Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davlat bog‘chalarida ota-onalar to‘lovi uchun qo‘llanilgan «chegirma» muddati tugadi

Davlat bog‘chalarida ota-onalar to‘lovi uchun qo‘llanilgan «chegirma» muddati tugadi

Joriy yil 1-yanvardan boshlab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlariga nisbatan tumanlar toifasidan kelib chiqib, belgilangan kamaytiruvchi koeffitsiyentlarning amal qilish muddati tugadi.

Bu haqdagi ogohlantirish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 22-yanvardagi 05-22-368-sonli xati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalariga jo‘natilgan.

Gap shundaki, 2024-yil 30-sentyabrdagi PF-152-son farmon bilan Prezidentning 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-son qarorining 9-bandiga tegishlicha o‘zgartirish kiritilgan. 

Unga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlariga nisbatan tumanlarning toifasidan kelib chiqib, kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanilishi muddati 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar etib belgilangan.

PQ-471-son qarorga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bola ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlariga nisbatan tumanlar toifasidan kelib chiqib, kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanilishi quyidagicha edi:

  • 5-toifadagi tumanlarda — 25 foiz;
  • 4-toifadagi tumanlarda — 25 foiz;
  • 3-toifadagi tumanlarda (shahar aholi punktlaridan tashqari) — 15 foiz.

Endilikda mazkur toifaga kirgan hududlarda ham kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanilmaydi va ota-onalar to‘lovi 100 foiz undiriladi.

Eslatib o‘tamiz, oxirgi marta Hukumatning 246-son qarori bilan 2024-yil 1-iyun (o‘rtacha 20 foizga) va 2025-yil 1-yanvardan boshlab (10 foizga) amal qiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining oshirilgan miqdorlari tasdiqlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring