Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koinotni zabt etgan o‘zbek limoni

Koinotni zabt etgan o‘zbek limoni

Foto: «Xabar.uz»

Toshkent limoni deganda odamlar ko‘z o‘ngida Toshkent viloyati, Sazor qo‘rg‘onida tavallud topgan, o‘zbek limonchilik maktabining asoschisi Zayniddin Faxriddinov gavdalanadi. O‘zbek bog‘dorchilik sir-asrorlarini dunyoga yoyishga munosib hissa qo‘shgan bu zahmatkash insonning izlanishlarini nafaqat soha vakillari, jurnalistlar, yozuvchilar, jamoat arboblari, balki hatto fazogirlarning ham qiziqishiga sabab bo‘lgan. Chunki aholining sitrus mevalarga ehtiyoji doimo yuqori bo‘lgan.

Akademik Qibray tumani hududida 70 gektarli issiqxona bunyod etilib, limonzor yaratilishiga bosh-qosh bo‘ladi.  Xalq seleksioneri Zayniddin Faxridddinov tomonidan F-2, «Yubileyniy», «Zolotoye yabloko», «Toshkent», «Meyer» singari mahalliy navlari yaratiladi.

Eng qizig‘i, ilk bor issiqxonadagi limon gullaridan asal olishga erishilgan.

«To‘g‘ri asalarilarga qo‘shimcha ozuqa berilmagani sabab juda kam bol yig‘ilar edi, — deb eslaydi u kishining qizlari, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Ra’no Xo‘jayeva. — Ushbu kamyob ne’mat idishlarga olib qo‘yilar, limonzorimizga kelgan eng aziz mehmonlarga tortilar edi, bu asal, ayniqsa limonzorga ko‘p bor tashrif buyurgan atoqli davlat arbobi Sharof Rashidov va birinchi prezidentimiz Islom Karimovga juda manzur bo‘lgan edi. Limonzorimizga fazogir Vladimir Jonibekov ham tez-tez tashrif buyurgan. U fazoga olib chiqilgan o‘zbek limonini birinchi bo‘lib tatib ko‘rganini to‘lqinlanib gapirib bergani ham ko‘z o‘ngimda».

Bu bog‘dagi limonning kattaligini ilk bor ko‘rgan chet ellik mehmonlar ham hayratini yashira olmagan.

«1982 yilning bahorida men otamning yonlarida edim, — deya xotiralari bilan o‘rtoqlashadi Ra’no Xodjayeva. — Bir payt ukam Muhammadaziz Shamsiddin qori hamrohligida Arabistondan mehmonlar kelganini aytib qoldi. Otam mehmonlarni kutib olish uchun chiqib ketdi va Arabistondan kelgan mehmonlarni limonzorga boshlab kirdi. Shu payt mehmonlar limon daraxtida oslib turgan har bir donasi 2-2,5 kilo keladigan limonlar oldida to‘xtab: bu qovunmi, qovun ham daraxtda o‘sadimi, deb hayratini yashirolmay qolishdi».

Shundan so‘ng bog‘bon Arabistonga bir necha bor safar qiladi va u yerda ham limonzor bog‘ yaratib keladi.

Bog‘bonning uyida bir daftar saqlanadi. Bu daftarga limonzorga tashrif buyurgan barcha insonlar o‘zlarining dil so‘zlarini yozib qoldirishgan.

«Bu pokiza boqqa kirsang, bahri diling ravshan bo‘lur». Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasining birinchi prezidenti.

«Bu hamisha mevazor, ajoyib bog‘ning sehrgari yaratgan hosilni Zayniddinboyning aqli, idroki, iste’doi, san’ati, deb qarayman va shunday mahoratli xalqim farzandiga ta’zim qilaman». Zulfiya, shoira.

«... Marsda kelajakda olma gullashi mumkin. Ana o‘shanda ishonchim komilki, sizning limonlaringiz ham u yerda hosil berajak. Katta rahmatim, zaminqadar ehtiromimni qabul etgaysiz». V.Grechko, kosmonavt-uchuvchi.

«Bu yerga qancha odamlar kelmasin, menimcha har kim Zayniddin Faxriddinovga chin yurakdan rahmat olqish aytib ketadi… Bog‘bonchilik ko‘p hunarning eng sarasidir...» Chingiz Aytmatov, yozuvchi.

Bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Biz esa Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan mana shunday yurt ravnaqiga hissa qo‘shgan aziz insonlarni yana bir bor xotirlashga imkon topdik. Ular yaratgan bog‘ shoira Zulfiya aytganidek: «Bu bog‘lar bir bog‘lar bo‘ladi hali...»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring