Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Axborot urushi davrida g‘alaba xotirasini asrash: ekspertlar nima deydi?

Axborot urushi davrida g‘alaba xotirasini asrash: ekspertlar nima deydi?

foto: Xabar.uz

Ertaga 9-may, Xotira va qadrlash kuni.  Shu munosabat bilan Toshkentda “Umumiy g‘alaba — kelajakka nazar” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. “Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi hamda Markaziy Osiyo Yosh siyosatshunoslar maktabi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda Markaziy osiyo mamlakatlari va rossiyalik tarixchilar, ziyolilar, taniqli siyosatshunoslar bir nuqtaga e’tibor qaratdilar: bugun g‘alaba bilan shunchaki faxrlanish kifoya emas, uni axborot xurujlaridan va tarixni soxtalashtirish urinishlaridan himoya qilish davr talabiga aylandi.

Ishtirok etgan ma’ruzachilar taqdim etgan urush yillarining suronli xotiralari, arxiv hujjatlari va raqamlardan bilish mumkinki, O‘zbekiston uchun bu urush hech qachon begona bo‘lmagan. Bu qariyb jang maydoniga otlangan ikki millionga yaqin vatandoshimizning, evakuatsiya qilinganlarga bag‘rini ochgan O‘zbekistonning front ortidagi mislsiz matonat hikoyasidir.

Tarix fanlari doktori, professor Zamira Eshonxo‘jayeva keltirgan ma’lumotlar o‘zbek xalqining naqadar saxovatli va fidoyi ekanini yana bir bor isbotladi: “E’tibor bering, birgina 1941-1943-yillar davomida respublika aholisi mudofaa fondiga 475 million rubldan ortiq mablag‘ to‘plab bergani, 22 million rubllik qimmatbaho shaxsiy buyumlarini ixtiyoriy ravishda topshirgani g‘alabani yaqinlashtirishga yana bir muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.

Urush olovi ichida qolgan hududlardan ko‘chirib kelingan 170 tadan ortiq zavod va fabrikalar O‘zbekiston tuprog‘ida qisqa muddatda qayta oyoqqa turg‘izilib, harbiy texnika va qurol-yarog‘ ishlab chiqaradigan qudratli bazaga aylandi, evakuatsiya qilingan bolalar uchun 98 ta bolalar uyi tashkil qilingan, ota-onasidan judo bo‘lgan 250 ming nafar yetim bolalarga mehr-oqibat ko‘rsatilgan, urush hududlaridan jo‘natilgan 1 million 500 mingga yaqin insonga boshpana berilgan.”

O‘zbek xalqining g‘alabaga qo‘shgan hissasi beqiyos ekan, tabiiy bir savol tug‘iladi: biz bugun ushbu tarixiy voqeaning asl mohiyatini yosh avlodga haqqoniy yetkaza olayapmizmi?

“Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashevning ta’kidlashicha, bugungi kunda shunchaki g‘alaba bilan faxrlanish davri o‘tdi, endi uni himoya qilish davri keldi. Chunki hozirgi dunyoda tarix shunchaki o‘tmish emas, balki katta axborot urushining bosh poligoniga aylangan.

Ekspertning fikricha, hozirda Ikkinchi jahon urushi haqidagi haqiqatni buzib ko‘rsatishga qaratilgan harakatlarga qarshi faqat va faqat xolis tarix va jonli faktlar bilan javob berish mumkin.

“Agar biz bugun yoshlarimizga bobolarimizning nega jang qilganini tushuntirib bermasak, ertaga boshqalar ularga butunlay o‘zgacha, soxta tarixni singdiradi, — deydi Baxtiyor Ergashev. — Bizning bobolarimiz nima uchun jang qilayotganini juda yaxshi bilishgan. Ular farzandlarining kelajagi, ijtimoiy adolatli yurti va tinchlik  uchun kurashganlar. Shu bois, Berlin ostonasigacha mardonavor borgan ajdodlarimizni xoinlar bilan bir qatorga qo‘yish nafaqat adolatsizlik, balki tarixiy xiyonatdir.

G‘alaba bizning umumiy va buyuk merosimiz. Uni asrab-avaylash esa shunchaki vazifa emas, balki jang maydonida jon fido qilgan millionlab ajdodlarimiz oldidagi ma’naviy burchimiz”.

Tarixchi Svetlana Asanova o‘z nutqida tarixga faqat jangnoma sifatida emas, balki insoniy qadriyatlar va mehr-oqibat ko‘zgusi sifatida qarash zarurligiga ham alohida to‘xtalarkan, bugungi kunda yurtimizda Xotira va qadrlash kuniga bo‘lgan yondashuv qanday evolyusiyani boshdan kechirganiga e’tibor qaratdi.

Uning fikricha, bayramning nomlanishi tarixdan voz kechish emas, balki xotirani yanada insoniyroq va teranroq mazmun bilan boyitishga xizmat qilmoqda. Asanova 2020-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan “G‘alaba bog‘i” majmuasini misol keltirdi: “Bu maskan shunchaki harbiy yodgorlik emas, balki xalqimizning urush yillaridagi ulkan gumanizmi, bag‘rikengligi va jasoratiga qo‘yilgan haykaldir. Bugungi kunda  gumanizm ruhidagi tarixiy xotira, ya’ni halok bo‘lganlarning nomini avaylash va hayot bo‘lgan faxriylarga yuksak ehtirom ko‘rsatish bayramning bosh g‘oyasiga aylandi”.

Urushning shiddatli lahzalari va jangovar mahorati haqida gap ketganda, falsafa fanlari nomzodi Ravshan Nazarovning o‘zbek generallari haqidagi ma’lumotlari ikkinchi jahon urushi g‘alabasiga harbiylarimizning hissasi beqiyos bo‘lganini ko‘rsatib berdi.

Ravshan Nazarov o‘z chiqishida nafaqat afsonaviy general Sobir Rahimov, balki ismlari tarix sahifalarida zarhal harflar bilan muhrlangan boshqa sarkardalarimizni ham xotirladi, masalan Berlin ostonalarigacha borgan, mardlik va strategik aql-zakovati bilan tanilgan Fayzulla Narxo‘jayev, o‘z hayotini vatan ozodligiga bag‘ishlagan zabardast harbiy rahbar Sobir Oxunjonovlar o‘zbek xalqining nafaqat askar, balki katta qo‘shinlarni boshqarishga qodir bo‘lgan strategik salohiyatini ham ifodalaydi. Ularning jasorati yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabi bo‘la oladi.

Darhaqiqat, urush maydonida qon kechgan generallar, askarlar, front ortida zahmat chekkan onalar, yoshlar va Toshkentning bag‘ridan panoh topgan yaradorlar, yetim bolalar taqdiri bizning umumiy tariximizdir.

Mudofaa vazirligining so‘nggi ma’lumotlari qalbimizda ham mahzunlik, ham cheksiz ehtirom uyg‘otadi: ayni paytda O‘zbekistonda o‘sha suronli yillarning jonli guvohi bo‘lgan atigi 60 nafar urush faxriysi va ularga tenglashtirilgan shaxslar qolgan. Ularning 28 nafari poytaxtimiz Toshkentda, qolganlari esa viloyatlarda istiqomat qilmoqda. Mamlakatimizda, shuningdek, 19 nafar sobiq konslager mahbusi va Leningrad qamalidan omon qolgan 13 nafar faxriy ham g‘alabaning 81 yilligini munosib kutib olish taraddudida. Har bir faxriy biz uchun tirik tarix, jasorat timsolidir. Ularning safi yildan-yilga siyraklashib borayotgani bizga bir muhim haqiqatni eslatadi: vaqt g‘animat, ulardan borini o‘rganish, xotirasini e’zozlash va eng muhimi — ular himoya qilgan tinchlikni ko‘z qorachig‘idek asrash bizning oliy burchimizdir.

 

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring