Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muhammad Yusuf ruchkasini sindirgan kun. Uning ko‘zlari jiqqa yosh edi

Muhammad Yusuf ruchkasini sindirgan kun. Uning ko‘zlari jiqqa yosh edi

O‘zbekiston xalq shoiri, elimizning sevimli farzandi Muhammad Yusufning she’rlarini yod olmagan, qo‘shiqlarini sevib ting­lamagan inson kam bo‘lsa kerak. Uning sodda, ravon va xalqchil she’rlarida kattayu kichik o‘z dardu tashvishi, quvonchu shodligini his etadi, shuning uchun ham har bir satrini yuragiga jo qiladi. 

Bugungi suhbatdoshimiz – xalqimizning ana shunday erka shoiri Muhammad Yusufning hayotiga yelkadosh va hamnafas bo‘lgan rafiqasi, shoira,  «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni sohibasi Nazira as-Salom.

– Nazira opa, siz juda go‘zal adabiy muhitda kamol topgansiz. Oilangiz, qalbingiz, ishqingizga munosib yigit bilan ilk uchrashuvingiz qay tarzda kechgan? Demoqchimanki, she’riyatga oshufta dilingiz uni qanday tanigan?

– Men Toshkent shahridagi mashhur «Navoiy-30» deb nomlanuvchi nashriyotlar uyining 3-qavatida, «O‘qituvchi» nashriyotida talabalik yillarimdayoq, ya’ni 2-kursda sirtdan o‘qib yurgan kezlarimda ish boshlaganman. Nashriyotlarning barcha xodimlari shu binoning oshxonasiga tushlik qilgani tushishardi. O‘sha kuni men ham hamkasb dugonalarim bilan oshxonaga otlandim. Egnimda harir ko‘ylak, sochim mayda o‘rilgan, boshimda do‘ppi, nozikkina qiz edim. Negadir do‘ppi kiyish urf bo‘lmasa ham bu menga yoqardi. Hatto gohida zamonaviy kiyinganimda ham boshimga do‘ppi kiyib olardim.

O‘sha kuni oshxona eshigidan nariroqda 3-4 nafar yigit bahslashib turganini sezmay o‘tib ketayotganimizda ulardan biri menga qarab nimadir dedi. Men indamay, qaramasdan yo‘limda davom etdim. Taomlanib bo‘lgunimizcha yarim soatdan ko‘proq vaqt o‘tdi. Qaytib chiqayotganimizda esa eshik oldida qorachadan kelgan bir ozg‘in yigit turganiga ko‘zim tushdi. U kutilmaganda menda gapi borligini aytib, tinglashimni iltimos qildi. Men yana indamay o‘tib ketaverdim. Keyinchalik bilsam, bu yigit meni birinchi ko‘rganidayoq yonidagi do‘stlariga: «Mana shu qiz mening taqdirim. Ko‘rasizlar, shu qizga albatta uylanaman!» degan ekan. Shu tariqa u meni ko‘pincha bekatlarda kutib turadigan bo‘ldi. Ammo men o‘zimni ko‘rmaganga olib, sekingina qochib qolardim.

Nashriyot binosining uchta eshigi bo‘lib, men ishdan so‘ng atay har xil eshiklardan chiqar, tramvayda (16-tramvay men yashaydigan Bodomzor mahallasigacha yurardi) ketayotib, u yigitning meni kutib turganini ko‘rardim.

Bekatlarda men qolarman-da,

Aytar so‘zim qolib ketadi.

Tramvaylar seni har kuni

Bodomzorga olib ketadi –

she’ri o‘sha paytlari yozilgan.

Keyinchalik bilsam, harbiy xizmatga ketgan ekan. Oradan 2 yil vaqt o‘tgach, u yana bizning binoda paydo bo‘ldi.

Yigit endi uzoqdan meni kuzatayotganini, yonimga kelolmasa-da, nigohlarini sezib turardim. Ammo dadil yonimga kelolmasdi. U juda tortinchoq ko‘rinardi.

Kunlarning birida yurtdoshim Baxtiyor aka Muhammadiyev bilan so‘rashib o‘tarkanman, Baxtiyor aka, bu xonadoshim Muhammad, tanishinglar, o‘zi andijonlik, dedi. Keyin bilsam, u Nazira bilan tanishtirib qo‘y, deb bir necha bor u kishidan iltimos qilgan, Baxtiyor aka, yo‘q, u senga to‘g‘ri kelmaydi, deb paysalga solib kelarkan.

Shu-shu, Muhammad aka yo‘lakda uzoqdan ko‘rsa ham, sal egilib so‘rashadigan bo‘ldi. U juda kamgap ko‘rinardi.

Kunlardan bir kuni «Almanax» jurnalini xonamga olib kirdi-da: «She’rlaringiz chiqibdi. Olib keldim», deb mendan suyunchi oldi. Men jurnalni varaqlar ekanman, Muhammad Yusupov yozuviga va suratiga ko‘zim tushib: «Bu sizmi? Siz ham she’r yozasizmi?» dedim. U kulimsirab, ha, deganday ishora qildi. Shundagina uning ham she’rlar yozishini bildim.

Muhammad aka tanimasdan, oilamni bilmasdan umriga yo‘ldosh qilib meni tanladilar. Bir ko‘rishdayoq qaror qabul qilganlar. Yana meni ijodkor sifatida ham qadrlashlarini ko‘p bora isbotlaganlar. Ularning siymosida orzumdagi insonni ko‘rganman.

– Yangi oiladagi qanday voqea-hodisalarni, shoirning shoiraga shoirona munosabatlarini shirin xotira sifatida eslaysiz?

– Ular menga ko‘proq o‘zimning she’rlarimni o‘qitar, ayrim maslahatlari bilan birga she’r­larimga yuqori baho berardilar. Bu bilan meni rag‘batlantirmoqchi bo‘lar, ko‘proq yozishimni talab qilardilar. Men esa ularning she’rlari bilan tirik edim. Qayta-qayta o‘qiyverardim.

U kishi o‘ziga e’tiborni juda qadrlardi. Ba’zida uyda qolganimda ularni eshik oldigacha kuzatib chiqishimdan beg‘uborlik bilan sevinishlarini yashirolmas edi.

To‘ydan keyingi dastlabki paytlarda yaqin dugonam Xolidaning uyida, Chilonzorning Oqtepasida turardik. Hali o‘zimizning uyimiz yo‘q, Muhammad aka men birga ishlaydigan dugonam bilan aka-singilday munosabatda bo‘lib, oila a’zolarigacha juda inoq edilar. Shuning uchun bu taklifga rozi bo‘lganlar. Biz ota-onamizning bag‘rida yurgandek his qilardik o‘zimizni (Alloh rozi bo‘lsin ulardan). Dugonam, uning singlisi Farida bilan birga kinoga borardik, muhokamalar qilardik, she’rlar o‘qilardi. Hazil-huzul, tortishuvlar, samimiy suhbatlar qurardik.

Muhammad aka mening ijodimga juda e’tiborli edi. Hatto bir gal mendan yashirincha she’rlarimni yig‘ib, o‘zining she’rlari bilan bitta to‘p­lamga jamlagan. Buni mendan sir tutgan. To‘p­lam nashrdan chiqqach esa uni menga «syurpriz» qilgan edi. Men bundan norozi bo‘lganman. Chunki u kishi ancha tanilgan, to‘plamiga mening she’rlarim kirishi o‘zimga ham erish tuyulgan. O‘shanda Muhammad aka: «Siz mendan oldin tanilgan edingiz. O‘zingizga past baho bermang», deb menga dakki bergan edi. Shunday qilib, «Erka kiyik» to‘p­lami 50 000 nusxada nashr etilib, tezda tarqab ketdi. U kishi bunday «syurpriz»larni ko‘p qilar, mening ijodimga juda e’tiborli edi.

Vafotidan oldin ham shunday to‘plam tayyorlagan. Men uni vafotidan keyin nashr ettirishga istihola qildim.

– Ustozning she’riyatga va oilaga muhabbati orasida tafovut bormidi?

– Bu ikki muhabbat bir-birini doim to‘ldirib turgan. Shoirning shoirligi, bu – qismat!

Oilasi bo‘lmasa ham shoirlar she’r yozaveradi, lekin hayotda tushkunlikka tushib, devonavash, majnunona umr kechiradi, deb o‘ylayman. Hayotda bunga misollar ko‘p. Oila (risoladagiday oila bo‘lsa) uni mana shu tushkunlikdan, oila tashvishidan, hayotdagi zarbalardan asraydi. Shoirning oilasiga bo‘lgan munosabati shoirga emas, shoirning shaxsiyatiga daxldor, deb o‘ylayman. Shoir oilasini, farzandlarini yaxshi ko‘rsa, ulardan uzoqda ijod qilishi qiyin. Demak, oila ham ilhom manbaidir.

– Ijod lahzalari, ilhom nashidasini ko‘ngil uzib bo‘lmas go‘zal farishtaga qiyoslashadi. Shunday pallalarda umr yo‘ldoshingizning butun borlig‘i bilan ijodga sho‘ng‘ishi sizga e’tiborsizlik kabi tuyulmasmidi? Yoki ijodkor sifatida uni tushunarmidingiz?

– Muhammad aka, ilhom degan tushunchani tan olmagan. «Shoir nimadandir ko‘ngli to‘lsa, nimadandir ozorlansa she’r yozadi. She’r tup­roqqa aralashib yotadi. Uni topib, artib-surtib uyga olib kelasan», degan edi bir intervyusida.

Shoirning holatini shoir tushunmasa, kim tushunadi? U paytlar hushyor bo‘lmasang, bir ijod durdonasi yaralmay qolishi mumkin. U hech kimni ko‘rmayapti. Xayoli parishon. Olis-olislarga ko‘z tikib, goho jim, goho pichirlab, bezovta bo‘lyaptimi, tamom, unga xalaqit beradigan barcha ovozmi, harakatmi, bolalarmi, hammasini tinchitish kerak! Faqat imi-jimida, sezdirmasdan! Bolalar kichkina, bu holatni tushunmaydi, tushunishni ham istamaydi. Ammo ming hush­yor bo‘lsam ham, gohida men istamagan vaziyat yuz bergan vaqtlar ham bo‘lgan. Bir kuni qizim Nozima yugurib dadasining xonasiga kirib, tizzasiga o‘tirib olgan. Kutilmaganda ota o‘ziga kelib, qizchamizga ilkis ovozini ko‘tarib yuborgan. Nozima qo‘g‘irchog‘ini ko‘tarib, xo‘mrayib chiqib ketgan. Men yugurib kirganimda, Muhammad aka ruchkasini shart sindirib, menga qaradi. Ko‘zlarida jiqqa yoshni ko‘rib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Bir ozdan so‘ng uydan chiqib, Nozimani ko‘tarib oldi-da, yuzlaridan o‘pib, erkalab, undan kechirim so‘radi.

Kechasi esa yana ijodga sho‘ng‘idi. Sahar chog‘i ular uxlashga yotganida men sekin ish kabinetiga kirib, stoliga qaradim va nihoyat she’r yozilganini ko‘rdim. Uni o‘qir ekanman, ko‘zlarimdan tirqirab yosh quyildi. Bu she’r kechagi holatning mahsuli edi:

Shuhratga o‘ch bo‘lsam kerak men gumroh,

Yolg‘on bo‘lsa kerak dilda nolam ham. 

To‘pori baytlarim bitar paytim goh, 

Ko‘zimga ko‘rinmay qolar bolam ham. 

Olamni erkalab, erka so‘z izlab, 

Bolamni erkalab bir so‘z aytmayman. 

Mushukday suykalib kelsa ham, muzlab, 

Betidan bir o‘pmay uydan haydayman. 

Burchak-burchakda jim tortishar burun, 

Bilmam, qanday o‘yu xayol ichida. 

Tuzsiz she’rlarim deb shirindan-shirin

Qizlarim yurishar oyoq uchida.

Ular she’r yozmasin hech menga o‘xshab,

Mendan nafi ko‘proq tegar elimga.

Shoh asar bo‘lsa ham, tupurdim o‘sha –

Bolamni yig‘latib yozgan she’rimga.

Men Muhammad akaning o‘zi bilan o‘zi qolishini, yangi she’r dunyoga kelishining ruhiy holatlarini o‘zimga e’tiborsizlik deb tushunsam, ijodkor bo‘lmasdim va zo‘r shoirni yo‘q qilgan bo‘lishim mumkin edi...

 

– Muhammad Yusufning qizi bor xonadonlarda gulu rayhonlar unishi haqidagi betak­ror satrlari beqiyos. Shoirning ota sifatida qizlariga munosabati, muhabbati haqida yana gipirib bersangiz...

– Muhammad aka uchun qizlarining gapi gap, so‘zi so‘z, ularning nima xohish-istagi bo‘lsa muhayyo qilar edi. Bir kuni kenjatoyim Madina nimadir olib bering, deb xarxasha qilibdi (mendan buni sir tutishardi). Hazillashib, buning hozir iloji yo‘q, debdilar. Qizim arazlab olibdi. Muhammad aka xarid uchun bozorga ketdilar-da, qaytib kelib, kichkina paketni qizimning qo‘liga tutqazdilar. O‘zing ochib, mevalarni joyla, dedilar. Qizim xo‘mrayib, oshxonaga kirib ketdi-da, birdan «Urre-ye-ye-ye» deb qichqirib yubordi. Bilsam, mevalarning ichiga Madina so‘ragan narsani solib qo‘ygan ekanlar.

Muhammad aka qizlarini nafaqat erkalardi, shu bilan birga, ularga kattalarday muomala qilardi. Oilaga daxldor biror reja bo‘lsa meni ham, qizlarni ham yig‘ib, har birimizdan fikrimizni so‘rardi. Ayniqsa, to‘ng‘ichimiz Ma’sudaning har bir gapini jiddiy qabul qilar, kichkinalarning ham fikrini so‘rab qo‘yardi negadir.

Do‘rmondagi Yozuvchilar bog‘idagi kottejimizga yoz, bahor, kuzda hammamizni olib ketar, qizlarga mashina haydashni, futbol o‘ynashni o‘rgatar, hatto qozonda ovqat qilishni o‘z zimmasiga olardi.

Bog‘imizga har xil sabzavotlar ekishar, parvarishlashar, qizlari bilan birga yig‘ishtirib olayotganlarida quvonchlari ichiga sig‘masdi. Ba’zida «Oqtosh», «So‘qoq» dam olish maskanlariga olib borardi.

Katta qizimni uzatganimizda hech ko‘nikolmadilar. Har hafta uyiga borib, ko‘rib kelardilar. Qizim birinchi farzandi Bilolni dunyoga keltirganida men Andijonda bo‘lganman. Kelgunimcha undan xavotirlanib, tug‘ruqxonaga borib, qudalar bilan tonggacha o‘tirib chiqibdi. Tug‘ruqxonadagi ayollar hayron bo‘larmish, tanib qolib, derazadan qarasharmish.

– Ijod ahli borki, ko‘ngil odami bo‘lgani bois juda mehrtalab, etibortalab bo‘lishadi. Ular uchun moddiy boylik, to‘y-tomoshadagi oldi-berdi ahamiyatsiz. Hayotiy taj­ribangizdan kelib chiqib ayting-chi, shoirning rafiqasi qanday bo‘lishi kerak?

– Muhammad aka hech qachon moddiy boylik ortidan quvmadi. Bor imkoniyatlaridan birovlar uchun, xalq uchun foydalangan. Kimningdir kontrakt pulini to‘lashi, kimningdir mukofot olishi, kimningdir o‘qishga kirishiga yordam berganiga o‘zim guvohman. Ba’zi bilmaganlarimni esa, mana, 20 yildan beri eshitib kelyapman. Bu savob ishlari ham uning xalq ichida sevimli bo‘lishiga sabablardan bo‘lgan.

Qarangki, men ulg‘aygan oilaning tutumi ham xuddi shunday edi. 

Rahmatli otam G‘aybulloh as-Salom faqat ilm uchun jon kuydirganlar. Katta boyning yagona o‘g‘li bo‘lish­lariga qaramay, 7-sinf­dan o‘z ehtiyojlariga o‘zlari pul topganlar. Umrbod odamlarga yordam berib, savob yig‘ib, bizni ham shu ruhda tarbiyalaganlar. Ma’naviy boylikni barcha moddiy boylikdan ustun qo‘yganlar.

Ehtimol, bizni Muhammad aka bilan dunyoqarashimiz bir xil ekanligi yanada yaqinlashtirgandir. Lekin ijodkor bilan yashash uchun buning o‘zi yetarli emas, deb o‘ylayman. Men uni ham, o‘zimni ham baxtli qilish uchun o‘zim yaratgan ma’lum qoidalarga qat’iy rioya qildim, ya’ni qarindosh-urug‘, do‘st-yorlar bilan bo‘ladigan tantanalar barham berib, ularning xohishiga qarab, o‘zimni har tomonlama moslashtirdim; hamisha hushyor bo‘lib, dunyoga keladigan yangi ijod durdonasini eshitishga yoki o‘qishga shay turdim. Ya’ni, kechalari ular ijod qilayotganida bedor bo‘ldim; qiz bolaga atab yozilgan she’rlarga behuda rashk qilib janjallashmadim. Hamma kiyimlarini har qanday sharoitda shay qilib qo‘yishga harakat qildim. Chunki ularning aynan yuvilmay qolgan ko‘ylak­larini kiygilari kelib qolishi mumkin; uyda bo‘lganlarida chiqib ketmaslikka harakat qildim; uyni ozoda tutib, ishdan kelganida ovqatni darhol dasturxonga qo‘yishga intildim, negaki, besh daqiqa kechiksa ovqat yemay qo‘yishi mumkin edi; o‘zimni ham, ijodimni ham hech qachon birinchi o‘ringa qo‘ymadim (o‘z ixtiyorim bilan albatta). Balki bu boshqalarga ma’qul bo‘lmas, ammo men shunday yashadim...

– Xalqning sevimli farzandi Muhammad Yusuf nimalarni yaxshi ko‘rardi-yu, nimalarni xushlamas edi?

– Muhammad aka birovga xushomadni, yolg‘onni, ziyofatlarga, to‘ylarga borishni, ko‘p gapirishni, dangasalikni yomon ko‘rardi. 

Futbol o‘ynash, yer chopish, samimiylikni, mardlikni, qizlarini yonida olib yurishni, bo‘sh vaqtini ular bilan o‘tkazishni, umuman, oddiy odamlar bilan suhbatlashishni yoqtirardi.

– Ularning o‘ziga xos fazilatlari haqida gapirsangiz.

– U kishining bir odati bor edi: yangi ko‘ylak kiyishni yoqtirmasdi. Oldin jomashovga solib yuvdirib, ohorini to‘kib, so‘ng kiyardi. Hech qachon yangiligicha kiymas edi.

Pichoqqa juda qiziqar edi. Xonadonimizda Chust pichog‘imiz bo‘lardi. Shuni har kuni artib-surtib, yana qiniga solib qo‘yardi. Pichoqqa boshqacha e’tibor berardi.

Eng yomon ko‘rgani – pul sanash edi. Bolalarmi yoki boshqa birovmi, kim bo‘lsa ham pul so‘rasa, siqimlab berib yuboraverardi. Bir kuni, aniqrog‘i, maosh olgan kuni bir musofir yigitga tushlik olib bermoqchi bo‘lib ish joyiga chaqiribdi. U kelgunicha birov qarz so‘rab qolibdi. Bir siqim qilib bor pulini berib yuboribdi. Musofir yigit kelgach esa, ukam, endi uyda tushlik qilamiz, deb uni yayov uyga olib keldi. Chunki maoshidan yo‘lkira uchun ham pul olib qolmagan ekan. Ana shunday olijanob va qo‘li ochiq inson edi.

– Shoirning har bir she’ri mavzusi odamlar yuragidagi dard, iztirob, quvonchni sodda va ravon tilda ifodalaydi. Ammo abadiy ayriliqni ifodalovchi satrlari borki, ular kishida o‘z taqdirini oldindan bilganday taassurot uyg‘otib, yurakka og‘riq soladi...

 – Bilasizmi, xalqda «Shoirlar avliyodirlar!» degan naql bor. Muhammad aka bir intervyusida ayt­gandi: «Shoirlar she’rni o‘zlari yozmaydilar. Kimdir aytib turadi. Bo‘lmasa nega o‘zingning she’ringga o‘zing yig‘laysan...»

Yana bir intervyuda aytadilar: «She’r, bu – duo! Ehtiyot bo‘lish kerak!»

Siz aytgan bashoratgo‘y she’rlarning ko‘pi yoshligida yozilgan. Lekin o‘qisangiz, seskanib ketasiz. Masalan, «Lolaqizg‘aldoq» she’rini oling. Bu she’r shoirning o‘zi haqidagi bashorati. Qarangki, dala-hovlida yonma-yon yashagan Shavkat Rahmonning bevaqt o‘limi munosabati bilan iztiroblari uyg‘unlashib ketdi va she’rni yosh vafot etgan qadrdoniga bag‘ishladi.

Aslida u she’r ham tasodifan yozilmagan.

Xulosa qilish mumkinki, asl shoirlar bashoratgo‘ylardir. Ular o‘z hayotini oldindan bashorat qiladi, his qiladi, kelajakni ko‘ra oladi...

– Xalqimiz tilida aytganda, bugun shoirning oxiri obod, uyi chiroqlari yoniq, xotirasi abadiy tillarda va dillarda. Uning ishini shogirdlari, siz va qizlari davom ettiryapsizlar. Farzandlar, nevaralar chehrasida, kamolotida, xislatlariyu xatti-harakatlarida bobosiga o‘xshashlikni ko‘rganingizda ko‘nglingizdan nimalar kechadi?

– Bilasizmi, hayot o‘zi muallim, deydilar-ku! Yoshing ulg‘aygan sari xulosalaring o‘zgarib borar ekan. Bugun farzandlar yagona ovunchog‘im, quvonchim, nevaralar hayotimning mazmuniga aylangan. 

Yuragimdagi eng katta qo‘rquv – otasining qalami stolda qolib ketarmikin, degan hadik edi. Yaratganga shukrki, bu masalada hayot meni siyladi: kenja qizim Madina adabiyot, she’riyat ixlosmandi. U betak­ror she’rlar yozib, qalbimning tubidagi armonlarimni aritdi.

Nevaram Bilol ham she’rlar yozadi. Faqat hozircha oshkor qilmayapti. Bir kuni iste’dodi bo‘y ko‘rsatishiga ishonaman. Otasi to‘ng‘ichim Ma’sudaning telejurnalist bo‘lishiga ishonib, duo bergan. Nozimam otasining qadrdon do‘s­ti Sirojiddin Sayyidning yordamida faoliyat yuritmoqda. Otasining ziyoratiga keluvchilar bilan suhbatlashib, otasini ko‘rganlardan kuch olib, quvonib yashamoqda.

Nevaram Filiz esa qaynonamning fe’l-atvorini ko‘chirib olgan: og‘ir, mulohazali, zehnli, dono. Uning siymosida qaynona oyijonimni ko‘raman. Islombegim esa boy bo‘laman, dodamning muzeyini quraman, deydi.

Xullas, ularning har birida Muhammad akaning bir bo‘lagi bor.

Uning ruhini shod qiladigan farzandu nabiralar tarbiyalayotganimdan g‘ururlanib qo‘yaman.

Men ular bilan tirikman!

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqining sevimli shoiri Muhammad Yusufning yuksak ijodiy faoliyatida sizdek sevimli rafiqasining hissasi ulug‘ligini e’tirof etib, sizni ham «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlagan edilar. Albatta, shoirning ayoli uchun bu – ulkan baxt, shunday emasmi?

– Ochig‘i, bunday taqdirlovni kutmagan edim. O‘zbek ayoli aslida eri uchun nimaningdir ilinjida mehnat qilmaydi va bu mehnat doim pinhona bo‘lib kelgan.

Prezidentimiz ijodkorlarimizni qadrlab kelar ekan, bu ijodkorning orqasida barcha mashaqqatni teppa-teng tortib kelayotgan rafiqalari ham qadrlanishi kerak, degan so‘zlarni katta sahnadan baralla aytdi. Bu tarixiy voqea bo‘ldi.

Men «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenini nafaqat ijodkorning ayoli sifatida, balki ijodkor ayolning ham mehnatlari haqqi-hurmatiga berildi, deb qabul qildim. Chunki Prezidentimiz mening ko‘ksimga ordenni taqayotib: «Men sizni qanday taqdirlashni uzoq o‘yladim. Siz shunga loyiqsiz!» dedi. Demak, ular mening ijodkor ekanligimni ham e’tiborga olgan, degan xulosaga keldim.

Bu ijodkorning ayoli uchun ham, ayol ijodkor uchun ham katta e’tibor! 

Saodat MATYoQUB qizi suhbatlashdi

(«Adolat» gazetasidan)

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring