Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoro hokimi: «Bir yilga kechikdik...»

Buxoro hokimi: «Bir yilga kechikdik...»

Foto: Xabar.uz

Bundan roppa-rosa bir yil ilgari Buxoro shahrida bunyod etilishi ko‘zda tutilgan Turizm shaharchasi jamoatchilik noroziligi sabab to‘xtatilgan, YuNESKO turizm markazi uchun boshqa joy tanlashga chaqirgan edi.

Shahar infratuzilmasini o‘zgartirish shu yerlik aholining bir muddat chang va noqulay ob-havo sharoitida qolib ketishi ehtimolida bir guruh fuqarolar norozilik bildirib, bunyodkorlik ishlariga qarshi chiqishgandi.

Unga ko‘ra, 2002 yilda barpo etilgan, 20 mingdan ortiq tomoshabin sig‘imiga ega «Buxoro sporti» majmuasi, 12 qavatli viloyat hokimligi binosi va yana boshqa qator yirik inshootlar «snos»ga uchrab, yangi majmualar bunyod etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lgan.

«Oradan bir yil o‘tdi. Biz bu yirik loyihani amalga oshirishga bir yilga kechikdik. Biroq, davr bilan hamnafas holda eski shahrimizga yondosh hududni to‘la turizm shahriga aylantirishimiz, kelajak avlod manfaati yo‘lida ulkan bunyodkorlik ishlarini boshlashimiz muhim», — dedi Buxoro hokimi Botir Zaripov shu mavzu yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Viloyat rahbari so‘ziga ko‘ra, 2023 yilda bo‘lib o‘tgan «Xalqaro ziyorat forumi»da tantanalar va uchrashuvlarni nufuzli, xos maskanda o‘tkazish muammoga aylangan. Ark qo‘rg‘onidan Labi hovuzgacha bo‘lgan manzilda sayyohlar uchun qadim obidalar, tomoshagohlar mavjud bo‘lsa-da,  yirik simpozium, forum va konferensiyalar o‘tkazish uchun imkoniyatlar cheklangan.

«Bu juda ham og‘riqli holat bo‘ldi. Haqli savol tug‘iladi: shahrimizda yuqori ko‘rsatkichga munosib turizm infratuzilmamiz, ayniqsa, mehmonxonalarimiz, joylashtirish vositalarimiz yetarlimi? Yo‘q. Hattoki, hozirda mavjud 14 mingtalik mehmon o‘rni ham talabga nisbatan qariyb 10 baravarga kam. Buxoroda yana kamida 600 dan ortiq katta-kichik mehmonxonalar qurishimiz, Simpozumlar saroyi, restoranlar, hunarmandlar markazlari, turizm biznesi va gastronomik ob’yektlar tashkil etish hamda transport logistikasi ishlarini kuchaytirishimiz zarur. «Boqiy Buxoro tarixiy-etnografik parki» loyihasi esa shahar qiyofasini o‘zgartiradi», — dedi Botir Zaripov.

Buxoro shahrining amaldagi chegarasi 7 800 gektar yer maydonidan iborat bo‘lib, yangi loyihaga asosan, Buxoro tumanining 3 700 yer maydoni Buxoro shahriga qo‘shiladi.

Foto: Xabar.uz

Buxoro shahrining jami 32,6 ga maydonida «Boqiy Buxoro tarixiy-etnografik parki»ni barpo etish ko‘zda tutilgan. Etnografik park hududida 23 gektar yashil hudud tashkil etilishi aytilmoqda. Ushbu hududda joylashgan 14 ta davlat ob’yektlari «snos»ga uchrab, «Bukhara City» majmuasi hududidan o‘rin egallaydi. Aholi va ishbilarmonlarga tegishli tadbirkorlik ob’yektlar snos ob’yekti sifatida baholanib, mablag‘lari oldindan qoplanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, barpo etilishi ko‘zda tutilgan manzilda birorta fuqaroning yashash joyi yo‘qligi sabab ularning manfaatiga ziyon yetmasligi bildirildi.

Foto: Xabar.uz
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring