Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Propiskaga qo‘yish va chiqarish. Davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti loyihasi ishlab chiqildi

Propiskaga qo‘yish va chiqarish. Davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti loyihasi ishlab chiqildi

Foto: «Xabar.uz»

Fuqarolarni doimiy propiska qilish va propiskadan chiqarishga doir davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti loyihasi ishlab chiqildi va regulation.gov.uz  saytida joylashtirildi.

Loyiha fuqarolarni doimiy propiska qilish va propiskadan chiqarish sohasidagi davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada soddalashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ushbu ma’muriy reglament O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Qoraqalpog‘iston Respublikasida va viloyatlarda (Toshkent viloyati va Toshkent shahrida tashqari) doimiy propiska qilish va propiskadan chiqarishga doir davlat xizmatini ko‘rsatish tartibini belgilaydi.

Endilikda ushbu xizmat Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladi.

Ma’muriy reglament orqali fuqarolarga kompozit xizmat — ya’ni bir vaqtning o‘zida turkum xizmatlar ko‘rsatilishi rejalashtirilmoqda.

Jumladan, fuqaro doimiy propiskadan chiqish yoki propiska qilish uchun Davlat xizmatlari markazlariga qilgan murojaati orqali bir vaqtning o‘zida unga doimiy propiskaga doir xizmat bilan birga, harbiy hisobga qo‘yish va undan chiqarishga doir xizmatlar ham ko‘rsatiladi.

Ushbu orqali davlat xizmatini ko‘rsatish jarayoni yanada soddalashtirilib, fuqarolarning ichki ishlar va mudofaa organlariga bir necha marotaba murojaat qilishining oldi olinmoqda.

Bundan tashqari, Reglamentga muvofiq, taqdim etiladigan hujjatlar, to‘ldiriladigan turli blank va shakllar soni keskin qisqartirilib, barcha harakatlar elektron tizim orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Jumladan, amaldagi uy daftari, qayd etish kartochkasi, kvartiralar bo‘yicha kartochka, ketish manzil varaqasi, kelish manzil varaqasi kabilar chiqarib tashlanib, birgina so‘rovnomani to‘ldirish orqali ushbu ma’lumotlar to‘liq elektronlashtirilishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, fuqaro doimiy propiska qilish uchun murojaat qilganda tegishli so‘rovnomani uning nomidan Davlat xizmatlari markazi xodimi to‘ldiradi, so‘rovnomaga uy-joy hujjatlari va boshqa tegishli hujjatlarning faqatgina ro‘yxat raqami (masalan, kadastr raqami) kiritilib, asl nusxasi murojaat etuvchiga qaytarib beriladi.

Bunda, ushbu hujjatlar elektron tizim orqali tegishli manfaatdor vazirlik va idora tomonidan (masalan, kadastr raqami orqali turar joy va uning egasi haqidagi ma’lumotlar «Yergeodezkadastr» davlat qo‘mitasi tomonidan, FHDYo hujjatlari va notarial tasdiqlangan hujjatlar — Adliya vazirligi tomonidan) tekshiriladi.

Ushbu amaliyot doimiy propiska uchun soxta hujjatlarni taqdim etishga doir huquqbuzarliklarning oldi olinishiga xizmat qiladi.

Fuqaro endilikda doimiy propiskadan chiqqanligi va ushbu munosabat bilan harbiy hisobdan chiqqanlik uchun ichki ishlar va mudofaa organlariga pasport va harbiy guvohnomaga tegishli muhr qo‘ydirish maqsadida murojaat qilmaydi.

Ushbu harakatlar doimiy propiska qilish va harbiy hisobga qo‘yishga doir xizmat ko‘rsatilishi yakuni bo‘yicha bir vaqtning o‘zida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, amaldagi tartibdan farqli ravishda fuqarolardan taqdim etilayotgan hujjatlar soni qisqartirilganligi oqibatida tegishli hujjatlardan nusxa ko‘chirish, shuningdek uy daftari, qayd etish kartochkasi, kvartiralar bo‘yicha kartochka, ketish manzil varaqasi, kelish manzil varaqasi kabi turli blank va shakllarni to‘ldirganlik uchun pullik xizmatlarga ketadigan xarajatlarning oldi olinmoqda. 

Davronbek Ravshanbekov,
Davlat xizmatlari agentligi bo‘lim boshlig‘i

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring