Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Prezident Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Atoqli davlat va jamoat arbobi, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi Ismoil Hakimovich Jo‘rabekov shu yil 28 sentyabr kuni 94 yoshida vafot etdi.

I.H.Jo‘rabekov 1931 yil 12 sentyabrda Samarqand shahrida ishchi oilasida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida muhandis-gidrotexnik mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim oldi. Mehnat faoliyatini 1955 yilda Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi 8-jamoa xo‘jaligida muhandis-gidrotexnik sifatida boshladi. Keyinchalik ushbu tumanda Sug‘orish markazi boshlig‘i, O‘zbekiston suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Samarqand viloyati qurilish-montaj boshqarmasi boshlig‘i,  “Suvqurilish” tresti boshqaruvchisi, suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari, melioratsiya va suv xo‘jaligi vaziri kabi mas’ul lavozimlarda samarali mehnat qilib, respublikamizda irrigatsiya va melioratsiya sohasini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi.

Tashkiliy-xo‘jalik ishlariga rahbarlik qilish borasida  katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan I.H.Jo‘rabekov 1985 yilda yanada mas’uliyatli vazifa – O‘zbekiston Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Vatanimiz istiqlolga erishganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida davlatimiz mustaqilligining ijtimoiy-iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatimiz oldida turgan g‘oyat serqirra va keng ko‘lamli vazifalarni bajarish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatdi. Xususan, ijro hokimiyati institutlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, mahalliy hokimliklar ishini muvofiqlashtirish, qishloq xo‘jaligida  islohotlarni amalga oshirish, fermerlik harakatini rivojlantirish, sohaning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida tashkilotchilik va tashabbuskorlik fazilatlarini namoyish etdi.

I.H.Jo‘rabekov Davlat suv nazorati boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi lavozimlarida ham samarali faoliyat olib bordi.

Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimizni amalga oshirishda I.H.Jo‘rabekov, mo‘’tabar yoshda bo‘lishiga qaramasdan, suv xo‘jaligi vazirining maslahatchisi sifatida xizmat qilib, o‘zining boy bilim va tajribasi, qimmatli maslahatlari bilan sohani rivojlantirish, yosh kadrlarni tarbiyalash ishlarida faol ishtirok etdi.

I.H.Jo‘rabekovning xalqimiz va Vatanimiz oldidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator” faxriy unvoni,  “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlandi.      

Taniqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon ustozi Ismoil Jo‘rabekovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva,

N.Ismoilov, A.Aripov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring