Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yetilib kelayotgan muammo: cuv tanqisligini nega o‘ylamayapmiz?

Yetilib kelayotgan muammo: cuv tanqisligini nega o‘ylamayapmiz?

Foto:«Water Crisis»

Ayni damda Kanadada istiqomat qilayotgan jurnalist va bloger Farhod Fayzullayev kelajakda katta muammoga aylanishi mumkin bo‘lgan suv tanqisligi masalasiga e’tibor qaratdi. 

Ingliz tilida «there is an elephant in the room» — «xonada fil bor» iborasi mavjud. Ochiq-oydin ko‘rinib turgan, ammo odamlar muhokama qilishni istamayotgan muammoga nisbatan ishlatiladi.

Xonadagi fil — bu iqlim o‘zgarishi. 2019-yilning iyul oyi o‘lchashlar boshlanganidan buyon eng issiq oy bo‘libdi. 2015—2018 yillar tarixdagi eng issiq yillar deb topilgan. Toshkentdagi iyul oyi harorati o‘rtachadan 5—7 daraja yuqori bo‘lgan.

Masalan, shu yili iyul oyining bir kunida Grenlandiyada 11 milliard tonna muzliklar erib ketgan. Bir kunda 11 milliard tonna.

O‘zbekiston prezidentining 5742-sonli farmoniga ko‘ra, yurtimizdagi ekinzor yerlarning suv bilan ta’minlanish darajasi so‘nggi 15 yilda 3048 kub metrdan 159 kub metrga tushib qolgan.

Ekinlarni sug‘orish uchun suv o‘n to‘qqiz barobarga qisqargan.

Jurnalist Nikita Makarenkoning ma’lumotlariga qaraganda , 15 yildan keyin O‘zbekistonda nafaqat ekinlar uchun, balki odamlar uchun ham suv yetishmay qoladi.

Menimcha bu vahima qiladigan, bong uradigan muammo. Bunday ketishda suv tanqisligi va, oxir oqibatda, ocharchilikka olib kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatga tushishimiz mumkin.

Albatta, O‘zbekiston atmosferani zararlantirish bo‘yicha yetakchi davlatlar qatoriga kirmaydi. Xitoy, Hindiston, AQSh kabi davlatlar havoga juda ko‘p zararli moddalar chiqaradi. Ammo sayyora bir. Biz ifloslantirmayapmiz, deb qo‘l qovushtirgan bilan muammo bizni chetlab o‘tmaydi.

Shuning uchun biz iqlim o‘zgarishiga moslashishimiz kerak. Suvni tejashimiz, kam suv talab qiladigan mahsulotlar yetishtirishimiz, qishloq ho‘jaligidan ko‘proq ilmiy resurs talab qiladigan mahsulot ishlab chiqarishga o‘tishimiz kerak.

Orol quriyotgan bir paytda, dunyoda suv tanqisligidan eng ko‘p aziyat chekishi mumkin bo‘lgan davlatda shahar ko‘chalaridagi ekinlarni sug‘orishda yo‘l qo‘yilayotgan isrofgarchiliklarni ko‘rib yoqangni ushlaysan kishi — suv jonivor oqib yotibdi.

2014 yil Kaliforniyada bo‘lganimda, u yerda qurg‘oqchilik edi. O‘zi Kaliforniyada, menimcha, suv juda taqchil. Shu sababli ko‘chadagi chim shag‘al yoki daraxt qobig‘iga almashtirilayotgandi. Suv kranlari avtomatiga almashtirilib, suv kam tushadigan qilingandi. Hojatxonalarda ham dastagini burasangiz, ozgina suv tushadi.

Turkiyaning Antalyasida bo‘lganimda esa ko‘chadagi o‘t tomchili sug‘orish tizimiga o‘tkazilganini ko‘rganman.

Ishqilib, iqlim o‘zgarishini inkor qilib bo‘lmaydi. U O‘zbekistonga salbiy ta’sir qilayotgani hukumat tomonidan tan olingan. Ammo harakat kam, harakat juda kam.

Kundalik muammolar bilan o‘ralashib qolganmiz. Tonirovka, go‘sht narxi, siti-mitilar. Strategik masalalar esa chetda qolib ketayotgandek. Hozir iqlim o‘zgarishining jamiyat muammolari qatorida muhokama qilinishini ko‘rmayapman.

Vahima ko‘tarish kerak bo‘lgan muammo. Vahima ko‘tarib, keyin harakat qilish kerak. Aks holda kech qolishimiz mumkin.

Aytingchi, iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligini sezyapsizmi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring