Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Jar»da o‘tgan kikboksing bo‘yicha chempionatdan so‘ng shifoxonaga tushgan 17 yoshli sportchi chuqur komada

«Jar»da o‘tgan kikboksing bo‘yicha chempionatdan so‘ng shifoxonaga tushgan 17 yoshli sportchi chuqur komada

Sanjar Salimov (chapdan birinchi)

Foto: Sarvar G‘aniyev arxivi

Har bir inson farzandining jismonan sog‘lom va baquvvat bo‘lib voyaga yetishini istaydi. Jigarbandining sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratgan ota-ona borki, faqatgina yaxshi natijalardan umidvor bo‘ladi. Farzandi chempion bo‘lib, qalbini faxru iftixorga to‘ldirishini orzu qiladi.

«Xabar.uz» tahririyatiga murojaat yo‘llagan toshkentlik Sarvarxon G‘aniyev ham o‘g‘lini ana shunday orzu-umidlar bilan kikboksing to‘garagiga bergan edi. Ammo bundan bir necha kun oldin yuz bergan noxush hodisa uning orzularini chilparchin qildi...

Ota shunday hikoya qiladi:

«O‘g‘lim Sanjar 6 oydan beri sportning kikboksing turi bilan shug‘ullanib keladi. 14-aprel, shanba kuni Toshkentdagi «Jar» stadionida shahar chempionatida ishtirok etishini eshitib, nihoyatda xursand bo‘ldik. Chempion bo‘lishini tilab, duolar qildik.

Tushga yaqin chempionat natijasini bilish uchun unga qo‘ng‘iroq qildim. Telefoni o‘chirilgan ekan. Qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilib bog‘lana olmagach, kichik o‘g‘limga qo‘ng‘iroq qilib, voqeadan xabar topdim».

Sanjarning murabbiyi Jasur Alijonov voqeani quyidagicha hikoya qiladi:

«Jangdan so‘ng Sanjar kiyinish xonasida hushidan ketdi. Uning tili tortilib ketayotganini ko‘rib, yordamga shoshildim. Tilini ushlab turdim, keyin musobaqaga biriktirilgan shifokorlar yetib kelishdi. Ular birinchi yordam ko‘rsatish uchun ukol qilishdi, oradan 10-15 daqiqa o‘tgach ham o‘ziga kelmagach, 1-bolalar shifoxonasiga olib ketdik».

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nima uchun boshidan jarohat olib hushini yo‘qotgan sportchi Respublika neyroxirurgiya ilmiy markazi yoki Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga emas, aynan shu shifoxonaga olib ketilgan? Axir bu shifoxonada neyroxirurgiya bo‘limi yo‘q-ku? Shifokorlarning uquvsizligimi bu yoki boshqa sababi bormi? Axir «Jar» stadionidan har ikki shifoxona deyarli bir xil masofada joylashgan-ku?! Bu savollar hozircha javobsiz.

Eng ayanchlisi shundaki, bemor yigit 1-bolalar shifoxonasiga yetkazilgandan so‘ng ham unga deyarli hech qanday tibbiy yordam ko‘rsatilmagan (chunki yuqorida aytganimizdek, bu shifoxonada neyroxirurgiya bo‘yicha na bo‘lim, na mutaxassis bor). Sarvar akaning aytishicha, o‘g‘li shu yerda ambulatoriya mashinasi yo‘qligi uchun bir soatdan oshiqroq qolib ketgan. Oxir-oqibat «Doktor D» klinikasi avtomashinasi chaqirilib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yetkazilgan.

Sanjar shifoxonaga olib kelinishi bilanoq operatsiya qilindi, ammo hozir o‘ta og‘ir ahvolda va ahvoli kundan-kunga og‘irlashmoqda. Unga miyaga qon quyilishi, 3-bosqich koma holati diagnozi qo‘yilgan.

Sanjar Salimov — old qatorda o‘ngdan birinchi
Foto: Sarvar G‘aniyev arxivi

Sportchi yigitning bunday ahvolga tushib qolishiga kimlar, qanday omillar sabab bo‘lgani, musobaqa tashkilotchilarining mas’uliyatsizligi-yu shifokorlarning uquvsizligi haqida hozircha jim turamiz. Chunki shu kunlarda mazkur masalada huquqni muhofa qiluvchi organlar hamda «Xabar.uz» muxbiri surishtiruv olib bormoqda. Tez orada voqea tafsilotlarini hukmingizga havola etamiz.

Ayni paytda esa eng muhimi — bemorning oyoqqa turib, ota-onasining bag‘riga eson-omon qaytishi.

«Ko‘pchilikning duosi ijobat bo‘ladi deyishadi. Iltimos, o‘quvchilaringizga, bag‘rikeng yurtdoshlarimizga ayting, o‘g‘limni duo qilishsin. Shifokorlar umid juda kam deyishyotgan bo‘lsa-da, biz mo‘’jiza ro‘y berishidan juda-juda umidvormiz. O‘z oyog‘i bilan musobaqaga chempion bo‘lish uchun ketgan o‘g‘limning taqdiri bu taxlit yakun topishi mumkin emas», — deydi Sarvar aka.


Tahririyatdan: aziz yurtdoshlar! Noxush voqea tufayli o‘n yetti yashar navqiron yigit haqiga duo qilishingizni so‘raymiz. Zora sizning duongiz sabab Sanjar yana hayotga, oilasi, ona-onasining bag‘riga qaytsa.  

«Xabar.uz» bu kabi holat qayta takrorlanmasligi uchun ham ushbu masalani chuqur o‘rganadi va sizning hukmingizga havola etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring