Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi diniy huquq va erkinliklarini tiklab berishni so‘rab mamlakat rasmiylariga murojaat qildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi diniy huquq va erkinliklarini tiklab berishni so‘rab mamlakat rasmiylariga murojaat qildi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyevga;

shuningdek,

Konstitutsiyaviy sud raisi, hurmatli Baxtiyor Mirboboyev;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari
bo‘yicha vakili, Ombudsman, hurmatli Ulug‘bek Muhammadiyev;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari
bo‘yicha qo‘mita raisi, hurmatli Ortiqbek Yusupov;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, hurmatli Inomjon Majidov;
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori
vazifasini bajaruvchi, hurmatli Valijon Hoshimovga

Diniy huquq va erkinliklari buzilgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi nomidan

MUROJAAT

Mehribon va rahmdil Alloh nomi bilan.

Bu murojaatnomani yozishdan avval ko‘p o‘yladim, yurtimizning kelajagi uchun qayg‘urayotgan minglab ilm egalari, rahbarlar oldida gapirishga istihola ham qildim. Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, men ta’lim olayotgan o‘quv dargohi — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati tomonidan menga nisbatan qo‘llangan noqonuniy xatti-harakatlar – soqol bilan darsga kelganim uchun yakuniy nazoratlarga kiritmaslik holatlari ushbu murojaatnomani yozishga undadi.

Murojaatnomani yozishdan avval men yaqin o‘tmishda eshitgan bir rivoyat yodimga tushdi.

Ibrohim alayhissalomni Namrud ismli zolim podshoh va o‘z qavmi olovda yoqish uchun olib kelishadi. Katta gulxan yoqiladi va johil qavm Ibrohim alayhissalomni olovga tashlaydi. Hech kim U zotning tarafini olmaydi. Shunda odamlar lovullab yonayotgan olov tarafga og‘zida suv bilan ketayotgan chumolini ko‘radilar va undan so‘rashadi: «Ey chumoli, aqling bormi? Shunday katta olovni o‘chira olaman deb o‘ylayapsanmi?» Shunda chumoli: «Qiyomatda nima uchun Allohning elchisi yondirilayotgan vaqtda jim turding, qo‘lingdan kelganicha unga yordamlashmading, deya so‘ralaman», deb javob bergan ekan. Bilamizki, Allohning amri bilan olov Ibrohim alayhissalomga salqinlik, omonlik bo‘ladi va unga zarar yetmaydi.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning ham mo‘min kishi noma’qul ishni ko‘rganda qo‘li bilan yo tili bilan qaytarsin, bu ham qo‘lidan kelmasa, dili bilan yomon ko‘rsin degan ma’nodagi hadislari ham mavjud. Men ham ayrim tashkilotlardagi hijob va soqolga qarshi harakatlar noqonuniy ekanini isbotlab, ularni bu ishdan qaytarmoq niyatida murojaatnoma yo‘llamoqdaman.

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Yurtimizda olib borayotgan islohotlaringizni to‘la qo‘llab-quvvatlayman, ayniqsa, Islom dini rivoji yo‘lida musulmonlarga yaratib berayotgan sharoitlaringizdan barchamiz juda manmunmiz. Lekin yurtimizda musulmonlarning huquq va erkinlarini qo‘pol ravishda buzilayotgan, ularning o‘z e’tiqodlariga to‘liq amal qilishiga qarshilik ko‘rsatilayotgani bilan bog‘liq holat yuzasidan sizga murojaat qilmoqchiman.

Men hozirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 4-bosqich talabasiman. O‘zbekiston Respublikasi hududidagi oliy o‘quv yurtlari va davlat tashkilotlarida ayollarning ro‘molda yurishlari va erkaklarning soqol qo‘yib yurishlari uchun o‘rnatilgan taqiqni quyidagi qonuniy hamda diniy asoslarga ko‘ra, qonunga zid deb hisoblayman.

Qonuniy tarafdan: xalqaro huquq normalarining yurtimizda ustunligi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida: «Xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda», deya e’tirof etiladi.

Oliy o‘quv yurtlarida, xususan, men ta’lim olayotgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalar:

Birinchidan, BMT tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 18- hamda 19-moddalariga ziddir.

18-modda:

Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega; bu huquq o‘z dini yoki e’tiqodini o‘zgartirish erkinligini va ta’limotda, toat-ibodat qilishda va diniy rasm-rusum hamda marosimlarni ommaviy yoki xususiy tartibda ado etish, o‘z dini yoki e’tiqodiga yakka o‘zi, shuningdek, boshqalar bilan birga amal qilish erkinligini o‘z ichiga oladi.

19-modda:

Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi.

Ikkinchidan, Universitet ichki tartib-qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 16-, 18-, 31- hamda 41-moddalariga ham ziddir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasi:

«O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar».

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 31-moddasi:

«Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi».

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 41-moddasi:

«Har kim bilim olish huquqiga ega».

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda O‘zbekiston Konstitutsiyasining yuqoridagi moddalaridan ko‘rinib turibdiki, diniy e’tiqodi yuzlari ochiq, ro‘mol o‘ragan holatda yurishni va soqol qo‘yishni taqozo etadigan musulmon talabalarning hamma bilan bir xil tarzda ta’lim olishi, ishlashi va o‘z ibodatlarini bemalol bajarishlari qonun bilan mustahkamlangan. Ayrim tashkilotlar va oliy o‘quv yurtlari, xususan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining ichki tartib-qoidalari talabalarning ushbu huquqlarini qo‘pol ravishda buzadi. Bu esa ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 16-moddasida ziddir:

«Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas».

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ushbu moddasiga yuridik fanlari doktori, professor Azizxo‘jayev Alisher Abbosovich tomonidan yozilgan sharhda shunday deyiladi:

«Konstitutsiyamizning 15- va 16-moddalariga binoan O‘zbekiston Respublikasining barcha qonunlari va davlat organlarining boshqa hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida va unga muvofiq qabul qilinadi. Konstitutsiyaga zid bo‘lgan qonunlar va qonunosti hujjatlar (shu jumladan idoraviy hujjatlar) yuridik kuchga ega bo‘lmaydi. Aniqroq aytaganda, konstitutsiyaviy qoidalarga, qonun normalariga zid idoraviy hujjatlar (buyruqlar, yo‘riqnomalar, nizom va boshqalar)ni qabul qilish qonuniylikni buzishga kiradi. Shu sababli barcha davlat organlarining huquqni qo‘llash amaliyoti Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lishi lozim. Barcha mansabdor shaxslar, ularning darajasi va mavqeidan qat’i nazar, Konstitutsiya prinsiplari va normalarini buzganlik uchun javobgar bo‘ladilar» (A.A.Azizxo‘jayev. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga sharh. 70-bet. «O‘zbekiston» NMIU, 2008).

Uchinchidan, oliy o‘quv yurtlarining ichki tartib-qoidalari O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 4-, 7- hamda 14-moddalariga ham ziddir. Ushbu qonunning 7-moddasiga muvofiq:

7-modda. Ta’lim tizimi va din

«O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining dunyoviy ta’lim olish huquqi ularning dinga bo‘lgan munosabatidan qat’i nazar, ta’min etiladi».

Ushbu moddaning buzilishini Andijon davlat universitetiga 2017—2018-o‘quv yili uchun hujjat topshirmoqchi bo‘lgan, ro‘mol o‘ragan talaba qizlarning hujjatlarini qabul qilmaslikda yaqqol ko‘rdik.

Endi Oliy ta’lim muassasalari va huquq-tartibot organlari tomonidan ro‘mol o‘ragan ayol-qizlarga qarshi qo‘yiladigan qonuniy asosga nazar solsak. Hozirgi kunda oliy ta’lim muassasalari va jamoat joylarida hijobga nisbatan taqiq qo‘yilishida ko‘rsatiladigan yagona asos bu «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasidir. Unga ko‘ra:

14-modda. Diniy urf-odatlar va marosimlar

«O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi».

Lekin vatanimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni sezmayotgan yoki ko‘rishni xohlamayotgan ayrim rahbarlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning O‘zbekiston Musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda 2017 yilning 15 avgust kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida o‘tkazgan anjumani hamda unda ko‘tarilgan masalalardan xabari yo‘q, shekilli.

Ushbu anjuman «Mustaqillik yillarida vijdon va e’tiqod erkinligi sohasida erishilgan yutuqlar» mavzusida bo‘lib o‘tdi. Anjuman davomida jurnalistlar tomonidan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning 14-moddasiga doir savollar ham berildi. Berilgan savollarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev quyidagicha javob berdi:

«Muayyan bir dinlarda ayrim rasm-rusumlarni bajarish uchun kiyiladigan kiyimlar belgilab qo‘yiladi. Aholimizning 94 foizdan ortig‘i Islom diniga e’tiqod qiladi. Islom dinida ibodat qilish uchun «bunisi Islom kiyimi, bunisi esa Islom diniga zid» degan tushunchalar yo‘q. Islom dinida ibodat uchun kiyim, degan mulohazalar noo‘rin.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, mutasaddi tashkilotlar, maslahatchi-ekspertlar ham ro‘molni hech qachon diniy libos sifatida e’tirof etmagan. Agar ro‘mol diniy libos sifatida qaralayotgan vaziyatga duch kelsangiz, bizga murojaat qilishingiz mumkin. Biz bu masalani ko‘rib chiqishga tayyormiz».

Soqol masalasiga kelsak, inson tanasidan tabiiy holatda insonning ixtiyorisiz o‘sib chiqadigan tuk har qanday holatda ham diniy libos bo‘la olmasligi oydek ravshan. Vaholanki, libosni kiyiladi, soqol esa inson ixtiyoridan tashqari holatda o‘sib chiqadi.

Shuningdek, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasida keltirilgan asoslarga ham e’tibor berishni joiz deb hisoblayman:

4-modda. Fuqarolarning dinga munosabatidan qat’i nazar, teng huquqliligi:

«Hech kim diniy e’tiqodini ro‘kach qilib qonunda belgilangan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortishga haqli emas. Qonunga muvofiq bajarilishi majburiy bo‘lgan bir vazifani diniy e’tiqodi tufayli boshqasi bilan almashtirishga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi».

Ushbu normalarni ro‘kach qilayotgan rahbarlar, avvalambor, o‘zlarining ichki qonun-qoidalarini xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qonunlariga muvofiqligini ta’minlashlari lozim deb hisoblayman. Aks holda men fuqaro sifatida o‘zidan yuqori turuvchi qonun hujjatlarini qo‘pol ravishda buzayotgan universitet ichki tartib-qoidalariga emas, balki undan yuqori turuvchi qonunlarga bo‘ysunish huquqimni saqlab qolaman.

Yuqorida keltirib o‘tgan huquqiy dalillarim bilan bir qatorda musulmon insonning nima uchun hijob va soqolda yurishiga ham o‘z dalillarimni keltirib o‘tishni lozim deb topdim. Albatta bu keltiradigan dalillarim diniy e’tiqodimni boshqalarga singdirish maqsadida emas, balki o‘zim qanday dalillar asosida huquqimni talab qilayotganimni tushuntirib berish uchun, xolos.

Diniy tomondan: Islom dinida musulmon uchun asosiy dalil sifatida Qur’oni Karim, so‘ngra hadisi shariflar turadi.

Hijob borasida dalillar:

Alloh taolo Qur’oni Karimda Nur surasining 31-oyatida marhamat qiladi:

«Sen mo‘minalarga ayt: «Ko‘zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko‘rsatmasinlar, magar zohir bo‘lgan ziynatlar bo‘lsa (mayli). Ro‘mollarini ko‘ksilariga to‘sib yursinlar…» Ya’ni boshlariga o‘ragan ro‘mollari faqat sochlarini emas, balki tomoqlari, ko‘ksilari va ko‘kraklarini ham to‘sib tursin. Toki ularning jamoli begona ko‘zlarga mo‘ljal bo‘lmasin, turli fitnalarni keltirib chiqarmasin (barcha tarjimalar va uning tafsiri buyuk zamondosh alloma Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Tafsiri Hilol» kitoblaridan olindi).

O‘zbekistonda amalda bo‘lgan bizning hanafiy mazhabida ulamolarimiz ayollarning yuzi va kaftlarini ochib yurishiga izn bergan, faqat yuz va qo‘lni ziynatlamasdan, tabiiy holda tutish shart etib qo‘yilgan. Allohga ming bora shukrlar bo‘lsinki, VII asrdan buyon Movarounnahrdagi barcha muslima ajdodlarimiz Allohning bu oyatlariga og‘ishmay amal qilib kelgan. Hech qaysi ulamo, yoxud din arbobi yuqoridagi oyatlarni boshqacha ta’vil qilmagan. Hozirgi kundagi dunyo bo‘ylab 1,5 milliarddan oshiq musulmonlarning aksar ayollari ham ushbu oyatga amal qilib ro‘mol yoki hijob o‘rashmoqda.

Endi soqol borasida dinimizning hukmlari:

Alloh taolo Qur’oni Karimning Nur surasi 56-oyatida marhamat qiladi:

«Namozni to‘kis ado etinglar, zakot beringlar va Payg‘ambarga itoat qilinglar. Shoyadki, rahm qilinsangiz».

Qur’oni Karimning Hashr surasi 7-oyatida Alloh taolo marhamat qiladi:

«… Rasul sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar. Allohdan qo‘rqinglar. Albatta, Alloh azobi zo‘r Zotdir».

Dinimiz Alloh taoloning buyrug‘i bilan bizga payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga ergashishimizni taqozo etishini bilib olgach, endi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam soqol borasida musulmonlarga nima deganliklariga to‘xtalsak. Buyuk allomalar, hadis ilmining sultonlari bo‘lgan, dunyodagi eng katta beshta hadisshunos olimlarning hammalari: Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud, Imom Termiziy va Imom Nasaiylar alohida-alohida rivoyat qilgan ikkita sahih hadislar:

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘n narsa fitratdandir: mo‘ylabni qaychilash, soqolni o‘stirish, misvok, burunga suv olib tozalash, tirnoqlarni qisqartirish, badanning bukiladigan joylarini yaxshilab yuvish, qo‘ltiqni yulish, qovuqni qirish, suv ila istinjo qilish, Mis’ab: o‘ninchisini unutdim, menimcha, og‘izni suv bilan tozalash bo‘lsa kerak», dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud, Imom Termiziy va Imom Nasaiylar rivoyat qilgan).

«Nabiy sallallohu alayhi vasallam: «Mushriklarga xilof qilinglar: soqollarni to‘liq qo‘yinglar, mo‘ylablarni qiringlar», dedilar”.

«Ibn Umar roziyallohu anhu haj yoki umra qilsa soqolini tutamlab turib, ortig‘ini olar edi» (Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, Abu Dovud, Imom at-Termiziy va Imom Nasaiylar rivoyat qilgan).

Sharh: mushrik va majusiylar soqollarini qirib, mo‘ylablarini o‘stirar ekanlar. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam musulmonlarga bu holning aksini qilishni, mo‘ylabni qirib, soqol o‘stirishni amr qilmoqdalar.

(Hadislar va ularga berilgan sharh zamondosh alloma Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning «Hadis va hayot» asarining 17-juzi «Libos» kitobidan olindi).

Yuqoridagi oyatlar va ushbu hadislarni chuqur o‘rganib chiqqan, islom huquqshunoslari, xususan, bizning hanafiylik mazhabi olimlari soqol qo‘yib yurish musulmon erkak uchun vojib amal (shart), soqolni qirib olish esa harom deya hukm chiqarishgan. Bunday qilmaslik uchun hech qanday uzrli kasb va ish keltirilmagan. Xuddi shunday fatvoni zamonamizning zabardast ulamosi bo‘lgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh hazratlari ham berganlar. Lekin ba’zi ulamolar soqol qo‘yib yurish sunnat, uni qirib olish esa makruh deganlar. Shunday bo‘lsa-da, musulmon insonda ikkala fatvodan birini olish imkoni bo‘ladi, lekin ikkala holatda ham soqolni qirib olishning gunoh yoki makruhligi va bundan qaytarilgani ko‘rinib turibdi.

Dalillardan chetlab, shunchaki tariximizga nazar soladigan bo‘lsak ham, barcha buyuk bobokalonlarimiz Amir Temur, Alisher Navoiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mirzo Ulug‘bek, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Al Farg‘oniy, Al Xorazmiy, Nasafiydan tortib XIX asrga yashagan barcha erkaklarni soqolsiz va ayollarini paranjisiz tasavvur qila olmaymiz. Nima, ular ham adashgan yoki biror oqim a’zolari bo‘lganmi? Nega bunday shubhali bo‘lib soqol qo‘yib yurishgan ekan? Chunki ular Allohning amrlarini so‘zsiz bajarishgan, so‘ngra shunday ulug‘ natijalarga erishishgan. Ular Alloh taoloning quyidagi oyatlariga ham doimo amal qilishga uringan:

«Hech bir mo‘min erkak va hech bir mo‘mina ayol uchun Alloh va Uning Rasuli biror ishga hukm qilganida, o‘z ishlarini o‘zlaricha ixtiyor qilmoq yo‘q. Kim Allohga va Uning Rasuliga osiy bo‘lsa, bas, batahqiq, ochiq adashish-la adashibdi», (Ahzob surasi, 36-oyat).

XULOSA

Men yuqorida musulmon o‘laroq yurtimizdagi yigit-qizlarning bunchalik kuyunib, o‘z huquqlarini talab qilishi sabablarini ham huquqiy, ham diniy jihatdan yoritishga harakat qildim. Tavfiq Allohdan. Bu fikrlarni ham rahbar sifatida, ham inson sifatida va musulmon sifatida o‘ylab ko‘rishingizni iltimos qilaman.

Hijob va soqolning davlat tashkilotlari va oliy ta’lim dargohlarida taqiqlab qo‘yilishi, mantiqan olib qaraganda, sof aqlga ham to‘g‘ri kelmaydi. Ishga va ta’limga soqol va hijob qanday ta’sir o‘tkazishi mumkin? Musulmon mamlakatlarini qo‘ya turaylik, butun dunyodagi demokratik davlatlar hisoblangan AQSh, Germaniya, Angliya, Fransiya, Kanada, Italiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Shveysariya, Shvetsiya va yana juda ko‘plab davlatlarda nasroniylik hamda boshqa dinga e’tiqod qiladigan rahbarlar musulmon talabalarning hijob va soqoliga hech qanday qarshilik qilmaydi, ular buni Islomning ajralmas qismi ekanini tushunishadi, hattoki ta’lim dargohida namoz o‘qishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishmoqda. Bizdagi «qalbi toza»musulmon rahbarlar esa har qanday namoz o‘qigan yoki hijobli muslimalarga shubhali shaxs sifatida qaraydi. Hatto yon qo‘shnimiz hisoblangan Qirg‘izistonda yoki Rossiyada ham hijob va soqol bilan bemalol har qanday tashkilotda ishlash yoki ta’lim olish mumkin.

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

O‘zbekistonda biz yoshlarning diniy huquq va erkinliklari to‘la ta’minlanishini o‘zingizning shaxsiy nazoratingizga olishingizni iltimos qilaman. Sizning ta’biringizcha aytganda, ko‘plab rahbarlar hali hanuz eskicha ishlashdan voz kecha olmayotgan qaltis bir pallada ko‘p narsa sizning shaxsiy irodangizga bog‘liq. Eskicha tuzumda qotib qolgan, islomofob rahbarlarning ko‘pchiligi shaxsan O‘zingiz bu masalada tashabbus qilmaguningizcha bizga amaliy yordam ko‘rsatishga qodir emas.

Konstitutsiyaviy sud raisi, hurmatli B.Mirboboyev!

Ushbu masalada qonunosti hujjatlarining Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga mosligini tekshirib, o‘z hulosalaringizni jamoatchilikka e’lon qilishingizni so‘rayman.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili, Ombudsman, hurmatli Ulug‘bek Muhammadiyev!

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining diniy huquq va erkinliklarini qo‘pol ravishda buzayotgan ushbu oliy ta’lim dargohlarining ichki tartib-qoidalari hamda nizomlari to‘g‘risida o‘z vakolatingizdan kelib chiqqan holda tavsiyalar va xulosalar berishingizni so‘rayman.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, hurmatli Ortiqbek Yusupov!

Yaqinda AQSh davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan diniy erkinliklar cheklangan davlatlar ro‘yxatida O‘zbekiston Respublikasining ham mavjudligiga Diniy qo‘mita o‘z raddiyasini e’lon qildi.

Ana endi shu raddiyaga muvofiq oliy ta’lim dargohlari va ayrim tashkilotlarda diniy huquq va erkinliklarni qo‘pol ravishda buzayotgan tartib-qoidalarni bekor qilish borasida ham jonbozlik ko‘rsatishingizni so‘rayman. Axir, oltmishdan ortiq oliy o‘quv yurtida va ko‘plab tashkilotlarda diniy huquq hamda erkinliklar buzilib turishi sizlar keltirgan raddiyaning ayrim qismlarida Prezident ta’biricha ayganda statistlikka yo‘l qo‘yilib, asl holat yashirilganidan dalolat qiladi.

Aholining ma’lum qismigagina berilgan va ilm olish, yurt farovonligiga hissa qo‘shishni istagan yosh musulmonlar uchun ta’lim muassasalari ichki qoidalari ro‘kach qilinib mahrum qilingan diniy erkinlikni tom ma’nodagi erkinlik deb atash mumkinmi?

Sizdan vakolatingiz doirasida ta’lim muassasalaridagi holatni o‘nglash chora-tadbirlari xususida o‘z tashabbusingizni xalqqa izhor etishingizni so‘rayman.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, hurmatli Inomjon Majidov!

Bu borada O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatini o‘rganib chiqishingizni hamda ichki tartib-qoidalar bo‘yicha Ilmiy kengashning adolatli, qonuniy qarorini chiqarishingizni so‘rayman. Ta’lim sohasida, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich ta’kidlaganidek, rivojlangan xorijiy davlatlarning tajribalarni o‘rganib, yurtimizga tatbiq etishingizni so‘rayman. Masalan, AQSh, Yevropa, Yaponiya va Koreya, Turkiya davlatlarida talabalarning kiyimi, hijob va soqollari o‘qishiga qanday ta’sir qiladi va shu kabilarni o‘rganib O‘zbekiston ta’lim muassasalaridagi taqiqlar va rivojlangan davlatlardagi holatni tahliliy bayonini omma e’tiboriga taqdim qilishingizni so‘rayman.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori vazifasini bajaruvchi, hurmatli Valijon Hoshimov!

2018 yilning 31 yanvar kuni qabulingizga kirganimda menga ro‘mol va soqol borasida qonunchilikda hech qanday ruxsat yo‘q hamda Islom dini bu narsalarni talab qilmaydi degan edingiz. Men bu borada qonunchilikda ko‘rsatilgan normalar va din tarafidan buyurilgan dalillarni keltirib o‘tdim. Marhamat, tanishib chiqishingiz mumkin.

Farrux Abdusattorov,
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti xalqaro munosabatlar fakulteti 4-bosqich talabasi


Izoh: Murojaatnoma xati 02.02.2018 sanasida yuqorida zikr etilgan rahbarlarning barchasiga elektron shaklda yuborildi.

«Azon.uz» saytidan olindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring