Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Assalomu alaykum, dorning og‘ochi!» Dunyoda millionlab kishi e’tiqodi uchun ta’qibga uchramoqda

«Assalomu alaykum, dorning og‘ochi!» Dunyoda millionlab kishi e’tiqodi uchun ta’qibga uchramoqda

Jahondagi bir necha milliard kishi e’tiqodi uchun ta’qibu tazyiqlarga duchor bo‘lmoqda, yana qancha dindor o‘z hayoti ila tovon to‘lamoqda.  Bu haqda AQSh poytaxti Vashingtonda joriy yil 16-18-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan diniy erkinlik bo‘yicha ikkinchi vazirlar anjumanida so‘z bordi.

 «Xudo insonni erkin idrok sohibi qilib yaratgan»

Xalqaro mashvaratda 100 dan ortiq mamlakat tashqi ishlar vazirlari, 1000 dan ziyod fuqarolik jamiyati faollari va turli diniy konfessiyalar vakillari qatnashdi.

Davlat arboblari, ekspert va olimlar, diniy jamoalar vakillari hamda fuqarolik jamiyati faollari diniy erkinlik muammolari va ularni hal qilish yo‘llarini muhokama qildilar.

Tadbir mezboni – AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo o‘z chiqishida diniy erkinlik insoniyat uchun hayot-mamot masalasi ekanini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, sayyoramiz aholisining 83 foizi diniy erkinlik cheklangan yoki ta’qib etilayotgan mamlakatlarda yashamoqda. Vaholanki, har bir inson o‘z e’tiqodiga erkin amal qilish huquqiga ega va bu nafaqat xalqaro huquq me’yorlari talabi, ayni choqda, axloqiy majburiyat hamdir.

Mayk Pompeo bu borada o‘z salafi – AQShning birinchi davlat kotibi Tomas Jeffersonning «Qodir Xudo insonni erkin idrok sohibi qilib yaratgan» degan fikrlarini yodga oldi.

AQSh tashqi siyosat mahkamasi rahbari Kubada nasroniy jamoalari tazyiqqa uchrayotgani, Birmada rohinja musulmonlari zulm iskanjasida qolayotgani, Xitoyning Shinjon-uyg‘ur muxtor o‘lkasida bir milliondan ziyod etnik ozchilik vakillari tutqun qilinganini afsus ila qayd etdi.

Inson huquqlari butunjahon deklaratsiyasining 18-moddasida ta’kidlanishicha, «Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega; bu huquq o‘z dini yoki e’tiqodini o‘zgartirish erkinligini va ta’limotda, toat-ibodat qilishda va diniy rasm-rusm hamda marosimlarni ommaviy yoki xususiy tartibda ado etish, o‘z dini yoki e’tiqodiga yakka o‘zi, shuningdek, boshqalar bilan birga amal qilish erkinligini o‘z ichiga oladi». Ushbu moddani yodga olgan AQSh davlat kotibi diniy erkinlik hukumatlar tomonidan emas, Yaratgan tomonidan in’om etilgan huquq ekaniga urg‘u berdi.

M.Pompeoga ko‘ra, milliy hukumatlarning o‘zi diniy erkinlik bo‘yicha xalqaro talablarni bajarishga ojizlik qiladi. Shu bois ushbu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlarini faol jalb etmoq maqsadga muvofiqdir. Davlat kotibi, shu bilan birga, diniy erkinlik bo‘yicha xalqaro ittifoq tuzish taklifini ham berdi.  

«Diniy erkinlik qo‘llab-quvvatlanishi, muhofaza etilishi va rivojlantirilishi kerak», – deb xulosa yasadi AQSh davlat kotibi.

Ta’kidlash joizki, AQSh prezidenti Donald Tramp global miqyosda diniy erkinliklarni qo‘llab-quvvatlashni tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishi deb e’lon qilingan. Bu borada Davlat departamentining xalqaro diniy erkinliklar sohasidagi alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi lavozimi joriy etilgan. Ayni paytda mazkur vazifani Sem Braunbek bajarmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yildan buyon AQSh Iroqdagi IShID qatliomi qurboni bo‘lgan etnik guruh vakillariga 340 million dollar yordam ko‘rsatgan. Vashington anjumani davomida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi diniy erkinliklar himoya bo‘yicha 27 million dollar gumanitar ko‘mak ajratgani ma’lum qilindi.

AQSh O‘zbekistondagi vaziyatni qanday baholaydi?

Vashington mashvaratida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashdi. Adliya vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, anjuman davomida xalqaro hamjamiyatga O‘zbekistondagi vijdon erkinligi holati, diniy erkinlik jabhasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida axborot berildi.

Ma’lumki, AQSh davlat departamenti har yili dunyo mamlakatlarida diniy erkinlik holati xususida hisobot e’lon qiladi. O‘zbekiston so‘nggi 13 yil davomida hisobotda «alohida xavotirga molik davlatlar» ro‘yxatida qayd etilgan. 2016-yildan buyon O‘zbekiston rahbariyati tomonidan diniy sohani erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa xalqaro hamjamiyat, xususan, AQSh tomonidan ijobiy baholanmoqda.

Xususan, joriy yil iyunda Vashington shahrida 2018-yilda diniy erkinlik bo‘yicha an’anaviy hisobot taqdim etilgan edi. O‘shanda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo O‘zbekiston so‘nggi 13 yil ichida ilk bor «alohida xavotirga molik davlatlar» ro‘yxatidan chiqarilganini e’lon qildi.

AQSh tashqi siyosat idorasi rahbari O‘zbekistonda BMTning Din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shohidning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilingani, diniy motivga ko‘ra jazo o‘tayotgan bir yarim ming mahkum ozod etilgani, 16 ming fuqaro diniy-ekstremistik oqimlarga aloqador shaxslar ro‘yxatidan chiqarilganini qayd etgan. M.Pompeo mamlakatda diniy erkinlikni ta’minlashga doir islohotlar yana davom ettirilishiga umid bildirgan.

Sobir Salim

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring