Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Intervyu: MIB xodimlarining maxsus formasi, o‘zboshimcha iste’molchilarga jinoiy jazo va boshqalar haqida

Intervyu: MIB xodimlarining maxsus formasi, o‘zboshimcha iste’molchilarga jinoiy jazo va boshqalar haqida

Majburiy ijro byurosi davlat inspektorlarining maxsus kiyimi va xodimlarga ajratilgan avtomobillar

Foto: «Xabar.uz»

Kecha, 11-yanvar kuni Majburiy ijro byurosi (MIB) direktori Botir Qudratxo‘jayev bilan intervyuning birinchi qismini e’tiboringizga havola qilgan edik. Quyida ushbu suhbatning ikkinchi qismini o‘qishingiz mumkin.

— Ayting-chi, energiya resurslarini hisobga olish uskunalarini o‘rnatish  va plombalash ishlari qay tartibda amalga oshiriladi?

— Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-iyuldagi 484-sonli qarori bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib beruvchilar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga asosan, elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish uskunalarini o‘rnatish energiya resurslari yetkazib beruvchilar tomonidan MIBning tuman va shahar bo‘limlari xodimlari ishtirokida amalga oshiriladi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish uskunalari tashqi ta’sirdan yuqori darajali himoya hamda farqlovchi belgi bilan plombalanadi.

Iste’molchilarga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish uskunalarini o‘rnatish hamda ularni plombalash iste’molchilar ishtirokida amalga oshiriladi.

Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish uskunalarini o‘rnatish va plombalash haqida uch nusxada dalolatnoma tuziladi, u energiya resurslari yetkazib beruvchilar va MIBning mas’ul xodimlari hamda iste’molchi tomonidan imzolanadi.

Iste’molchilar elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlarni qachon amalga oshirishlari kerak? Qanday hollarda ular tarmoqdan uzib qo‘yiladi?

— O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 29-maydagi «Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan, 2017-yil 1-iyuldan boshlab iste’molchilar — jismoniy shaxslar har oyning 10-sanasiga qadar o‘tgan oyda iste’mol qilingan energiya resurslari uchun to‘liq hisob-kitoblarni amalga oshirishi, yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga energiya resurslari oldindan 100 foizlik haq to‘lash sharti bilan yetkazib berilishi lozim.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-iyuldagi 484-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Iste’molchilarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga asosan:

— shartnoma majburiyatlari bajarilmaganda, shu jumladan, hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani oqibatida foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun qarzdorlik mavjud bo‘lganda;

— Byuro talabnomalari ijro etilmaganda, shu jumladan, uning vakillariga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish uskunalariga ko‘rsatkichlarni olish uchun ruxsat etilmaganda;

— elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-toroj qilish yoki elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzishning boshqa holatlari aniqlanganda;

— elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish priborlari qasddan buzilganda, ko‘rsatkichlarni o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashilganda iste’molchilar elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yiladi.

Iste’molchilarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish ularni qayta ulash tegishlicha energiya resurslari yetkazib beruvchi korxonalar va MIB tomonidan amalga oshiriladi hamda bu jarayon dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.

Tarmoqqa noqonuniy ravishda ulanganlarga nisbatan ko‘riladigan huquqiy ta’sir chorasi haqida ham ma’lumot bersangiz. Bunday holat bir necha bor sodir etilgan taqdirda, qonunchiligimizda qanday javobgarlik belgilangan?

— Elektr va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulangan iste’molchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 101-moddasiga asosan, eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha miqdorda jarima belgilangan.

Agar shaxs shunday harakatlarni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etgan taqdirda, Jinoyat kodeksining 1852-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, agar mazkur shaxs birinchi marta jinoyat sodir etgan va jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 1852-moddasi 6-qismi tatbiq etilib, javobgarlikdan ozod etiladi.

— Har xil tovlamachilik va firibgarliklarning oldini olish maqsadida MIB xodimlari maxsus kiyim (uniforma) kiyib yurishi belgilangan. Byuro xodimlari ham ushbu qoidalarga rioya etishmoqdami? Chunki, bilasiz, ba’zi hollarda aholi vakillari boshqa firibgar yoki qallob shaxslarga ishonib qolishi mumkin.

Majburiy ijro byurosi davlat inspektorlari uchun ajratilgan mopedlar
Foto: «Xabar.uz»

— Byuro tashkil etilgandan so‘ng qisqa vaqt ichida tuman (shahar) bo‘limlari davlat inspektorlarini xizmat kiyimi bilan to‘liq ta’minlash choralari ko‘rildi. Bundan tashqari, ularga xizmat guvohnomalari va jetonlar berildi.

Xususan, MIB direktori tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq, xizmat vazifasini bajarish vaqtida xodim xizmat kiyimini kiyishi hamda uning yonida xizmat guvohnomasi va jetoni bo‘lishi shart.

Shu bois, yurtdoshlarimiz o‘zini «Byuro davlat inspektori» deb tanishtirgan shaxsdan eng avvalo uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, ya’ni xizmat guvohnomasini ko‘rsatishni talab qilishi hamda jetoni mavjudligiga e’tibor qaratishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bobur Nabi suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring