Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Orol dengizining qariyb 400 ming gektar qurigan hududiga saksovul ekildi

Orol dengizining qariyb 400 ming gektar qurigan hududiga saksovul ekildi

Foto:«Xs.uz»

Joriy yil 18-fevral holatiga ko‘ra, Orol dengizining qurigan maydoniga saksovul ekish uchun 917,2 ming gektar yer maydoni ekishga tayyorlangan. Uning 363 ming gektariga saksovul urug‘i ekilgan. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

Avvalroq, dengizning qurigan hududidan chuchuk suv topilgani ma’lum qilingandi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshchiligida tuzilgan tezkor shtab tomonidan taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra, tayyor urug‘ni idishlarga joylashtirish, ekish maydonlarini tayyorlash, ekish va boshqa tadbirlarda jami 1 ming 560 kishi ishtirok etgan. Bu ishlarga 462 texnika va 2 samolyot jalb qilingan.

Shuningdek, samolyot yordamida 266 ming gektar maydonga saksovul urug‘i sepilgan bo‘lsa, traktor yordamida 96,5 ming gektar yerga ekilgan. Bugungi kungacha 1 ming 321 tonnadan ortiq saksovul urug‘i yig‘ilgan. Uning 260 ming kilogrammdan ortig‘i mahalliy aholi tomonidan yig‘ilib, ularga mehnat haqi o‘z vaqtida berib kelinmoqda. Hozirgi kunga qadar 4 milliard so‘mdan ortiq pul mahalliy urug‘ yig‘uvchilar mehnatiga to‘langan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi Uzaqbergen Utambetovning aytishicha, saksovul urug‘ini kuz va qish oylarida ekkan ma’qul. Chunki urug‘ qish bo‘yi qor, yomg‘ir suvi ostida yotadi va bahorda o‘sib chiqishi uchun yaxshi imkoniyat yaratiladi.  Ekishga tayyorlangan maydonlarga darhol urug‘ sepish yoki ko‘chat o‘tqazish yaxshi samara bermaydi. Chunki tuproq sho‘r, ekilgani bilan tuz o‘ldirib tashlaydi. Shuning uchun ekish uchun qazilgan ariqlar ma’lum bir vaqt talab qiladi. U ariqlarga shamol yordamida unumdor tuproq kelib joylashganidan keyin ekish mumkin. Orolning qurigan maydonidagi saksovullar orasiga yovvoyi hayvonlar va chorva uchun ozuqabop ekinlar ham ekilmoqda. Dengizning qurigan maydonlarida 40 ta artezian qudug‘i qaziladigan bo‘ldi. Chuchuk suv chiqyapti. Bu kelajakda chorvachilikni rivojlantirish imkonini beradi, degani. Qator xorijiy va mahalliy hamkorlarimiz saksovullar orasiga dorivor giyohlar ekish ishlarini ham boshlamoqchi. Bu ham o‘ta istiqbolli loyiha.

Joriy yilda dengizning qurigan maydonida 500 ming gektar hududga saksovul ekiladi.

Darhaqiqat, ushbu ekologik ofatdan eng ko‘p Mo‘ynoq xalqi aziyat chekib kelmoqda. Ayniqsa, iyul-avgust oylarida nihoyatda katta chang-to‘zon havoga ko‘tariladi. Himoya o‘rmonlari barpo qilinsa, ushbu muammolar barham topadi.

Ayni paytda Orolda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarda barcha viloyatlardan kelgan hasharchilar faol ishtirok etmoqda. Hasharchilar uchun sharoitni yaxshilash maqsadida vagon uylar olib kelingan. Tashkil qilingan 13 ta otryadda aloqa vositalari o‘rnatilgan. Ishchilar vaqti-vaqti bilan almashib ishlamoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring