Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Departament  «Markaziy studiya»da aytilgan gaplarni rad etmoqda

Departament  «Markaziy studiya»da aytilgan gaplarni rad etmoqda

Foto: Videolavhadan skrinshot

2019 yilning 23 oktyabr kuni «Mening Yurtim 5» telekanalining «Markaziy studiya» informatsion dasturi orqali fuqarolar S. Otaboyev  va uning otasi T. Otaboyevlar chiqish qilib, unda Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari xodimlarini valyutaga oid jinoyatni fosh etishdagi xatti-harakatlari yuzasidan noroziligini bildirgan edi. Xususan, fuqaro S.Otaboyev gaplashib yurgan «qizi»  I.ning Toshkent shahrida opasi uy sotib olishi uchun undan 87 mln. so‘m pullarini 10 000 AQSh dollariga ayirboshlab berishini iltimos  qilgani, shu sabab  Nurafshon shahriga borganligini va u yerda (milliy taomlar kafesida) xorijiy valyutani sotayotganida Departament xodimlari tomonidan ushlanib, unga bosim o‘tkazilganligi haqida bayon qilgan. Shuningdek, studiyadagi suhbat jarayonida ota departament xodimlari o‘g‘li yosh ekanligidan foydalanishib, qo‘lga olganlishganini, aslida  farzandi «valyutafurush» emaslini ta’kidlaydi.

Oynai jahon  orqali bildirilgan bunday fikrlar keng jamoatchilik o‘rtasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati haqida salbiy tasavvur  hosil qilishi ehtimolini inobatga olib, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti quyidagilarni ma’lum qiladi:

Avvalo, ta’kidlash shart: S.Otaboyevning qonunga xilof ravishda valyuta qimmatliklarini olish va uni o‘tkazish harakatlari tezkor qidiruv tadbirlari hamda sud hujjatlari bilan to‘liq isbotlangan. Jumladan:

  1. Amaldagi qonunchilikka asosan S.Otabovning harakatlariga baho berilganda Jinoyat kodeksining 177-moddasining (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) sub’yekti 16 yoshga to‘lgan, aqli raso shaxs hisoblanishi belgilangan. Bunda, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etayotgan shaxsning «valyutafurush» bo‘lishi jinoyat sub’yektining majburiy belgisi bo‘lishi mumkinligi belgilanmagan. Ushbu holatda S.Otaboyev 16 yoshga yetgan va aqli raso shaxs hisoblanganligi sababli jinoyatning sub’yekti hisoblanadi.
  2. S.Otaboyev har bir AQSh dollarini 8 700 so‘mdan hisoblab sotgan. Shuningdek u ushbu noqonuniy valyuta oldi-sotdisining pirovard natijasidan moddiy manfaat ko‘zlaganligidan dalolat beruvchi dalillar mavjud. 

Xususan, tezkor tadbir o‘tkazilgan kunda (14.06.2019 yil) «Milliy bank» Nurafshon filialidan olingan ma’lumotga ko‘ra har bir AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati 8 518 so‘m 68 tiyinni tashkil etib, 8000 AQSh dollari 68,1 mln. so‘mga teng bo‘lgan.

Bundan tashqari, tergov jarayoni va ochiq sud majlisida so‘roq qilingan S.Otaboyev aybiga qisman iqrorlik bildirgan holda bergan ko‘rgazmasiga ko‘ra, u mashina olish uchun yig‘ib qo‘ygan otasining 10 000 AQSh dollarini (otasini xabardor qilmasdan) olib,  I. unga taklif qilgan 87 mln. so‘m pullar orqali foyda ko‘rib olishni o‘ylab, Nurafshon shahriga o‘rtoqlari va tog‘asi bilan borgan. U yerda I. unga 10000 AQSh dollariga emas, 8000 AQSh dollariga teng 69,6 mln. so‘m topganligi sababli 8000 AQSh dollarini ayriboshlagan. Pirovardida, qilmishi qonunga zid bo‘lganligini tushunib yetgani va chin ko‘ngildan pushaymonligini bildiradi.

Bundan tashqari «Markaziy studiya»dagi suhbatda T.Otaboyev o‘g‘li JKning 65-moddasiga asosan javobgarlikdan ozod qilingan bo‘lsa-da, 8 000 AQSh dollarini unga qaytarmasdan davlat foydasiga musodara qilinganini urg‘ulaydi.

Bunga javoban aytish kerakki, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil va jinoyat predmeti hisoblangan 10 000 AQSh dollarining taqdiri O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga asosan qonuniy hal qilingan. Jumladan, S.Otaboyevning o‘ziga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini tugatishni so‘rab, jinoyat ishlari bo‘yicha Nurafshon shahar sudiga bergan arizasi hamda himoyachisining iltimosnomasini inobatga olib, sud uni 65-moddasiga asosan javobgarlikdan ozod qilingan. Ashyoviy dalil sifatida olingan 10 000 AQSh dollaridan 2000 AQSh dollari o‘ziga qaytarilgan hamda 8000 AQSh dollari jinoyat predmeti sifatida davlat daromadi hisobiga o‘tkazilgan.

Qolaversa, S.Otaboyevga nisbatan chiqarilgan sudning mazkur ajrimi qonuniy kuchda bo‘lib, unga nisbatan shikoyat yoki protest keltirilmagan.

Alohida qayd etish joizki, Jinoyat kodeksining 65-moddasining qo‘llanilishi va uning qonundagi mazmuni ham to‘g‘ri talqin qilinishi lozim.  Sudlanuvchiga nisbatan JKning 65-moddasi qo‘llanishi uning  aybsiz ekanini anglatmaydi. Ushbu holatda sudlanuvchi  aybsiz ekani bois emas, balki uning qilmishning ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi sabab javobgarlikdan ozod  qilinmoqda, xolos. 

Pirovardida departament ta’kidlaydiki, ommaviy axborot vositalari vakillari biror-bir huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini yoritishda (ushbu organ faoliyati bilan bog‘liq) normativ huquqiy hujjatlarni o‘rganib chiqsa yoxud ularning fikri bilan o‘rtoqlashsa foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, ommaviy axborot vositalari faoliyatining o‘zagi - xolislik hisoblanadi. Xolislikka putur yetkazilsa, keng jamoatchilikda noto‘g‘ri tasavvur shakllanib, bu  qator yoqimsiz holatlarga sabab  bo‘lishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring