Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiya ukrain bolalarini Shimoliy Koreya lagerlariga olib ketyapti – Bild

Rossiya ukrain bolalarini Shimoliy Koreya lagerlariga olib ketyapti – Bild

Ukraina bolalarining Rossiya tomonidan majburiy ravishda olib ketilishi va qayta tarbiyalashga urinishlari yanada jiddiy tus olmoqda, deb yozmoqda Germaniyaning Bild nashri.

Nashrning ma’lum qilishicha, ukrainalik huquq himoyachisi Katerina Rashevskaya AQSh Kongressining Senat qo‘mitasi oldida chiqish qilib, ukrain bolalarining ayrimlari hatto Shimoliy Koreya lagerlarigacha olib ketilayotganini aytgan.

Rashevskayaning aytishicha, hozirgacha ikki aniq holat – Donetsk viloyatidan 12 yoshli Misha va Simferopol shahridan 16 yoshli Lizalarning Shimoliy Koreyaga olib ketilgani hujjatlashtirilgan. Ularning har ikkisi Shimoliy Koreyaning Sondovon lagerlaridan biriga, vatanidan 9 ming km uzoqlikka olib ketilgan.

Bu ma’lumot Senat qo‘mitasining maxsus yig‘ilishida ochiqlangan bo‘lib, maqsad – Rossiyaning bolalarni ommaviy ravishda o‘g‘irlashi masalasining ko‘lamini aniqlash bo‘lgan.

Ukrainaning rasmiy «Bolalar urushi» ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 2022 yil fevraldan beri Rossiya nazoratidagi hududlardan kamida 19 ming 546 ukrain bolasi olib ketilgan.

Ularning katta qismi Rossiya hududlariga yoki Rossiya bosib olgan mintaqalarga joylashtirilgan. Ko‘plab bolalar, Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, majburiy ravishda rus oilalariga berilib, fuqaroligi almashtirilgan.

Rashevskayaning qo‘shimcha qilishicha, 165 nafar bolaga tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va ular turli harbiy yoki «vatanparvarlik g‘oyalari» o‘qitiladigan lagerlarda ideologik qayta ishlovdan o‘tkazilmoqda.

«Bu lagerlar orasida Belarusdagi ob’yektlar ham bor», – deydi ukrainalik huquq himoyachisi.

Bu jarayon inson huquqlari bo‘yicha xalqaro normalarni qo‘pol ravishda buzadi va ayni vaqtda Rossiyaning Xalqaro jinoyat sudidagi ishlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Ukraina va G‘arb mamlakatlari Rossiyani bolalar orqali demografik va ideologik bosim o‘tkazishda ayblamoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring