Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Propiska cheklovlarini bekor qilish muddati o‘tib ketdi, ammo bu mas’ullarning «esidan chiqdi»

Propiska cheklovlarini bekor qilish muddati o‘tib ketdi, ammo bu mas’ullarning «esidan chiqdi»

O‘zbekistonda hamon mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligi yo‘qolmadi.

Foto: «Gazeta.Uz»

O‘zbekistonda hamon pasport olish, ta’lim olish, mehnat qilish va boshqa huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bog‘liq cheklovlar bartaraf qilinmadi-, deb yozadi protoday.uz sayti.

O‘zbekistonda hamon voyaga yetmagan shaxsning belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlik qo‘llash davom etmoqda;

O‘zbekistonda hamon mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligi yo‘qolmadi;

O‘zbekistonda hamon mavsumiy ishlarga (qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda) jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimi o‘zgarmadi, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabi amalda;

Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha amaldagi talablar soddalashtirilmagan;

Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyasiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilinmagan;

Shuningdek, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmasdan) bo‘lish muddatini uzaytirilmadi, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik uchun ma’muriy jazo choralari, yashashga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlik bekor qilinmadi.

Holbuki, 2018-yilning 22-yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni imzolangan, davlat dasturining 56-bandiga ko‘ra, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlarini ta’minlash maqsadida doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish, yuqorida keltirilgan cheklovlarni bekor qilish nazarda tutilgandi.

Belgilangan loyihalarga ijro uchun mas’ullar — Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, IIV, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga 20-mart kunigacha muddat berilgandi. Ishchi guruh esa ishlashda davom etmoqda. Bugun esa 25-mart (maqola 25-mart kuni e’lon qilingan- xabar.uz izohi). Biroq ijrodan darak yo‘q. Mas’ullar shu muddatgacha bajarish lozim bo‘lgan ishlarni kechiktirishmoqda.

Natijada hanuz pasport olishda cheklovlar kuzatilmoqda, hanuz vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tmagan viloyatlik mutaxassisga ish bergan ish beruvchiga 1.722.400 so‘mdan 2.583.600 so‘mgacha bo‘lgan miqdorda jarima solinmoqda, tadbirkorlik qilish uchun ham propiska so‘ralmoqda.

Vaholanki, aynan prokuratura organlari xodimlari bilan bo‘lgan uchrashuvda prezident «ikkita ishchi o‘rnini yaratgan tadbirkorni boshimda ko‘tarishga tayyorman» degan edi.

Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlar amalda, Toshkentga mehmon bo‘lib, bir hafta propiskasiz yashagan fuqaro jarima ham to‘lab ketadi, kamiga uni o‘z uyiga qo‘ygan mezbon ham qimmatga tushadi, bu chuqur o‘ylanmay qilingan siyosat ichki turizm rivojlanishiga ham to‘siq bo‘lib kelmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mutasaddi tashkilotlar davlat dasturining ijrosini o‘z vaqtida ta’minlamas ekan, Harakatlar strategiyasining bu yilgi ijrosi kechikkandan kechikib boradi. Oddiy xalq esa sarson-sargardonlikda hayotini davom ettiradi. Umid so‘nib bordi. Ishonch kamayadi. Bundan kimga foydayu kimga zarar?!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring