ («Qo‘yliq» bozori) faoliyati rasman tugatildi. Bu haqda aksiyadorlar qarori qabul qilindi.

Kompaniya ijroiya organining aksiyadorlarga axborot berishicha, jamiyatning hududida tadbirkorlar faoliyati 2024 yil 5 yanvardan to‘xtatilgan.

«O‘tgan ikki oy davomida bozor faoliyatini qay tartibda davom ettirish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish bo‘yicha biror bir rasmiy yoki norasmiy ma’lumotlar bugungi kunda mavjud emasligi, ayni paytda yer solig‘i, mulk solig‘i hisoblanishi davom etayotganligi, modomiki holat davom etsa, kompaniyaning moliyaviy ahvoli qiyinlashib qolishi kutilishi sababli jamiyatni yuridik shaxs sifatida ixtiyoriy tugatish maqsadga muvofiq deb topilgan», deyiladi aksiyadorlar qarorida.

«Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori» rasmiy sayti 1 mart kuni e’lon qilgan xabarga ko‘ra, tugatilayotgan bozor bo‘yicha murojaatlar ikki oy davomida qabul qilinadi.

Aksiyadorlik jamiyati rasmiy saytiga ko‘ra, bozorda Toshkent shahar hokimligi ulushi 93.2%ni, erkin savdo va mehnat jamoasi ulushi esa 6.8%ni tashkil qiladi.

2024 yil yanvarida Toshkent shahri hokimligi Qo‘yliq bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanishi haqida xabar bergan edi.

«Bozorga keltirilayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilmoqda, avtomobil yo‘llarning tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda», deyilgandi xabarda.

Rekonstruksiya davrida tadbirkorlarga faoliyatini «Food City», «Toshkent indeks» va boshqa savdo majmualarida davom ettirish taklif qilingandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring