Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Minor» masjidida o‘g‘irlik qilgan shaxs sakkiz yilga qamaldi

«Minor» masjidida o‘g‘irlik qilgan shaxs sakkiz yilga qamaldi

Foto: «Xabar.uz»

Farg‘onalik fuqaro Nodir Ergashev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2018-yil 24-yanvar kuni Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan Minor jome’ masjidiga o‘g‘rilik qilish maqsadida boradi. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Tahoratxonaga bosh suqqan bu kimsa peshin namoziga kelgan fuqarolarning shu yerda ilib qo‘yilgan kiyim-kechaklari tomon yuradi. Hech kim yo‘qligidan foydalanib, kiyimlarning cho‘ntaklarini kovlab ko‘radi. Bitta kurtkaning cho‘ntagidan chiqqan 400 ming so‘m pulni olib, voqea joyidan yashirinadi. 

Xabarda aytilishicha, u avval ham bunday qilmishlari uchun bir necha bor sudlangan. Ammo u bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmadi, qing‘ir yo‘ldan qaytmadi.

Bundan tashqari, u 2018-yil 15-fevral kuni xuddi shu masjid tahoratxonasiga kirib, fuqaro M.Ravshanovga tegishli kurtka cho‘ntagidan 650 ming so‘m pulni olib, voqea joyidan yashiringan.

Har ikki jabrlanuvchi ham masjid xodimlariga murojaat qilgan va xodimlar kuzatuv kamerasi tasvirlarini sinchiklab ko‘rishgan. Ularda N.Ergashevning pulni olgani muhrlanib qolgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Bektemir tumani sudida mazkur jinoyatlarga oid ish ko‘rib chiqildi. Jinoyatga baho berishda sudlanuvchining qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekani, oilaviy sharoiti og‘irligiga e’tibor qaratildi. Biroq u bir necha bor sudlangan, avval yengilroq jazo tayinlangan bo‘lsa-da, bundan tegishli xulosa chiqarmagan. Qisqasi, u o‘ziga berilgan imkoniyatdan foydalanmagan, biror ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanmagan. Aksincha, qasddan jinoyat sodir etish yo‘liga o‘tgan. Ana shular hisobga olinib, N.Ergashevga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan uzil-kesil sakkiz yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar tegishli tartibda qoplab berilishi belgilandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring