Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olis cho‘l hududidagi maktab o‘qituvchisi BYD bilan mukofotlandi

Olis cho‘l hududidagi maktab o‘qituvchisi BYD bilan mukofotlandi

Foto: Xabar.uz

Buxoroning olis hududida dars beruvchi o‘qituvchi BYD avtomobili bilan taqdirlandi. 

Joriy yilning 15 sentyabr kuni «Ustoz va murabbiylar kuni» arafasida Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’lim va tarbiya sohasi vakillari bilan uchrashar ekan, yosh ilm sohiblarining sa’y-harakatlarini, innovatsion g‘oyalari, jamiyat uchun foyda keltirishga qaratilgan mehnatlarini e’tirof etdi.

Buyuk Britaniyaning Reding universitetini imtiyozli diplom bilan tugatgan, «El-yurt umidi» stipendianti Billura Ikromova prezident bilan yuzma-yuz muloqotda ta’lim yo‘lidagi izlanishlaridan tashqari, O‘zbekistonga investitsiyalar olib kirishga hissa qo‘shishi uchun shay ekani, buning uchun qator loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tuzganini dadil ifodaladi.

Mamlakat rahbari o‘z ilm salohiyati orqali O‘zbekiston va uning kelajagi uchun qayg‘urayotgan Billura kabi yosh o‘qituvchilarni hamisha qo‘llab-quvvatlash lozimligini ta’kidlagan.

Romitan tumanida tug‘ilgan Billura Ikromova o‘z yashash manzilidan 250 kilometr uzoq cho‘l hududi - Qizilravot qishlog‘ida joylashgan 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ingliz tilidan saboq berib kelgan. Bir necha yildan buyon ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lmagan maktabda ishlab kelayotgan Billura yuzlab o‘quvchilarini fan olimpiadalarigacha yetaklagan. O‘quvchilarga saboq berish yo‘lida samarali natijalarga erishgan yosh pedagog yurtga investitsiyalar jalb qilish loyihalarini ham yaratgan.

Yosh o‘qituvchi - Billuraning harakatlari qo‘llab-quvvatlandi. Ilm yo‘lidagi fidoiyligi mukofotsiz qolmadi: u Prezident sovg‘asi - BYD elektromobili bilan taqdirlandi.

Xuddi shuningdek, Buxoro davlat texnika universiteti doktoranti Abubakir Atoyev ham Prezident sovg‘asi – BYD avtomobili bilan taqdirlandi. U «Eng yaxshi g‘oya» respublika tanlovida «Suv taqsimlash inshootlari uchun vertikal o‘qli mikroGES ishlab chiqish” g‘oyasi bilan ishtirok etib, birinchi o‘rinni egallagan.

«Tadqiqotimning asosiy maqsadi – mavjud suv taqsimlash inshootlaridan samarali foydalanib, energiya ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir. Mamlakatimizdagi ko‘plab kanallar va suv inshootlarida suv oqimining potensial energiyasi yetarli darajada mavjud. Ammo, bu imkoniyatlardan elektr energiyasi ishlab chiqarishda to‘liq foydalanilmayapti. Shuning uchun ham «Vertikal o‘qli mikroGES» texnologiyasini ishlab chiqish ushbu muammoni hal etishga xizmat qiladi», –deydi yosh olim.

Uning tomonidan taklif etilgan «Suv taqsimlash inshootlari uchun vertikal o‘qli mikroGES» texnologiyasi, nafaqat, innovatsion, balki, iqtisodiy va ekologik jihatdan ham samarali yechim, deb topilgan.

Ushbu tashabbus mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish salohiyatini oshirish, energiya mustaqilligini ta’minlash va ekologiyani muhofaza qilish sohalarida muhim qadam hisoblanishi aytib o‘tilgan.

«Ilm va yaratuvchanlik yo‘lida e’tirof etilgan buxorolik yoshlarning e’tirof etilgani - davlat rahbariyatining bilimli, tashabbuskor, vataniga xizmat qilishga tayyor yoshlarga bo‘lgan ishonchi, ularni faqat kuzatuvchi emas, balki, taraqqiyotga yetaklovchi kuch sifatida ko‘rayotganining amaldagi isbotidir. Demak, davlatning e’tibor markazida bo‘lish uchun yoshlardan faqatgina ilm, mehnat va yurtga muhabbatni talab qiladi. Bunda hech qanday to‘siq, hech qanday cheklov yo‘q»,-deydi Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Adilov.

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring