Har doim qarz so‘raydigan odam rostdan ham kambag‘almi?
Savol: Bir qo‘shnimiz bor, nuqul hammadan qarz olib yuradi. Sira pulga yolchimaydi. Muammolarga o‘ralashib yurgani-yurgan. Gapirsa, doim hasrat qilaveradi. Maoshi yaxshi bo‘lsayam bir oydan ikkinchi oyga yetkazolmaydi. Bundaylar ko‘p topiladi. Nima qilish kerak?
Oybek.
Javob: Har doim qarz so‘rab, nolib yashash o‘z hayoti uchun javobgarlikni zimmasiga olishni xohlamagan insonlarga xosdir. Ular qancha ko‘p topsayam yetmasligini aytib bahona qilishadi, puli bo‘lsa-da, ma’naviy qashshoqlikda yashashadi, shuning uchun nuqul qarz so‘rab o‘zlarini bechora qilib ko‘rsatishadi. Bunday yashash o‘zlari uchun maqbul va qulay, chunki atrofidagi odamlar mehribonchilikdan ko‘ra ko‘proq achinib yashashlari ayon.
Qarz olish uchun bechora rolini o‘ynash yaxshi natija beradi. Odamlar achinganlaridan ham qarz beradilar. Vaholanki, biz kimgadir mehribonlik bilan chin ko‘ngildan ko‘maklashganimizda maqsadga muvofiq bo‘ladi. Doimiy qarz oluvchilar boriga shukr qilishmaydi. Xuddi shu tufayli topganlarining barakasi ham bo‘lmaydi.
To‘g‘ri, hayotda kutilmagan vaziyatlar ro‘y berib turadi. Favqulodda xarajatlar uchun kimdandir pul so‘rashga majbur bo‘ladi, kishi. Umri mobaynida qarz olmagan inson bo‘lmasa ham kerak. Ammo ko‘pchilik buni pinhon tutadi, boriga shukr qiladi, mavjud holatini sabr-qanoat bilan yaxshilashga intilib, natijaga erishadi. Biroq doimiy qarz oladiganlar holati esa surunkali kasallikka o‘xshaydi. Ular o‘z vaqtida fikrini ijobiy tomonga o‘zgartirsa, hayotidan nolish o‘rniga chora, tadbir izlasa, holati yaxshilanadi.
Vaziyatni o‘nglash yo‘llarini qidirish, boriga shukr qilib, berganning barakasini so‘rash, fikrlarni yetishmovchilikka emas, har doim qo‘yilgan maqsad sari qaratish muvaffaqiyatni ta’minlaydi. Buning uchun har bir insonning e’tiqodi, ixlosi, irodasi yetadi! Faqat xohish-istak, harakat kerak, xolos!
Shunday ekan, keling, har bir daqiqamiz, har bir bergan in’omlar uchun minnatdorchilik ruhida yashaylik.
Baxtiniso Azimboyeva,
ruhshunos-shifokor.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter