Pekin – Toshkent aviareyslari haftasiga yetti martagacha oshirilishi mumkin
Uzbekistan Airports kompaniyasida Air China aviakompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va aviaqatnovlar sonini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Pekin – Toshkent – Pekin yo‘nalishidagi muntazam reyslar sonini haftasiga uch martadan yetti martagacha ko‘paytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, Air China aviakompaniyasining O‘zbekistondagi parvozlar geografiyasini kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Uzbekistan Airports vakillari xalqaro reyslarni qabul qilish imkoniyatiga ega hududiy aeroportlarning infratuzilma salohiyatini taqdim etdi.
Ma’lum qilinishicha, Xitoy tomoni, ayniqsa, Farg‘ona vodiysi aeroportlariga qiziqish bildirgan. Air China vakillari ushbu hudud bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaaloqalarni yo‘lga qo‘yish istiqbollarini o‘rganishga tayyor ekanini bildirib, bu yo‘nalish turizm, biznes va gumanitar aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter