Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

BMT fuqaroligi yo‘q shaxslar bilan ishlashda O‘zbekistondan o‘rnak olishga chaqirdi

BMT fuqaroligi yo‘q shaxslar bilan ishlashda O‘zbekistondan o‘rnak olishga chaqirdi

Shabiya Mantu

Foto: Unrefugees.org.au

O‘zbekistonda mart oyida fuqarolik to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri qabul qilindi. Unga ko‘ra deyarli 50 ming kishi fuqarolik olishi mumkin. Ushbu holat boshqa bir qator davlatlar uchun o‘rnak bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bu haqda BMTning qochoqlar ishi bo‘yicha bo‘limi vakili Shabiya Mantu Euronews’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Qirg‘izistonda 2019 yilda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar qolmadi va bu borada dunyodagi birinchi davlat sifatida tan olindi.

«Biz ushbu hududda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilan bog‘liq muammolar yechimida bemisl rivojlanishni ko‘rmoqdamiz», —deydi Mantu. U O‘zbekistonda qabul qilingan qonun tahririni yuqori baholagan va boshqa mamlakatlar ham bundan o‘rnak olishlariga umid bildirmoqda. «Butun dunyo mamlakatlari siyosiy iroda bo‘lgan taqdirda ushbu muammoning yechimini oson topadi», — deydi BMT vakili.

1991 yilda sobiq ittifoq zavolga yuz tutgandan so‘ng Markaziy Osiyoda 100 minglab odamlar fuqaroliksiz qolib ketdi. BMT tomonidan butun dunyo bo‘ylab 12 million atrofida fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hisobga olingan. Ular biror mamlakat tomonidan tan olinmasligi bois ekspluatatsiya xavfi ostida yashaydi, tibbiy yordam olishdan mosuvo va boshqa bir qator huquqlardan mahrum.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida 10 mingga yaqin shaxslar fuqarolik olgan. Ammo 2007 yildan to 2016 yilning dekabriga qadar biror kishiga fuqarolik berilmagan.
Shavkat Mirziyoyev mart oyida yangi tahrirdagi qonunga imzo chekdi va unga ko‘ra 1995 yilning 1 yanvariga qadar mamlakatga kelgan va muntazam yashab kelayotgan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi berilmoqda. Ushbu qonun qabul qilingani zahoti BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonga tabrik yubordi.

O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilishni istagan shaxslar Davlat tilini muloqot qila olish darajasida bilishini isbotlashi lozim bo‘ladi. Avval fuqaroligi bo‘lgan va uni yo‘qotgan shaxslarga fuqarolikni qayta tiklash uchun faqat bir marta imkoniyat beriladi (bunga qadar urinishlar soni belgilanmagan edi).

Ammo xorij davlatlarida harbiy xizmatda bo‘lgan, huquq-tartibot organlari yoki boshqa kuch ishlatar tuzilmalarda faoliyat olib borgan va boshqa mamlakat foydasiga ish ko‘rgan hamda dunyo tinchligi va xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etish oqibatida fuqaroligini yo‘qotgan shaxslarning fuqaroligi qayta tiklanmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring