Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ko‘ngilli terimchilar paxta hududlariga yuborilmoqda

Ko‘ngilli terimchilar paxta hududlariga yuborilmoqda

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan iqtisodiy manfaatdorlik asosida ixtiyoriy paxta yig‘im-terimiga chiqish istagida bo‘lgan fuqarolarni uyushtirilgan tartibda paxta hududlariga yuborish boshlandi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, paxta terimida ixtiyoriy qatnashish istagida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishonch tarmoqlariga murojaat qilgan fuqarolarning bir guruhi, ya’ni 96 nafari joriy yil 16 sentyabr kuni Xorazm viloyati Urganch shahridan Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga tashkillashtirilgan tartibda kuzatildi. Ko‘ngilli fuqarolarning aksariyati Shovot, Yangiariq va Urganch tumanlaridan murojaat qilishgan.

Foto: Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, bu yilgi paxta terimi faqatgina ixtiyoriy tarzda amalga oshirilib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining terimuzbot telegram tarmog‘i, www.terim.uz sayti, shuningdek, 200-06-02 telefon raqami va Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali tashkillashtiriladi. Ko‘ngilli sifatida murojaat qilgan fuqarolarga davlat tomonidan transport xizmatlari, yotoq joy hamda tushlik bepul ta’minlanadi.

Bu yilgi paxta mavsumida aholi kam bo‘lgan hududlar uchun alohida tartib belgilanib, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida, shuningdek Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Nishon va Kasbi, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Muzrabot tumanlarida qo‘lda terilgan 1 kg paxta uchun birinchi terimda – 950 so‘m, ikkinchi terimda – 1150 so‘m va uchinchi terimda – 1300 so‘m, boshqa hududlarda esa 1 kg paxta uchun birinchi terimda 650 so‘m, ikkinchi terimda 850 so‘m va uchinchi terimda 1000 so‘m to‘lanishi belgilangan.

Paxta terimida ixtiyoriy tarzda qatnashish istagini bildirgan fuqarolarning huquq va manfaatlari davlat tomonidan himoya qilinadi hamda ular uchun paxta mavsumida barcha zaruriy sharoitlar yaratib beriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring