Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Aziza Niyozmetovaga shifokorlar olti oy umri qolganini aytishgandi

Aziza Niyozmetovaga shifokorlar olti oy umri qolganini aytishgandi

«Yuragimdan joy beraman, kelsangiz». So‘nggi konsertdan fotolavha.

Aziza Niyozmetovaning vafot etgani haqidagi xabarni o‘qib, ko‘nglim allanechuk bo‘lib ketdi. O‘lim haqligini bilsam-da, unga ichim achidi...

Xonanda bilan 2015-yilda tanishdim. To‘g‘rirog‘i, uning so‘nggi konsert dasturini o‘tkazgan tashkilotchi ayol qo‘yarda-qo‘ymay, hamkorlik qilishga taklif etdi. Rosti, o‘shanda rosa ikkilangandim. Birinchidan, qo‘limda hali yoshiga to‘lmagan chaqalog‘im bo‘lsa, ikkinchidan xonandaning injiqligi va so‘kag‘onligi haqidagi gap-so‘zlar qulog‘imga chalingandi.

Ilk uchrashuvning o‘zidayoq Aziza Niyozmetovaga nisbatan fikrim o‘zgardi. U dangalchi, shaddod va erkakshoda bo‘lsa-da, o‘z hurmatini biladigan ayol edi. Mardga mard bo‘lardi, nomardga esa haqqini berib qo‘ymasdi.

Konsertga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida u bilan ko‘p suhbatda bo‘ldim. Shunda o‘zim uchun kibrli va takabbur ko‘rinadigan Aziza Niyozmetovaning asl qiyofasini kashf etgandek bo‘ldim.

— Oilada to‘rt qizning to‘ng‘ichiman. Har bir oilada bo‘lganidek, biz ham osonlikcha katta bo‘lib qolmaganmiz. Men ota-onam uchun ham o‘g‘il, ham qiz edim. Singillarimni oyoqa quyguncha, ota-onamga yordamchi bo‘ldim. Hoji onam birovni so‘kib, baqirayotganimni eshitib qolsa: «Buncha tiling achchiq, bolaligingda ishonuvchan, soddagina qiz eding, nima jin urdi seni», deb ranjib qoladi. Nima qilay, hayotning bir-ikki mushtidan keyin shunaqa bo‘lib qoldim, deb kulaman, — degandi.

Aziza Niyozmetovaning ko‘rinishiga qarab, serfarzand ona ekanligiga ishonish qiyin edi. Ammo u ba’zi xonandalarga o‘xshab ona bo‘lishdan qo‘rqmasdi. Yaratgan unga to‘rt farzandni ato etgan bo‘lsa-da, xonanda ikki yetimning ham boshini siladi.

— Uzoq qarindoshlarimizdan biri qiynalib qolgandi. Unga yordam berish uchun Doston ismli o‘g‘lini qaramog‘imga oldim. Onasi boshqa bo‘lsa-da, u mening qonuniy o‘g‘lim. Yaxshi yigit, sekin-asta o‘z yo‘rig‘imga solib, tashkilotchilikni o‘rgatayapman. Amira qizimni esa chaqaloqlik paytida asrab olganman. Onasi mehribonlik uyiga topshirish niyatida ekanligini eshitib, undan qizini menga berishini iltimos qildim. Tavba qildim-u, o‘zim tuqqan farzandlarimning san’atga qiziqishi yo‘q-u, Amiraning ovozida shira bor. Shu qizim kasbimni davom ettirsa kerak, — degandi.

Bundan tashqari xonandaning Nilufar Nazariy, Miraziz Nazariy, Diyora va Madina ismli farzandlari ham bor. U Madinani 44 yoshida dunyoga keltirgan edi.

— Shifokorlar bachadonimda o‘simta borligini aniqlashdi. Mashhur shifokorlardan biri yosh ekansiz, farzand ko‘rsangiz xastalik yo‘qolishi mumkin, dedi. Shu bois, oltinchi farzandimni dunyoga keltirishga niyat qildim. Yaratgan menga Madinaxonni tuhfa etdi, — deb o‘shanda 5-6 oylik bo‘lib qolgan qizining rasmlarini ko‘rsatgandi.

Aziza Niyozmetovaning kasalligi bilan bog‘liq xabarni eshitganimga bir yildan oshdi. Chunki o‘tgan vaqt mobaynida u ijodga bee’tibor bo‘lib qolgandi. Hatto, uni dugonalari atrofida uchratish ham amrimahol bo‘lib qolgandi.

Bu ayol xonandalikdan tashqari, tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanardi. Puldan muammosi yo‘qligi bois, yaqinlari hamrohligida Hindistonda ham davolandi. Ammo, shifokorlar uning sog‘ayib ketishiga umid qilishmadi. Bor-yo‘g‘i olti oy umri qolganligini yaqinlariga ochiqchasiga aytishdi.

Qisqa vaqt ichida ichak saratoniga chalingan Aziza Niyozmetovani kasallik butunlay mahv etgani haqida shogirdlari kuyunib gapirishdi. Bir necha bor koma holatiga tushib qolgani, qabul qilmagan dori-darmoni qolmagani... Xullas, bandaning ming yugurgani, Yaratganning bir aytgani bo‘ldi. Aziza Niyozmetova 14-oktyabr kuni og‘ir ahvolda shoshilinch shifoxonga olib kelinib, komaga tushdi-yu, qaytib ko‘zini ochmadi.

Afsus, ota-onasiga va farzandlariga bu musibatni ko‘tarish oson kechmaydi. Xonandaning dafn marosimi bugun, 16-oktyabr kuni peshin namozidan keyin ota yurti Xorazmda bo‘lib o‘tdi.

Alloh barchamizning gunohlarimizni mahfirat aylasin, o‘tganlarning ruhlari obod bo‘lsin!

Nargiza Murodova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring