Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

500 so‘mlik paket yerni 500 yilgacha zaharlaydi

500 so‘mlik paket yerni 500 yilgacha zaharlaydi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun — Xalqaro plastik paketlardan voz kechish kuni.

Har yili 3 iyul butun dunyoda plastik paketlarsiz kun sifatida keng nishonlanadi. Shu kuni sayyoramiz haqida qayg‘uruvchilar atrof-muhitga katta zarar yetkazayotgan polietilen paketlardan voz kechishni targ‘ib qiladi.

Dunyo bo‘yicha har daqiqada bir millionga yaqin polietilen paket ishlatiladi, ularning aksariyati o‘rtacha 25 daqiqadan so‘ng axlat qutisiga tushadi. Plastik turiga qarab, bunday paketlarning parchalanishi 100 yildan 500 yilgacha davom etishi mumkin. Polietilen paketlar va boshqa plastmassa buyumlarning to‘planishi atrof-muhitning mikroplastmassalar bilan ifloslanishiga olib keladi. Ular hayvonlarning oziq-ovqat zanjiriga kirishi va hatto insonlarning ichimlik suvigacha yetib borishi mumkin. Bu esa organizmda mikroplastmassalar to‘planishi va zaharlanishni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, plastik qoplar ichiga kirib qolgan hayvonlar turli shikastlanish va yoki bo‘g‘ilishdan vafot etish holatlari ham ko‘p uchraydi.

Yevropa Ittifoqi davlatlarida yiliga 3,4 million tonnaga yaqin polietilen paketlar ishlab chiqariladi. Bu 2 milliondan ortiq avtomobil og‘irligiga teng. Ularning 90 foizdan ortig‘i bir martalik. Bir yevropalik o‘rta hisobda yiliga 500 taga yaqin plastik paketdan foydalanadi. Shunga qaramay, yevropaliklarning ko‘pchiligi bir martalik plastik qoplarni taqiqlashni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Plastik paketlarning tabiatga va tabiat orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri inson salomatligiga zararlari haqida xalqaro aksiyalar o‘tkazilib turishiga qaramay, plastikdan foydalanish har yili 8 foizga oshib bormoqda.

Afsuski, zamonaviy dunyoda plastik buyum va paketlardan butunlay voz kechish imkonsiz. Ammo undan foydalanishni minimallashtirishga erishish mumkin. Misol uchun, polietilen paket o‘rniga uning muqobili – qog‘oz qop, to‘qilgan eko-sumkalar, xarid uchun matodan tikilgan eko-paketlardan foydalanish mumkin. Yoki issiq kofeni plastik qopqoqli bir martalik stakanda xarid qilish o‘rniga, o‘zingizning termo idishingiz bilan qahvaxonaga kelishingiz mumkin. Xorijda ba’zi kofe do‘konlar bu holatda qahva uchun chegirma ham berishadi.

Muammoning zamonaviy yechimlari

Dunyo aholisining 80 foizdan ortig‘i istiqomat qiluvchi 76 ta davlatda polietilen paketlar muomalasini tartibga solish bo‘yicha cheklovlar joriy etilgan. Eng ommalashgan chora chakana savdo tarmoqlari tomonidan polietilen paketlarni bepul tarqatishni qonun bilan taqiqlash hisoblanadi.

Lekin butun dunyo uchun tartibga solishning yagona turini joriy etish imkonsiz. Cheklov mamlakatlar va hatto shtatlar darajasida ham farq qilishi mumkin. Tartibga solish samarali bo‘lishi uchun vaziyatning keskinlik darajasi baholanishi kerak. Masalan, Bangladeshda paketlar suv toshqinining asosiy sabablaridan biri bo‘lgan. Chunki kanalizatsiya tizimlari va suv quvurlariga tiqilib qolgan paketlar sabab toshqin va talofatlar ko‘paygan va shuning uchun eng yaxshi yechim sifatida plastik paket ishlab chiqarish va foydalanish to‘liq taqiqlangan.

Eng qat’iy tartibga solish choralari Afrika va Osiyoda. Bu mintaqalardagi ba’zi mamlakatlarda plastik qoplarni ishlab chiqarish, import qilish, ishlatish taqiqlangan va tartibni buzish qamoq bilan jazolanadi. Keniyada esa misli ko‘rilmagan jazo belgilangan – 38 ming dollar jarima yoki 4 yil qamoq jazosi.

O‘zbekistonda plastik paketlar bilan holat qanday?

Plastik paketlardan achinarli darajada ko‘p va keng foydalanamiz. O‘zbekistonda yiliga bu ko‘rsatgich 26,2 ming tonnani tashkil etmoqda. Buni statistik raqamlarsiz chiqindixonalardagi paket uyumlari, oshxonamizdagi paket uchun ajratilgan alohida tortma yoki qutidan ham anglash mumkin.

Mamlakatimizda 2019 yil 1 yanvaridan polimer plyonkali paketlarni bepul berish taqiqlangan bo‘lsa-da, bozor va mayda do‘konlarda bu tartib amaldan chiqib qolgan. Har bir xaridingiz alohida-alohida paketlarga o‘rab, qo‘lingizga tutqaziladi. Biz uzog‘i 25 daqiqa foydalanadigan paket esa 500 yilgacha sayyoramizni zaharlab turaveradi. Ovqat qidirgan biror hayvon uni yutib yuborsa, vaziyat yanada achinarli tus oladi.

Sayyoramizning tozaligi uchun barchamiz birdek javobgarmiz. Plastik paketlardan voz kechish yoki keskin kamaytirish atrof-muhitni yaxshilashga shaxsiy hissa bo‘lishi mumkin. Hozirgi ifloslanish darajasi uchun har qanday hissa, hatto siz uchun ahamiyatsiz bo‘lib tuyulgan harakat ham muhimdir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring