Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mitti hikoyalar: «Insof-insof» qanday o‘yin?

Mitti hikoyalar:  «Insof-insof» qanday o‘yin?

 Rassom

Juda ko‘p o‘ylandim. Yo ilhomim kelmayapti, yo g‘oya topolmayapman... Bir mo‘’jiza ro‘y bersa-yu shoh asar yaratsam! Unda dunyoning eng nozik va nafis go‘zalligi namoyon bo‘lsa... Ruhim yengillashib ijod charchog‘idan kresloga cho‘ksamu xayollardan rang olgan go‘zallikka mahliyo bo‘lsam!

Baribir ojizlik qildim, to‘g‘rirog‘i, qog‘ozdagi musaffolikni buzolmadim.

Fasl

Ona yoz jaziramasida non yopyapti. U butun dunyoga yetgulik non pishirdi. Orqasida nonga navbat kutayotgan olomonga bir razm soldi va peshonasidagi terni artib so‘z qotdi:

− Men ertaga non yopmayman!

− Nega?! – xavotirlangan olomondan ovoz keldi. – Sen ketsang dunyo och qoladi-ku?!

− O‘g‘limni sog‘indim... – u tandirga holsiz suyandi. – Ko‘rishga bormoqchiman.

− Axir o‘g‘ling qishda yashaydi-ku! – darg‘azab bo‘ldi kimdir. – Sen yozda bo‘lsang... Oraliqda kuz bor. Qancha chiranganing bilan baribir kuzdan o‘tolmaysan.

− Hayot bilan dillashdim. – yuzidagi tabassumni yashirmay qo‘lidagi oxirgi nonni olomonga uzatdi ona. – U meni qishga olib boradigan bo‘ldi.

Ona o‘g‘lini ko‘rishga ketdi. Ertasi kuni esa Qish keldi.

O‘yin

− «Insof-insof» o‘ynaymizmi?

− U qanday o‘ynaladi?

− Sen insof sotasan, men xarid qilaman.

− Unda men insofsiz bo‘lib qolar ekanman-da?

− Insofi borligini bilmagan yo‘qligini ham baribir bilmaydi.

− Mendan insof olgach, sen insofli bo‘lasanmi?!

− Ehtimol.

− Unda yashashing qiyinlashar ekan...

− Nega?

− Insofni asrash qiyin. Qalbakilashib qolishi mumkin.

− Demak, senga o‘xshab qolaman.

− Hozir kimga o‘xshayapsan...

− Bu bilan nima demoqchisan?

− Hech nima.

Nevara

− Bobo, yoshingiz nechada?

− Yetmish uchga kirdim.

− Bu qanday yoziladi?

− Yetti bilan uch yonma-yon yoziladi.

− Unda hali yosh ekansiz.

− Xo‘sh, qanchalik yosh ekanman?

− Men va singlim bilan teng ekansiz.

Eslatma

«O‘g‘lim, seni judayam sog‘indim... Otangning ham uyqusi qochgan, doim seni so‘raydi. Menga bildirmay yig‘layapti. Bilaman, sen qaytasan. Aytgancha, esingda bo‘lsin: o‘g‘lingning ismi Zafar».

Shifokor xo‘rsindi va bemorning yonidagi eslatmalardan to‘lib ketgan qog‘ozlar yoniga yopishtirib qo‘ydi.

Tong

U tug‘ildi.

− Uyg‘on, o‘g‘lim. Tong otdi.

− Siz kimsiz?

− Onangman.

Yillar o‘tdi.

− Uyg‘on, o‘g‘lim! Tong otdi.

− Siz kimsiz?

− Vaqtman.

Yana yillar o‘tdi.

− Uyg‘on, o‘g‘lim... Tong otdi.

− Kimsiz?

− Iymonman.

Yillar yakunlanib qoldi.

− Uyg‘on, o‘g‘lim... Endi tong otmaydi.

− Siz kimsiz?

− Senman.

Ulg‘ayish

– Ulg‘ayishni istamayman!

– Nega?

– Chunki... Otam qarib boryapti.

Ma’ruf Mengli

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring