Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Besh tashabbus – besh imkoniyat!” shiori ostida tadbir o‘tkazildi

“Besh tashabbus – besh imkoniyat!” shiori ostida tadbir o‘tkazildi

Uchtepa tumanidagi 193-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Besh tashabbus – besh imkoniyat!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olganlar mamlakatimizda yosh avlodni ma’naviy barkamol inson etib tarbiyalash, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish, ularning san’at, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish bo‘yicha beshta muhim tashabbus doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladilar.

Dastlab birinchi tashabbus bo‘yicha madaniyat, adabiyot, san’atga qiziquvchan yoshlar o‘z iqtidorlarini namoyish etishdi. Tasviriy san’at asarlari, o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan milliy qo‘g‘irchoqlar va liboslar ko‘rgazmalari, ayniqsa, “Qo‘g‘irchoq teatri” jamoasining chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

“Prezidentimiz ilgari surgan besh muhim tashabbus o‘sib kelayotgan yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashga qaratilgani bilan g‘oyat ahamiyatli. Yoshlarni bolaligidanoq sportga, san’atga, til o‘rganishga va kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini uyg‘otish borasida olib borilayotgan bu kabi tadbirlar esa kelajakda o‘z samarasini beradi ”, – deydi 193-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Nigora Gafurova.

Tadbir davomida o‘quvchilar o‘rtasida “Mening bag‘rikeng dunyoyim!” mavzusida devoriy gazetalar tanlovi o‘tkazildi.Unda faxrli o‘rinlari egallagan yoshlar faxriy yorliq va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan “Bayrog‘imiz – faxrimiz, g‘ururimiz” mavzusida madaniy tadbir ham tashkil etildi.

“Mazkur tadbir yoshlarda davlat ramzlariga nisbatan hurmat tuyg‘ularini yanada yuksaltirish, “Beshta muhim tashabbus” doirasida tizimda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini kengaytirish, o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda sportni ommalashtirish maqsadida o‘tkazildi. Zero, mustaqilligimiz, milliy g‘ururimiz timsoli bo‘lgan ushbu davlat ramzi har birimizni yuksak marralar sari ruhlantiradi”, – deydi 193-sonli maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Dilbar Tojiyeva.

Tadbirda bayroq haqida aytilgan she’rlar barchaning e’tiborini tortdi. Ayniqsa, o‘quvchilar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.

Surayyo Usmonova,
Uchtepa tumanidagi
193-sonli umumiy o‘rta ta’lim
maktabi o‘qituvchisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring