Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Namanganning Pop tumani tarixi hazrati Bob Farg‘oniyga borib taqaladi

Namanganning Pop tumani tarixi hazrati Bob Farg‘oniyga borib taqaladi

Foto: «Vodiymedia.uz»

Hazrati Bob Farg‘oniy qadimiy Farg‘onaning mashhur shayxlaridan bo‘lib, «Bob» taxallusi bilan nom qozongan. Bu haqda «Vodiymedia.uz» saytida xabar tarqatildi.

«Bob» so‘zining ma’nosiga Muhammad G‘iyosiddin bin Jaloliddin o‘zining «G‘iyos ul-lug‘ot» asarida quyidagicha ta’rif beradi: ««Bob» so‘zi arab tilida darvozani anglatadi. Turkiy va forsiy tilda esa «mutanosib», «muvofiq», «loyiq» degan ma’nolarni beradi».

Hazrati Bob Farg‘oniy haqida ma’lumotlar juda kam saqlanib qolgan. Faqatgina Abdurahmon Jomiy o‘zining «Nafahot ul-uns min hazarot il-quds» (Hamsuhbatlarning yoqimli iforlari) nomli tazkirasida Bob Farg‘oniyga nisbatan shunday ta’rif beradi: «Bu kishining nomi Umar bo‘lib, Farg‘oniydir. U diyorning darveshlari, buyuk shayxlari va donishmandlarini Bob deb ataganlar. Shunga ko‘ra, ushbu alloma Bob laqabi bilan shuhratlanganlar. Bob Farg‘oniy karomatliklari sezilib va ko‘rinib turgan ulug‘ kishi edilar».

Hazrati Bob Farg‘oniyning aniq tug‘ilgan va vafot etgan sanalari to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emasligi sababli, u kishi taxminan X asrda yashab o‘tgan deb faraz qilinadi.

Hazrati Bob Farg‘oniy umrining so‘nggi yillarini o‘ziga nisbat berilgan Bob mavzesida o‘tkazgan va shu yerda vafot etgan. Hozirda bu joy Pop tumanining markazi sanaladi.

Foto: «Vodiymedia.uz»

Pop tumani markazida «Hazrati Bob» qabristoni mavjud bo‘lib, Hazrati Bob Farg‘oniyning hoki ham shu yerga dafn etilgan.

Pop tumanida yashovchi, 1949-yilda tug‘ilgan, bir necha yil tarix fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan, Sadriddin Normatovning fikriga ko‘ra, Hazrati Bob Farg‘oniy mamlakatimizning 4 ta tasavvuf ilmi va diniy ahkomlaridan biri bo‘lib, Imom al-Buxoriyga tenglashtirilgan.

Shuningdek, allomaning qabri dastlab maqbara ko‘rinishida bo‘lib, 1927-yilda maqbara buzib tashlangan. Aniqlanishicha, hozirgi kungacha mahalliy aholi Hazrati Bob Farg‘oniy qabrlarini ziyorat qilib kelishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring