Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘aroyib musobaqa

G‘aroyib musobaqa

Foto: «Xabar.uz»

Qadimda ham tadbirkor bobolarimiz yoshlarni ibodatga, xususan, jamoat namoziga ko‘proq jalb qilish uchun ularni rag‘batlantiruvchi musobaqalar, mukofotlar tashkil qilishgan. Ana shunday tadbirlarning zamonaviysi Samarqandda ham tashkil etildi. Tadbirkor Salim G‘oyibov tashabbusi bilan Imom A’zam nomidagi masjidda g‘aroyib musobaqa uyushtirildi.

Musobaqa sharti juda oddiy, ammo oson ham emas: 40 kun davomida bomdod va xufton namozini jamoat bilan uzluksiz o‘qigan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga velosiped sovg‘a qilinadigan bo‘ldi.

Uyquning zo‘ridan voz kechib, tonggi uch-to‘rtda uyg‘onib, tahorat olib, masjidga borish hatto kattalar uchun ham unchalik yengil ish emas. Ammo aprelning avvalida boshlangan tadbirda qirqdan ortiq bola ishtiyoq bilan qatnasha boshladi. 10 may kuni aytilgan muhlat bitdi va g‘alvir suvdan ko‘tarildi. Hakamlar juda qattiqqo‘llik bilan sarhisob qilishdi, hatto bir martagina saharda uxlab qolgan bolalar ham kechirilmadi.

40 kun davomida uzluksiz jamoat bilan namoz o‘qigan 14 bola g‘olib deb topildi va xufton namozidan so‘ng ularga sovrinlari – zamonaviy velosipedlar topshirildi.

18 pora Qur’on yodlagan 12 yoshli Muhammad Amin va 10 yoshli Muhammad Ayyub Rahmatulloh o‘g‘illari, 3 pora Qur’on yodlagan Muhammad Fayz va Akbarjon Anvar o‘g‘illari, 2 pora Qur’on yodlagan 11 yoshli Ubaydulloh Umidjon o‘g‘li,  Xayrulloh va Abdurahmon Firuz o‘g‘illari, Ixtiyorjon Baxtiyor o‘g‘li singari 14 bola orasida eng yosh g‘olib hali besh yoshga ham to‘lmagan, ammo o‘ndan ortiq surani tajvid bilan yodlagan Muhammad Yusuf Rahmatulloh o‘g‘li bo‘ldi.

Farzandlarini Qur’onga muhabbatli qilib tarbiyalayotgan, ularni jamoat namoziga oshufta qilgan Muhammad Amin, Muhammad Ayyub, Muhammad Yusuf va Muhammad Yahyolarning otasi Rahmatulloh Qiyomiddinovga ham kattalar velosipedi taqdim qilindi.

Progul qilib qo‘ygan bolalar ham o‘ksinmaydigan bo‘lishdi, ularga sovg‘a-salom bilan to‘ldirilgan safarxalta(ryukzak)lar topshirildi. Ularning ichidagi eng kerakli buyum esa uyqudan uyg‘otuvchi soatlar bo‘ldi.

Eng qizig‘i, vallomatlikda bolalar ham kattalardan qolishmadi: velosipedi bor bo‘lgan bolalar sovrin sifatida qo‘lga kiritgan velosipedlarini g‘olib bo‘lolmagan boshqa o‘rtoqlariga sovg‘a qilishdi.

Aytgancha, masjidda xayrli musobaqalar shu bilan tugab qolmadi, keyingi 40 kun uchun yangi tanlov boshlandi: endi 40 kun jamoat namozidan qolmagan bolalarga yangi o‘quv yili uchun maktab kiyim-kechaklari va barcha o‘quv qurollari hadya etilishi e’lon qilindi.

Yana bitta gap: jamoat bilan namozni qoldirmay o‘qigan kattalarga ham syurprizlar oz emas! O‘qigan namozingiz uchun mukofot ham olishni istasangiz, jamoat namozi uchun Imom A’zam nomidagi masjidga kelavering!

Karimberdi To‘ramurod,

«Xabar.uz»ning maxsus muxbiri 

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring