Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron AQShga oid yana bir afsonani yo‘qqa chiqardi

Eron AQShga oid yana bir afsonani yo‘qqa chiqardi

Foto: Lockheed Martin

O‘tgan hafta AQSh harbiy havo kuchlariga tegishli F-35 qiruvchi uchog‘i Yaqin Sharqdagi aviabazaga avariyaviy qo‘nishni amalga oshirdi. AQSh matbuoti uchoqqa Eron havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan zarba berilgani haqida xabar berdi. Eron ommaviy axborot vositalari ham shu mazmunda axborot tarqatdi.

Al Jazeera telekanali Air & Space Forces Magazine nashriga tayanib yozishicha, F-35 qiruvchi uchog‘i yerdan berilgan zarba oqibatida shikastlangan, uchuvchi ham jarohat olgan.

Mazkur hodisa AQSh tomonidan yoyinlab kelingan yana bir afsonani yo‘qqa chiqaradi.

Gap shundaki, AQShning Lockheed Martin shirkati ishlab chiqargan F-35 uchog‘i dunyodagi eng ilg‘or qiruvchi samolyot deb ta’riflanadi. Ushbu uchoq havo hujumidan mudofaa tizimlaridan yashiringan holda harakatlana olishi, mazkur samolyotga ega davlat havoda ustunlikka ega bo‘lishi aytib kelingan.

Britaniyalik mutaxassis Jon Fillipsning fikricha, o‘ta zamonaviy radiolokatsion tizimga ega uchoq nafaqat raqib havo hujumidan yashirina oladi, ayni choqda, tahdidlarga tezkorlik bilan javob qaytaradi.

F-35 qiruvchilari vertolyot kabi vertikal tarzda uchish, shuningdek, o‘ta qisqa uchish yo‘lagidan havoga ko‘tarilish imkoniga ega.

Faqat AQShning o‘zi istifoda etib kelayotgan F-35C modeli esa ovoz to‘lqinidan ham tezroq harakatlanishi aytiladi.

AQSh F-35 uchog‘ini ishlab chiqarishda Avstraliya, Kanada, Italiya, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar bilan hamkorlik qiladi. Vashington ushbu turdagi uchoqlarni Isroil, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Italiya, Avstraliya, Singapur kabi sanoqli davlatlargagina sotgan.

F-35 qiruvchilari 2018 yildan buyon jangovar harakatlarda qatnashayotgan bo‘lsa, hozirga qadar ushbu modeldagi samolyot biror marta urib tushirilmagan.

Mudofaa ekspertlari fikricha, Eron tomonidan F-35 uchog‘i urib tushirilgani rasman tasdiqlansa, bu AQSh harbiy sanoati haqida keng tarqalgan yana bir qarash yo‘qqa chiqishini anglatadi.

“F-35 ko‘rinmas uchoqlarni urib bo‘lmaydi, milliardlik radarlarni yo‘q qilib bo‘lmaydi, degan fikr ommaning ongiga singdirilgandi. Dunyo shunga ishonardi ham. Lekin Yaqin Sharqdagi mojarolar bu gaplar aslida haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini isbotlab berdi. Tabiatda har narsaning o‘z antagonisti – kushandasi – muqobili mavjud. Shu jumladan, ilm-fan yutuqlari, harbiy texnologiyalarning ham. Men fan odamiman. Sohamdagi eng so‘nggi yutuqlarni kuzatish kundalik ishim. Shuning uchun, aslida nima zo‘r, nima zo‘rmasligini farqlay olaman… Avvalgi “kuch markazlari”ning kuchini qurolsiz davlatlarga ko‘rsatib o‘zini ulug‘lashga o‘rganib qolgandi. Bu safar taqillatilgan eshik esa unday bo‘lib chiqmadi. F-35ning urib tushirilishi, milliardlik radarlarning yo‘q qilinishi dunyodagi kuch nisbatlarining o‘zgarib borayotganini ko‘rsatib berdi”, – deb ushbu hodisaga munosabat bildirdi o‘zbekistonlik adib va biolog olim Baxtiyor Abdug‘afur.

AQSh va Isroil joriy yil 28 fevral kuni Eronga qarshi keng ko‘lamli tajovuzkor urush boshlaganidan buyon Tehron Vashington va Tel-Aviv kutgandek osonlikcha taslim bo‘lmadi. Aksincha, Eron Qo‘shma Shtatlarning strategik ob’yektlarini nishonga olmoqda.

Ikki hafta avval Iroq g‘arbida AQShning KC-135 yoqilg‘i quyuvchi samolyoti urib tushirildi. Oqibatda olti kishidan iborat ekipaj halok bo‘ldi.

Eron raketa hujumi orqali Saudiya Arabistonidagi Prince Sultan aviabazasida joylashgan, AQSh harbiy havo kuchlariga qarashli beshta samolyotga zarar yetkazdi.

Eron Iordaniyada joylashgan Muvvafaq as-Salti aviabazasidagi THAAD havo-mudofaa tizimining asosiy sensori – 500 million dollarlik AN/TPY-2 radarini ham yo‘q qildi.

So‘nggi bir oy davomida Eron AQShning 12 ta MQ-9 Reaper dronlarini ham urib tushirdi.

Darvoqe, F-35 qiruvchi uchoqlari ko‘pdan buyon NATOning Rossiyaga qarshi asosiy quroli deb ta’riflab kelingan edi.

Isroil hukumati ham AQSh Kongressidan Turkiyaga F-35 qiruvchi uchoqlarini sotishni man etishni so‘ragani ma’lum.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring