Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Otamdan aylanay, otamdan!»

«Otamdan aylanay, otamdan!»

Tirikchiligining tayini bo‘lmagan, so‘rasangiz «ish yo‘q, o‘qimaganman-da, nima qilay?» deya javob beradigan ayrim yoshlarni ko‘rganda rahmatli otamning bola paytimizda aytib bergan bir hikoyasi yodimga tushadi.

Qadimda bir boy va kambag‘al devor-darmiyon qo‘shni bo‘lib, ularning bir nafardan tengqur o‘g‘li bor ekan.

Boyning bolasi, turgan gap, otasining topganini katta-katta yeb katta bo‘libdi.

Kambag‘alning bolasi otasining qavatiga kirib, har ishda yordamchi bo‘lib voyaga yetibdi.

Vaqti-soati yetib, boy ham, kambag‘al ham chin dunyoga ravona bo‘libdi.

Boyning bolasi ota vafotidan so‘ng qolgan merosni yelga sovuribdi. Hatto yeyishga non qolmaganidan qamish o‘rishga yollanishga majbur bo‘libdi.

Ittifoqo, kambag‘alning bolasi qamishzordan o‘tayotib, qo‘shnisi va tengquri bo‘lmish boyvuchchaning qamish o‘rayotgani ustidan chiqibdi.

Bir-biridan hol-ahvol so‘rashibdi.

Boyning bolasi ahvolidan hijolat tortibdi. Ilojsizlikdan bir bog‘ qamishni bir tanga evaziga o‘rib berayotganini aytibdi. «Har sermaganda o‘roq toyib, qamish qo‘limni tilib ketyapti. Azondan beri o‘rganim arang bir bog‘ bo‘ldi», deb odam quchog‘iga zo‘rg‘a sig‘adigan qamish uyumini ko‘rsatibdi.

Kambag‘alning bolasi uning gaplarini eshitarkan: «Qani, menga o‘roqni ber-chi?» ishga tushib ketibdi.

Avval o‘roqni yaxshilab qayrabdi. So‘ng har o‘roq sermaganda «Qamish o‘rishni o‘rgatgan otamdan aylanay, otamdan!» debdi. O‘rilgan qamishlarni bir tutam-bir tutam qilib bog‘larkan, «nechta qamish bir bog‘lam bo‘lishini anglatib ketgan otamdan aylanay, otamdan!» debdi. O‘rilgan qamishlarga bog‘lab yasarakan, «Bog‘lamlar qanday bo‘lishini uqtirib ketgan otajonimdan aylana-yey!» debdi tag‘in...

Ma’lum bo‘lishicha, boyning bolasi qamishni qanday o‘rishni ham, qanchasi bir bog‘ bo‘ladi-yu ular qanday bog‘lanishini ham bilmas ekan. Amal-taqal qilib o‘rgan bir uyum qamishi nechta bog‘ chiqishini bilmayotganining boisi shunda ekan-da...

...Nima demoqchimiz?

Bugun Xudoning sinovi sabab ko‘plarimiz uydamiz. Bundan hikmat izlaylik, azizlar! Bu kunlar ham g‘animat aslida. Pandemiya sabab fursat tug‘ildiki, ota-bobolarning pand-nasihatlarini farzandlarga yetkazishning ayni vaqti hozir. Qadriyatlarimizga qaytish, ularni farzand-nabiralarga yetkazish uchun bundan qulay fursat bormi?!

Bobolarimizning har so‘zi hikmat, qilgan ishi esa katta ibratdir! Ularni yosh avlodga yetkazish kattalar zimmasidagi omonatdir.

Otalardan qoladigan chin meros mol-mulk emas, yaxshi TARBIYa hisoblanadi. Chin tarbiya zamirida esa farzandni halol MEHNAT QILIShga o‘rgatmoqdir. Tokim, bizdan keyin farzandlarimiz «otamdan aylanay, otamdan!» deydigan bo‘lsin.

Ota uchun bundan ulug‘ saodat bormi o‘zi?!

Endi o‘zimizga kelsak.

...Bolalikdan qo‘limizga o‘roq berib, o‘t o‘rishni, undan bog‘liq eshishni, so‘ng qanday bog‘lashni, tok orasini chopishdan boshlab, uni kesish va ko‘minishni, qo‘y boqish yoki qo‘ra tozalashmi, yerga ekin-tekin ekishmi, qisqasi, MEHNAT QILIShga o‘rgatgani uchun bir padari buzkurvorimdan umr minnatdorman.

Mehnat qilishni o‘rgatgan otamdan aylanay, otamdan!

Xolmo‘min Yodgorov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring