O‘zbekistonda bo‘sh ish o‘rinlari soni bir yilda qariyb 10 foizga oshgan
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston mehnat bozorida ish beruvchilarning xodimlarga bo‘lgan talabi oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori sharhida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yil boshida bo‘sh ish o‘rinlari soni biroz kamaygan bo‘lsa-da, mart oyida vaziyat o‘zgargan. Xususan, mart oyida e’lon qilingan vakansiyalar soni 15,4 mingtaga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,8 foizga ko‘paygan.
Ishchi kuchi ayniqsa xizmat ko‘rsatish, chakana savdo, umumiy ovqatlanish, qurilish va ishlab chiqarish sohalarida ko‘proq talab etilmoqda.
Shu bilan birga, ish qidirayotganlar soni ham o‘sishda davom etmoqda. HeadHunter Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi chorakda faol rezyumelar soni 31,5 foizga oshib, 636 ming nafarga yetgan. Bu mehnat bozorida raqobat kuchayib borayotganini anglatadi.
Tahlillarga ko‘ra, yangi ish o‘rinlarining asosiy qismi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayniqsa, moliya, sug‘urta, professional xizmatlar va ma’muriy sohalarda bandlik o‘sgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yakunida mamlakatda ishsizlik darajasi 4,8 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra, 2026-yilning ikkinchi choragida ham korxonalar, ayniqsa xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida yangi xodimlarni ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda. Bu esa mehnat bozorida ijobiy tendensiyalar saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter