Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Keling, ularning yaxshi yashashiga imkon beramiz»

«Keling, ularning yaxshi yashashiga imkon beramiz»

Foto: «Xabar.uz»

Nukus shahrida reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan birinchi maktabgacha ta’lim muassasasi ochildi.

Bugun, 4-aprel kuni Nukus shahrida O‘zbekistonda birinchi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edik. Ushbu tadbirni yoritish uchun Maktabgacha ta’lim vazirligi jurnalistlar uchun Qoraqalpog‘istonga press-tur uyushtirdi.

«Xabar.uz» muxbirining xabar berishicha, Nukus shahrida reabilitatsiya-ta’lim muassasasining qurilishi va uning jihozlanishi xorijiy va mahalliy investorlarning beg‘araz yordami hisobidan amalga oshirilgan.

— Dastlab, aynan Qoraqalpog‘iston Respublikasini tanlaganimizning sababi bu yerda nogiron bolalar soni oshib bormoqda. Ular ko‘makka muhtoj. Keling, ularga ishonch beramiz, yaxshi yashashiga imkon, qanot beramiz, — deya ta’kidladi Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va strategik rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahnoza Mirziyova.

Maydoni 3 447 kv. metr bo‘lgan ikki qavatli binoda standart xonalardan tashqari basseyn, davolash-jismoniy tarbiya zali, 2ta fizioterapiya xonasi, 2ta massaj xonasi, sensor xonasi, mayda motorikani rivojlantirish, ijtimoiy-maishiy moslashish, musiqa va art-terapiya xonasi, ortoped, psixolog, pediatr, diyetolog, logoped, reabilitolog, psixonevrolog, metodist va navbatchi shifokor xonalari mavjud.

— Orolbo‘yi mintaqasida bolalar salomatligi masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2018-yilning 1-yanvar holatiga 7 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar soni 2013-yilga nisbatan 17,5 foizga oshdi. Shu munosabat bilan respublika Prezidentining tashabbusiga ko‘ra, Nukus shahrida O‘zbekistonda birinchi reabilitatsiya-ta’lim muassasasi tashkil etildi, — dedi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin. — Bu yerdagi bolalar ilgari ijtimoiy-madaniy muhitga qo‘shila olmas edilar. Ko‘p tarbiyalanuvchilar hayotining asosiy qismini uy devorlari ortida o‘tkazardilar. Shuningdek, biz Nukus shahrida erta aralashish tamoyilini amalga oshirishni boshlamoqdamiz. Ma’lumki, bola miyasining 85 foizi hayotining birinchi 5 yili mobaynida rivojlanadi. Jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalar haqida gap ketganda, mashg‘ulotlarning har bir kuni muhim ahamiyatga ega. Korreksion-rivojlantiruvchi ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirishni ta’minlash maqsadida biz ushbu maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish yoshini 3 yoshdan 2 yoshgacha pasaytirdik.

Nukus shahridagi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi Orolbo‘yi mintaqasining chekka hududlarida yashovchi bolalar ushbu muassasada tunda qolishi uchun haftasiga 5 kun mobaynida tunu-kun ishlaydi. Kunning birinchi yarmida tarbiyalanuvchilar maxsus pedagogika bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tamomlagan tarbiyachilar bilan o‘quv dasturi bo‘yicha shug‘ullanadilar, kunning ikkinchi yarimda esa shtatdagi tibbiy xodimlar nazorati ostida sog‘lomlashtirish-reabilitatsiya muolajalaridan o‘tadilar.

— Nukusda endi nogiron bolalari bor onalar ham ishlay oladi, chunki endi ularning bolalari ishonchli qo‘llarda. Boshqa davlatlar uchun ham metodologik markaz bo‘ladi. Bunday markazlar boshqa viloyatlarda ham bo‘ladi, — dedi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva.

Foto: «Xabar.uz»

Reabilitatsiya markazining korreksion-ta’lim xonalari parafin pechi, tibbiy trenajyorlar, quruq massaj vannalari, neyro-ortopediya pnevmokostyumlari, mobil stenderlari, ortopediya velosipedlari, yotiq samokatlar, moslashuvchan kreslolar, vestibulyar apparatni rivojlantirish uskunalari, sensor integratsiyasi mahsulotlari, «Saundbim» tizimi va fizioterapiya apparatlari kabi xorijiy uskuna va inventarlar bilan jihozlangan.

Mening nabiram «men ham endi eshityapman», deganda qanchalar xursand bo‘lganimni shunchaki tariflay olmayman, — deydi Rohatoy Iskenova. — Bolalarga aralashishini, mana shunday joylarda o‘zini boshqacha his qilishini tasavvurimga sig‘dirolmagandim...

Davolash tadbirlari rivojlanishda buzilishlarni tuzatishga, tibbiy reabilitatsiya va ijtimoiy moslashuvga yo‘naltirilgan. Shuningdek, reabilitatsiya markazida maktab yoshidan o‘tgan jismoniy rivojlanishida turli nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ham muolajalar o‘tkaziladi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi reabilitatsiya markazlariga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarini respublikaning boshqa hududlarida qurish va foydalanishga topshirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring