Joriy yil uchun minimal iste’mol xarajatlari qiymati belgilandi
2026-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming so‘mni tashkil etdi.
Statqo‘mning ma’lum qilishicha, bu 2025-yil (yillik) inflyasiyaning oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar bo‘yicha narx indekslari asosida alohida indeksatsiya qilish natijasiga ko‘ra hisoblab chiqilgan.
Qayd etilishicha, Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:
- davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
- mamlakatning kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
- kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
- pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.
O‘zbekiston Respublikasida ham mazkur amaliyot ilg‘or xalqaro tajriba va tavsiyalar asosida ishlab chiqilgan va o‘rnatilgan tartibda qabul qilingan uslubiyot asosida amalga oshirib kelinmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter