Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda birinchi marta jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

O‘zbekistonda birinchi marta jigar transplantatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

Foto:«Xalq so‘zi online»

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining «Xalq so‘zi online»ga bergan xabariga ko‘ra,o‘tgan yildan boshlab Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazida yaqin qarindoshlar o‘rtasida buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinmoqda. Kuni kecha markazda mamlakatimiz tibbiyoti tarixida birinchi marta bemorga tirik donor qarindoshdan jigar bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajarildi. Operatsiya Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy xirurgiya markazi direktori, akademik Feruz Nazirov va Rossiyaning Akademik V. I. Shumakov nomli Transplantologiya va sun’iy a’zolar Milliy tibbiy tadqiqot markazi direktori, akademik Sergey Gote rahbarligida o‘tdi.

Parkentlik 26 yoshli bemor Ubaydulla Dadaxo‘jayev uzoq yillardan buyon jigar sirrozi xastaligidan aziyat chekardi. Uning ahvoli kundan-kunga yomonlashib borar va dori-darmonlar bilan davolash deyarli imkonsiz edi. Umrining eng gullagan bir davrida shunday og‘ir dardga chalinish, dard bemor hayotini xavf ostiga qoldirayotganini tan olish butun oila uchun musibat. Bugun shifokorlarimiz o‘z mahorati, bilim va amaliy tajribasi bilan bir inson hayotini saqlab qoldi va kelgusida shunday bemorlarga tibbiy yordam berish tajribasini yo‘lga qo‘ydi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabarida.

Transplantatsiya jarrohligi zamonaviy tibbiyotning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu soha rivojiga davlat darajasida e’tibor qaratib kelayotgani ham uning naqadar muhimligini isbotlaydi. Jigar sirrozi bilan og‘rigan bemor hayotini saqlab qolishning yagona yo‘li — transplantatsiya amaliyotini o‘tkazish hisoblanadi. Markazimizda o‘zbek va rus jarrohlari hamkorligidagi guruh bilan ilk bor jigar sirrozi bilan og‘rigan 26 yoshli bemorga uning akasi 30 yoshli Hayot Dadaxo‘jayev donorligida jigar bo‘lagi transplantatsiyasi bajarildi. Jarayonda 21 nafar shifokor, 10 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi. Aytib o‘tish lozim, amaliyotga katta tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lib, markazning texnik imkoniyatlari yaxshilanib, mutaxassislarimiz AQSh, Fransiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Shveysariya va Rossiya Federatsiyasi kabi davlatlarda ayni shu soha bo‘yicha malaka oshirib qaytishdi. Avvalo donor va retsipiyent (bemor) ushbu amaliyotga 3 oy davomida tayyorlandi. Transplantatsiyaga ko‘rsatma va qarshi ko‘rsatmalar to‘liq o‘rganildi va amaliyotni o‘tkazish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilindi. Operatsiya jarayoni qariyb 15 soat davom etdi. Hozirgacha olingan barcha tahlillar bemor va donorning umumiy salomatligi yaxshi ekanini ko‘rsatmoqda. Shu ma’noda ayta olamizki, birinchi marta o‘tkazilgan ushbu murakkab operatsiya muvaffaqiyatli bajarildi.

Feruz Nazirov,

Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan

ilmiy-amaliy xirurgiya markazi direktori, akademik 

Belgilangan tartibga ko‘ra, transplantatsiyadan keyin donor va retsipiyent kamida uch yil davomida profilaktik dispanser ko‘rigi bilan ta’minlanadi. Hududdagi oilaviy poliklinikada ham ularga alohida ko‘riklar tashkil etilib, doimiy patronaj nazoratiga olinadi. Bundan tashqari, qonunchilikda belgilangan tartibda ular tegishli dori vositalari bilan ham ta’minlanadi.

Foto:«Xalq so‘zi online» 

Ma’lumot uchun, jigarning terminal bosqichdagi surunkali diffuz kasalliklari, o‘tkir jigar yetishmovchiligi, rezeksiya qilinmaydigan manbali jigar kasalliklari kabi holatlarda faqatgina shu a’zo transplantatsiyasi bemor hayotini saqlab qolishi mumkin. Bunday yuqori texnologik operatsiyalar Amerika, Rossiya, Germaniya, Norvegiya, Shveysariya va Hindiston kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlardagina bajariladi, xolos. Bugun yurtimiz ushbu mamlakatlar qatoridan joy oldi.

Transplantologiya tibbiyotning eng murakkab, o‘ta mas’uliyatli va ayni paytda, ehtiyoj ortib borayotgan yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Sir emas, ilgari zarurat tufayli ayrim bemorlar chet davlatlarga borib, 40 mingdan 150-200 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan narxlarda ana shu jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘layotgan edi. Mana, endi shunday murakkab va noyob operatsiyalar yurtimizdagi tibbiyot markazlarida ham muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring