Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Magnitogorsk qahramoni» Milliy gvardiyada xizmat qilish istagida

«Magnitogorsk qahramoni» Milliy gvardiyada xizmat qilish istagida

Foto: Yoshlar media markazi

Rossiyada jasorat ko‘rsatib, «Yaxshilik qilishga shoshiling» medali bilan taqdirlangan Olamafro‘z Abdullayevni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari Toshkent Xalqaro aeroportida kutib olishdi. Bu haqda Yoshlar media markazi ma’lum qildi.

U 2018-yilning 31-dekabr kuni Magnitogorsk shahridagi turar joy binosi portlashidan keyin o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, yordam berishga oshiqqan va Rossiya FVV qutqaruvchilari kelgunga qadar vayronalar orasidan 8 kishini qutqarib qolgan. 2019-yilning 6-fevral kuni Chelyabinsk viloyati gubernatori Boris Dubrovskiy va hududning inson huquqlari bo‘yicha vakili Margarita Pavlova O‘zbekiston fuqarosiga medalni topshirdi.

Dovyurak yigitning xizmatlari O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri va bosh konsulxona vakillari tomonidan ham rag‘batlantirildi.

—O‘sha kuni hodisa joyiga shoshildim. U yerga yig‘ilganlarning aksariyati yong‘inni tasvirga olish bilan ovora edi. Binoning uchinchi, yettinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchi qavatlarida yong‘in ko‘tarilgandi. Uchinchi qavatdagi ayolga ko‘zim tushdi va o‘sha xonadonga otildim. Ikkita yosh bola va bir ayolni ko‘chaga olib chiqdim. So‘ng tepa qavatlarga ko‘tarilib, u yerdan ham 5 kishini alangadan qutqarib, xavfsiz joyga olib o‘tdim, — deydi Olamafro‘z Abdullayev. — Men bu ko‘makni qahramonlik deya olmayman. Mening o‘rnimda boshqa o‘zbek yigiti bo‘lganda ham insonlarni olovda jabrlanishini tasvirga olgandan ko‘ra, qutqarishni afzal bilardi. Bu gaplarni Rossiyada medal bilan taqdirlashganlarida ham aytganman. To‘g‘risi, o‘sha kun taqdirlash va Rossiyaning har qanday universitetiga talabalikka imtiyoz berilishidan biroz hijolat ham bo‘ldim va bu imtiyozni rad etdim. Chunki insonlarni o‘z manfaatim uchun, talaba bo‘lish uchun qutqarib qolmaganman.

7 yildan buyon Rossiyada qurilish sohasida mehnat qilib kelayotgan Olamafro‘z sportning bir qancha turlari bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda, «Kudo» va «Greppling» yo‘nalishlari bo‘yicha muvaffaqiyatlarga erishgan. Kelgusidagi maqsadi esa O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qo‘shinlari safida xizmat qilish. U joriy yilda Milliy gvardiya harbiy-texnika institutiga o‘qishga kirish niyatida ekanligini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring