Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Senator Soliq qo‘mitasi ishlab chiqqan qaror loyihasini «munozarali» deb atadi

Senator Soliq qo‘mitasi ishlab chiqqan qaror loyihasini «munozarali» deb atadi

Odiljon Iminov

Foto: Senat matbuot xizmati

Shu kunlarda internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron uzatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qo‘shma qaror loyihasi keng muhokama qilinmoqda.

«Mazkur loyihaning ayrim jihatlari munozarali», – deydi Oliy Majlis Senati Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Iminov.

– Bilamizki, Soliq kodeksining 134-moddasida aniq qilib yozilgan, bank mijozning bankdagi hisobvaraqlari va omonatlari (depozitlari) mavjudligi, ularning qoldiqlari, ko‘chirmalari, soliq majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni soliq organining so‘roviga binoan taqdim etishi kerak.

Lekin muhokamaga qo‘yilgan hujjatda bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln. so‘mdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvivalentida bo‘lgan taqdirda) va tranzaksiyalari soni 10tadan oshgan operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni banklar soliq idoralariga taqdim etishi belgilanmoqda.

Soliq kodeksining 134-moddasida jismoniy shaxslarning bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘larining aylanmasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘z ifodasini topmagan.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, muhokamaga qo‘yilgan hujjatga Soliq kodeksida nazarda tutilmagan me’yorlar kiritilgan.

Shu bois keng muhokamaga sabab bo‘layotgan hujjatni Soliq kodeksiga asosan qayta ko‘rib chiqish lozim, – deya qayd etdi senator.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring