Kelgusi yildan paketlarni bepul berish taqiqlanadi

Mamlakatimizda 2019-yil 1-yanvaridan polimer plyonkali paketlarni bepul berish, ularning narxini O‘zbekiston Respublikasi hududida sotiladigan tovarlar narxiga qo‘shish, shuningdek, ularni o‘z tannarxidan past narxlarda sotish (tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan paketlar bundan mustasno) taqiqlanadi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilab qo‘yildi.
Mavzuga doir: Atrof-muhitni ifloslantirganlarni fosh qiluvchi veb-portal yaratiladi
Qarorga ko‘ra, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida qalinligi 40 mikrondan kam bo‘lgan polimer plyonkali paketlarni ishlab chiqarish (eksport uchun ishlab chiqariladigan, tutqichsiz va tovarlarning ajralmas qismi hisoblangan, xo‘jalikda foydalanish uchun rulonlarda sotiladigan polimer plyonkali paketlar, shuningdek, biologik chiriydigan polimer materiallardan tayyorlangan paketlar bundan mustasno) taqiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi hududiga polimer plyonkali paketlarni (TIF TN bo‘yicha 3923 21 000 0, 3923 29 100 0, 3923 29 000 kodli) olib kirish, jismoniy shaxslar tomonidan tovarlar va shaxsiy buyumlarni tashish va qadoqlash uchun olib kiriladigan paketlar, shuningdek, tamg‘alangan yuk bo‘linmasida tranzit tarzida olib o‘tiladigan tovarlar bundan mustasno.
Aytish kerakki, qarorda ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qulay shart-sharoitlar yaratish, aholi punktlarining sanitariya holatini lozim darajada shakllantirishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim tizimli muammolar qatorida aholi yashash punktlarining ifloslanishiga sabab bo‘layotgan polimer plyonkali materiallardan haddan tashqari ko‘p foydalanilgani va ular tarqalgani, shuningdek, muqobil biologik chiriydigan materiallardan foydalanish tizimi mavjud emasligi qayd etilgan.
Qarorning mazkur bandi talablariga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasiga topshirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter